10.11.2026
Antaliya shahrida boʻlib oʻtayotgan COP31 sammiti doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Muloqot chogʻida ushbu yetakchi moliyaviy institut bilan strategik sheriklikni yanada kengaytirishning amaliy jihatlari koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston olti yildan buyon YTTBning mintaqadagi eng yirik moliyaviy hamkori boʻlib kelmoqda. Loyihalar portfeli 7 milliard dollardan, 2025-yilda amaliyotlar hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshdi.
Bankning “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirishga qoʻshayotgan hissasi yuqori baholandi. Uning mamlakatimizga kiritgan sarmoyalarining qariyb 60 foizi ushbu yoʻnalishdagi loyihalar hissasiga toʻgʻri keladi.
Kelgusi yil uchun hamkorlikning elektr infratuzilmasini modernizatsiya qilish, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tarmoqlarini rivojlantirish, bank sohasida xususiylashtirishni amalga oshirish, Toshkent xalqaro moliya markazini ishga tushirish hamda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ilgari surish kabi ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi.
2027-yilda Xorijlik investorlar kengashining navbatdagi yigʻilishini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish masalalari ham muhokama qilindi.


