icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Elektrotexnika sanoatini texnologik jihatdan yangi bosqichga olib chiqish vazifalari belgilandi

09.11.2026

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-noyabr kuni elektrotexnika sanoatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar va xorijlik investorlar bilan muloqot oʻtkazdi.

Tadbirda sohada erishilgan natijalar sarhisob qilinib, ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi texnologiyalarni oʻzlashtirish, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlash va eksport salohiyatini oshirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Qayd etilganidek, soʻnggi oʻn yilda mamlakatimiz elektrotexnika sanoatida tub oʻzgarishlar amalga oshirildi. Tarmoqqa 2 milliard dollar investitsiya kiritilib, 413 ta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi. Maishiy texnika, quyosh panellari, elektron hisoblagichlar, yuqori kuchlanishli transformatorlar kabi 100 dan ortiq turdagi yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

Natijada joriy yilda elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 50 trillion soʻmga yetdi. Vaholanki, 2016-yilda mazkur koʻrsatkich 1,7 trillion soʻmni tashkil etgan. Tarmoqqa jalb qilingan yillik investitsiyalar 600 million dollarga, eksport hajmi esa 1 milliard 600 million dollarga yetkazildi. Oʻtgan davrda eksport 14 barobar oshdi.

Shu bilan birga, davlatimiz rahbari mavjud salohiyat va imkoniyatlardan hali toʻliq foydalanilmayotganini taʼkidladi.

Yurtimizda quyosh va shamol elektr stansiyalari, energiya saqlash quvvatlari, yirik sanoat va infratuzilma obyektlari barpo etilmoqda. Kelgusi oʻn yilda xorijlik hamkorlar bilan iqtisodiyotning turli tarmoqlarida 450 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish maqsad qilingan. Bularning barchasi elektrotexnika mahsulotlari uchun katta va uzoq muddatli bozorni shakllantirmoqda.

Prezidentimiz tarmoq oldidagi navbatdagi asosiy vazifa ishlab chiqarish quvvatlarini koʻpaytirish bilan cheklanmasdan, katta texnologik sakrashni amalga oshirishdan iborat ekanini koʻrsatib oʻtdi.

Masalan, 2030-yilgacha mamlakatimizda energiya saqlash quvvatlarini 4,5 gigavattga yetkazish rejalashtirilgan. Xorijlik hamkorlar ushbu loyihalarda mahalliy mahsulotlardan foydalanishga tayyor. Biroq ayrim zarur uskunalar hozircha oʻzimizda ishlab chiqarilmayapti.

Shuningdek, videokuzatuv uskunalariga ichki bozordagi yillik talab 200 million dollarga yetadi, qoʻshni mamlakatlar bozorini hisobga olganda esa 600 million dollardan oshadi. Bankomatlarga ham ehtiyoj yuqori. Oʻtgan yilning oʻzida yurtimizga 50 million dollardan ortiq qiymatdagi 9 mingta bankomat import qilingan.

Shu bois, ushbu yoʻnalishlarda mahalliy ishlab chiqarishni tashkil etish, yangi texnologiyalar va investorlarni jalb qilish vazifalari belgilandi.

Hududlar kesimida ham yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha katta imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi. Jumladan, Toshkent viloyatida energiya batareyalari va elektronika uchun yupqa mis folgasi, Jizzaxda elektromobillar uchun invertorlar va zaryadlash qurilmalari, Namanganda energiya tejamkor elektr dvigatellari, Qoraqalpogʻistonda serverlar uchun uzluksiz elektr taʼminoti va sovitish tizimlarini ishlab chiqarish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilmoqda.

Andijonda ofis texnikalari va tayyor kabel toʻplamlari, Toshkent shahrida serverlar, interaktiv panellar va sensorli datchiklar, Qashqadaryoda televizorlar uchun elektron platalar ishlab chiqarish imkoniyatlaridan foydalanish zarurligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari bunday loyihalar hisobiga ichki bozor talabini qondirish bilan birga elektrotexnika mahsulotlarining eksportini 5 milliard dollarga yetkazish imkoniyati mavjudligini taʼkidladi.

Bu borada tarmoqni rivojlantirishning yangi yoʻnalishlari belgilandi.

Keyingi uch yilda elektrotexnika va unga bogʻliq sanoat tarmoqlarida umumiy qiymati 11 milliard 600 million dollarlik 164 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

Ular energetika infratuzilmasi, kabel, transformator va nasoslar ishlab chiqarish, sanoat robototexnikasi va uskunasozlik, transport va elektromobillar uchun elektrotexnika, elektron komponentlar va mikroelektronika hamda maishiy texnika kabi oltita asosiy yoʻnalishni qamrab oladi.

Har bir yoʻnalishga masʼul rahbarlar va asosiy buyurtmachilar biriktirilib, tayanch investorlarni jalb qilish, ilmiy markazlar hamda texnika oliygohlari bilan hamkorlikni kuchaytirish vazifasi qoʻyildi.

Yuqori texnologik sanoatni rivojlantirish maqsadida Nurafshon shahrida “Kelajak texnologiyalari markazi” tashkil etiladi.

Ushbu markazda faoliyat yurituvchi korxonalarga IT-park rezidentlari bilan bir xil imtiyozlar beriladi. Robotlar, elektronika va texnologik uskunalar ishlab chiqarish uchun zarur xomashyo hamda butlovchi qismlar import bojidan ozod etiladi. Mazkur yoʻnalishdagi ilmiy ishlanmalardan olingan daromadga soliq solinmaydi.

Ilmiy tadqiqotlar va sanoat oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish uchun “Yangi sanoat” milliy platformasi ishlab chiqiladi. Shuningdek, har bir hududda tadqiqot va ishlanmalar markazi yoki texnopark negizida yangi mahsulotlarni sinovdan oʻtkazish maydonchalari tashkil etiladi. Ular yirik sanoat korxonalari bilan kichik tadbirkorlar oʻrtasidagi kooperatsiyani kengaytirishga xizmat qiladi.

Mutasaddilarga robototexnikani rivojlantirish boʻyicha qaror loyihasini hamda uskunasozlik va elektronika tarmoqlarini qoʻllab-quvvatlash kompleks dasturini tayyorlash topshirildi.

Muloqotda sanoatni texnologik rivojlantirishning muhim sharti boʻlgan muhandislik taʼlimi va malakali kadrlar tayyorlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Hozirda texnika oliygohlarining 20 nafar talaba va tadqiqotchisi Koreyadagi elektronika korxonalarida tahsil olmoqda. Yaqin vaqtda ularning soni 100 nafarga yetkaziladi.

Kelgusi yildan “1 ming muhandis-konstruktor” dasturi boshlanadi. Uning doirasida mahalliy mutaxassislar Koreya, Yaponiya, Xitoy, Turkiya va Yevropa mamlakatlariga malaka oshirish uchun yuboriladi. Nufuzli xorijiy kompaniyalarda ishlayotgan yuqori malakali vatandoshlarimizni mamlakatimizga jalb qilish uchun munosib mehnat va ish haqi sharoitlari yaratiladi.

Tadbirda soha korxonalarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, qator mahalliy elektrotexnika korxonalari oʻz loyihalari uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan 80 million dollar jalb qilgan. Bank sanoat korxonalariga yana 2-3 milliard dollar resurs ajratishga tayyorligini bildirmoqda.

Ushbu imkoniyatdan keng foydalanish maqsadida korxonalarni xalqaro moliya bozorlari bilan ishlashga tayyorlash, ularning faoliyatini baholash va xalqaro konsultantlarni jalb etish xarajatlarini qoplash boʻyicha yangi qoʻllab-quvvatlash choralari belgilandi. Xususan, har bir korxonaga 50 ming dollargacha kompensatsiya ajratiladi.

Davlat xaridlari tizimida ham mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratiladi.

Bugungi kunda davlat xaridlari doirasida har yili 10 trillion soʻmlik elektrotexnika mahsulotlari sotib olinmoqda. Tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida davlat buyurtmalarini yagona platformada aks ettirish tizimi joriy qilindi. Endi 1-yanvardan davlat xaridlarining uch yillik rejalari oldindan eʼlon qilib boriladi.

Shu bilan birga, davlat xaridlarida mahsulotni faqat eng arzon narx asosida tanlash amaliyotidan voz kechib, uning butun xizmat muddati davomidagi xarajatlarni hisobga olish tizimi joriy etiladi. Bunda mahsulotning xarid narxi bilan bir qatorda energiya sarfi, taʼmirlash, servis va foydalanish xarajatlari ham baholanadi.

Energetika obyektlarini qurishda mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish maqsadida “Shaffof qurilish” platformasida mazkur soha loyihalari uchun alohida maydoncha tashkil etiladi, pudratchilarga qoʻyiladigan talablar loyihalarning texnologik xususiyatlariga moslashtiriladi.

Ichki bozorda mahalliy elektrotexnika mahsulotlariga talabni ragʻbatlantirish boʻyicha ham yangi mexanizmlar belgilandi.

Energetika sohasidagi xususiy sheriklik loyihalarida mahalliy mahsulotlar ulushi kamida 25 foiz, kabel mahsulotlari boʻyicha esa 70 foiz boʻlishi talabi amal qilmoqda. Endilikda alohida soliq va boshqa imtiyozlardan foydalanayotgan yoki davlatdan arzon resurs olayotgan, qiymati 10 million dollardan yuqori investitsiya loyihalariga ham ushbu talablar tatbiq etiladi.

Aholi uchun qulaylik yaratish va mahalliy maishiy texnika savdosini ragʻbatlantirish maqsadida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan muzlatkich, kir yuvish mashinasi, konditsioner va boshqa maishiy texnikalar xaridi uchun yillik 18 foiz stavkada isteʼmol kreditlari ajratish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Davlatimiz rahbari muloqot davomida xorijlik investorlar va mahalliy tadbirkorlarning elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirishga qaratilgan taklif va tashabbuslarini tingladi.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2026 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo