icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
O‘zbekiston dehqon va fermerlari hamda barcha qishloq xo‘jaligi xodimlariga

04.11.2026

Qadrli vatandoshlar!

Hurmatli dehqon va fermerlar, klaster xodimlari, dala mehnatkashlari!

Siz, azizlarni Yangi O‘zbekiston tarixida ilk bor 5 million tonnadan ziyod yuksak paxta xirmoni bunyod etib, rekord natijaga erishganingiz bilan samimiy muborakbod etaman.

Albatta, sizlarning fidokorona mehnatingiz, jasorat va matonatingiz bilan qo‘lga kiritilgan bu tarixiy g‘alaba butun xalqimizning g‘alabasi. Bu – paxtachilik sohasidagi Yangi O‘zbekiston mo‘jizasidir.

Bu yutuqning ijodkori sizlar – azamat dehqon va fermerlarimiz, mohir agronom, suvchi, mexanizator, olim va mutaxassislarimiz, klaster xodimlari, desak, adolatli fikrni aytgan bo‘lamiz.

Fursatdan foydalanib, barchangizga o‘z nomimdan, butun xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildirib, eng ezgu tilaklarimni izhor etaman. Sizlar bilan butun xalqimiz faxrlanadi, g‘ururlanadi.

Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq qiyinchiliklar yanada kuchaygan joriy yilda paxta xomashyosini yog‘in-sochinli kunlarga qoldirmasdan, sohaning ichki imkoniyatlari hisobidan yuksak sifat bilan yig‘ib-terib olganingiz tahsinga munosibdir.

Bu haqda gapirganda, beixtiyor paxtachilik el-yurtimizga manfaat emas, balki azob-uqubat va oxir-oqibatda “o‘zbek ishi” degan quruq tuhmat olib kelgan og‘ir kunlarni eslaymiz. “Kim edigu kim bo‘ldik?” degan fikr albatta xayolimizdan o‘tadi.

Chindan ham, sobiq sovet davrida, xususan, 1980 yillarda respublikamizda paxta yetishtirish uchun qariyb 2 million gektar yer ajratilgan, o‘rtacha hosildorlik esa 30 sentnerdan oshmas, natijada dehqonning kosasi oqarmas edi.

Mustaqillikning dastlabki davrida, xususan, 2000 yilga kelib 1,4 million gektar yerga chigit ekilib, O‘zbekiston bo‘yicha jami 3 million tonna paxta terib olingan.

Biz keyingi yillarda tarmoqni o‘ta og‘ir ahvoldan olib chiqish uchun avvalo chigit ekiladigan maydonlarni 38 foizga qisqartirib, paxta monopoliyasiga barham berdik. O‘qituvchi, talaba va o‘quvchilarni, budjet tashkilotlari xodimlarini dala ishlariga jalb etishga chek qo‘ydik. Sohani ilm-fan yutuqlari, zamonaviy agrotexnologiyalar asosida rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratdik. Boshda bunga ishonmasdan, shubha bilan qaraganlar ham bo‘ldi. Ammo tanlagan yo‘limiz naqadar to‘g‘ri ekanini bugun hayotning o‘zi, bu yilgi natijalarimiz yaqqol tasdiqlamoqda.

O‘tgan davrda paxtachilikda hosildorlik 2,7 karra oshib, 21 sentnerdan 56 sentnerga yetgani shu borada qanday katta yuksalish yo‘lini bosib o‘tganimizni ko‘rsatib turibdi.

Suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etganimiz hisobidan suv sarfi 1990 yillarga nisbatan 2 karra kamayib, har bir kub metr suv evaziga olinayotgan hosil miqdori oshib borayotgani biz uchun g‘oyat muhimdir.

Bu yil ekish sxemalari o‘zgartirilib, ko‘chatlar soni 2-3 karra oshirilgani, ko‘sak qurti va gerbitsidga chidamli yangi biotexnologik navlar joylashtirilgani ham o‘zini oqladi. Bu o‘zgarishlarning amaliy samarasini qariyb 400 ming gektar yerda o‘rtacha hosildorlik 70 sentnerga yetgani, salkam 70 ming gektarda 100-110 sentnergacha hosil olingani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Hech shubhasiz, bunday yutuqlar qatorida 1 mingga yaqin fermer xo‘jaliklari va klasterlar o‘rtacha 100 sentnerlik va undan ham yuqori marralarni zabt etganlari alohida o‘rin tutadi. Bu haqda so‘z yuritganda, 4 mingdan ziyod fermerlarimiz hosildorlikni o‘rtacha 60-70 sentnerdan, 2,5 ming nafari esa 80 sentnerdan oshirgani, ayniqsa, Paxtakor tumanidagi Anorboy Eshmatov va Jarqo‘rg‘on tumanidagi Ulug‘bek So‘piyev har gektar yerdan 110 sentnerdan hosil olishganini mamnuniyat bilan qayd etamiz.

Mingbuloq tumanidagi “Burgut polvon”, Navbahor tumanidagi “Yahyo bobo”, Boyovut tumanidagi “Boyovutlik Humoyun”, Bekobod tumanidagi “Otabek Zilola”, Oqqo‘rg‘on tumanidagi “Murod”, Gurlan tumanidagi “Ixlosbek”, Hazorasp tumanidagi “Yakub Annazar” hamda Tuproqqal’a tumanidagi “Gulcharos Munisa” fermer xo‘jaliklari ham hosildorlikni 100 sentnerdan oshirdilar.

Jizzax, Xorazm, Buxoro, Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida hosildorlik 60 sentnerdan ko‘proqni tashkil etgani ham paxtachiligimiz tarixiga zarhal harflar bilan yoziladi.

O‘ta og‘ir ekologik hududda hosildorlikni o‘tgan yillarga nisbatan 10-15 sentnerga oshirib, 400 ming tonnadan ortiq xirmon bunyod etgan Qoraqalpog‘iston paxtakorlarini chin qalbdan qutlashdan mamnunman.

Hosildorlikni 70 sentnerdan oshirgan Mirzaobod va Xovos tumanlari, 55-70 sentnerga yetkazgan Mirzacho‘l, Paxtakor, Qiziltepa, Uchqo‘rg‘on va Peshku, Jalaquduq, Vobkent, Jondor, Romitan, Olot, Arnasoy, To‘raqo‘rg‘on, Uychi, Bog‘ot, Xonqa, Hazorasp, Jarqo‘rg‘on va Yangibozor, Amudaryo, Baliqchi, Marhamat, Paxtaobod, Do‘stlik, Ko‘kdala, Navbahor, Mingbuloq, Chortoq, Paxtachi, Kattaqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on, Boyovut, Oqqo‘rg‘on, Bo‘ka, Bekobod, Piskent, Yuqorichirchiq, Bag‘dod, Quva, Gurlan va Qo‘shko‘pir tumanlari mehnatkashlari boshqalarga namuna bo‘ldilar.

Eng katta – 110 ming tonnalik xirmon barpo etgan Koson, shuningdek, Mirishkor (105 ming), Kasbi (95 ming), Nishon (90 ming), Mirzacho‘l (85 ming), Mirzaobod (81 ming), Do‘stlik (77 ming), Amudaryo (76 ming), Oqoltin (72 ming), Pastdarg‘om (71 ming), Paxtakor (68 ming), Mingbuloq va Quyichirchiq (62 ming tonnadan), Boyovut va Jondor (60 ming tonnadan), Bekobod (58 ming), Gurlan va Romitan (57 ming tonnadan), Vobkent va Kattaqo‘rg‘on (56 ming tonnadan), Xonqa (52 ming tonna) kabi tumanlar ham ilg‘orlar safidan munosib joy egalladi.

Biz oqila, tashkilotchi ayollarimiz rahbarlik qilayotgan Olot va Bo‘ston tumanlarida hosildorlik o‘rtacha 55-60 sentnerga yetkazilganini alohida qadrlaymiz.

Bu yil yetishtirilgan hosilning 85 foizi 3 mingdan ortiq paxta terish mashinalari yordamida 30-35 kunda terib olingani, mexanizatsiyalashtirish darajasi Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida 100 foizga yetkazilgani, boshqa hududlarimiz ham shu marraga yaqinlashib kelayotgani odamlarni og‘ir mehnatdan xalos etish yo‘lidagi islohotlarimizning muhim natijasidir.

Paxtachilik kengashi tashkil etilgani, olimlarimiz tomonidan noan’anaviy texnologiyalar qo‘llanilgani hamda raqamlashtirish, dronlardan foydalanish orqali sarf-xarajat ikki barobar kamaytirilgani ham bu yilgi yutuqlarni ta’minlashda asosiy omil bo‘ldi. Shular qatorida davlat tomonidan ajratilayotgan moliyaviy resurslardan oqilona foydalanilgani, to‘lov intizomi yaxshilanib, subsidiyalash takomillashtirilgani, sug‘urta tizimi yaratilgani, bir so‘z bilan aytganda, tarmoqda tizim butunlay yangilangani yuqori natijalarga erishishda salmoqli rol o‘ynadi.

Shu o‘rinda yana bir muhim raqamga e’tiboringizni qaratmoqchiman: bu yil fermerlarimiz paxtadan 13-14 trillion so‘m sof foyda olishi kutilmoqda. Shu asosda ular yil bo‘yi qilgan mashaqqatli mehnati evaziga munosib daromad topishi, odamlarimizning hayoti yanada obod va farovon bo‘lishi tabiiydir.

Albatta, ana shunday ulkan natijalarni ta’minlashda qishloq xo‘jaligi rivojiga qaratayotgan doimiy e’tiborimiz, dehqon va fermerlar, klasterlar, umuman, dalada ishlayotgan har bir insonning o‘z mehnatidan manfaatdorligi, ertangi kunga ishonchi hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.

Muhtaram yurtdoshlar!

Qishloq xo‘jaligi sohasidagi strategik yo‘limizni amalga oshirishda biz, avvalo, sizlarga, agrotarmoqda faoliyat ko‘rsatayotgan 3,5 million nafardan ziyod mirishkorlarga tayanamiz. Sizlar uchun yana qanday qo‘shimcha sharoit va imkoniyatlar yaratish kerak bo‘lsa, barchasini ta’minlab berishga tayyormiz.

Qishloq xo‘jaligining yuksak va barqaror taraqqiyoti – butun mamlakatimizning yuksak va barqaror taraqqiyotida ustuvor o‘rin tutadigan omildir.

Yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Xalqaro paxta kuniga bag‘ishlangan anjumanda 30 dan ziyod mamlakatdan kelgan olim va mutaxassislar biz erishayotgan yutuqlarni e’tirof etib, Butunjahon paxtachilik markazini aynan O‘zbekistonda tashkil etish bo‘yicha taklif bildirishgani albatta bejiz emas.

Kelgusi yilda serhosil urug‘lik navlaridan foydalanish, agrodron orqali ishlov berish, suv va energiya tejovchi texnologiyalar, sun’iy intellektni qo‘llash bo‘yicha sizlarga yanada ko‘proq sharoitlar yaratib, paxtadan o‘rtacha hosildorlikni 65-70 sentnerga yetkazishni maqsad qilib qo‘ydik. Ana shunday dolzarb vazifalarni muvaffaqiyatli ado etishda fermerlarimiz va klaster xodimlari olimlar, muhandis va mutaxassislar bilan birgalikda yanada katta kuch-g‘ayrat bilan mehnat qiladilar, deb ishonaman.

“O‘z” degan ezgu g‘oyamiz zamirida mujassam bo‘lgan o‘z ishimiz, o‘z so‘zimiz, o‘z g‘alabamizga ishonch ruhi bilan olg‘a qarab borishdan hech qachon to‘xtamaymiz!

O‘zbekiston paxtachiligida yangi tarix yaratayotgan siz, azizlarni bugungi zafar bayrami bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga tinchlik, baxt va farovonlik tilayman.

Himmatingizga, qudratingizga balli, zahmatkash va fidoyi yurtdoshlarim!

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2026 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo