12.11.2016
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 12-noyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri Van Ini qabul qildi.
Shavkat Mirziyoyev mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafoti munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga chuqur hamdardlik izhor etgani va qo‘llab-quvvatlagani uchun Xitoy Xalq Respublikasi rahbariyatiga, shaxsan XXR Raisi Si Szinpinga samimiy minnatdorlik bildirdi. Xitoy tashqi ishlar vazirining Samarqandda bo‘lib, Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirgani Birinchi Prezidentimizga yuksak ehtirom ifodasidir.
Samimiy va xayrixohlik ruhida o‘tgan suhbat davomida O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanayotgani va mustahkamlanib borayotgani ta’kidlandi.
Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2015-yilda Xitoyga hamda XXR Raisi Si Szinpinning 2016-yilda O‘zbekistonga tashriflari o‘zaro anglashuv va ishonchga asoslangan munosabatlarni yanada mustahkamlagani, ikki taraflama manfaatli hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlaganini alohida qayd etdilar.
Mamlakatlarimiz muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi muloqotlarga alohida ahamiyat qaratadi. Bu amaliyotni kelgusida ham davom ettirish, 2017-yilda navbatdagi uchrashuvlarni o‘tkazishga kelishib olindi.
Van I joriy yil iyun oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisi va uning natijalariga yana bir bor yuksak baho berdi. Mamlakatlarimizning ShHT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi yaqin hamkorligini davom ettirishdan tomonlar birdek manfaatdor ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston – Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasi va uning tarkibida faoliyat yuritayotgan yettita ixtisoslashgan quyi qo‘mitalar doirasida amalga oshirilayotgan ishlar samaralari qayd etildi.
Ikki tomonlama, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik ko‘plab masalalar bo‘yicha fikr almashishning samarali mexanizmiga aylangan tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasidagi yillik siyosiy maslahatlashuvlar o‘zaro hamkorlikning muhim bo‘g‘ini hisoblanadi.
Muloqot chog‘ida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy-texnikaviy hamkorlikning bugungi holati hamda istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Xitoy Xalq Respublikasi O‘zbekistonning eng yirik savdo va sarmoyaviy sheriklaridan biridir. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 4 milliard AQSh dollaridan, O‘zbekistondagi ustuvor loyihalarga jalb qilingan Xitoy investitsiyalari va kreditlari hajmi 6,5 milliard dollardan oshadi.
Xitoy kompaniyalari va banklari ishtirokida mamlakatimizda Qamchiq dovoni orqali 19 kilometrlik temir yo‘l tunnelini ishga tushirish, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi va Qo‘ng‘irot soda zavodini qurish, Xorazm viloyatida zamonaviy ekskavator va buldozerlar ishlab chiqarish, telekommunikatsiyalar va axborot texnologiyalarini rivojlantirish singari sanoat va infratuzilma rivoji uchun muhim loyihalar, shuningdek, “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilgan.
Bugungi kunda “Angren” erkin iqtisodiy zonasida avtomobil va qishloq xo‘jaligi texnikasi shinalari va konveyyer lentasi ishlab chiqarish zavodini hamda “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati negizida polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasini qurish kabi muhim investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda. Energetika, neft-gaz, irrigatsiya va melioratsiya sohalarida, infratuzilmalarni modernizatsiya qilish borasida va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida qo‘shma loyihalar tayyorlanmoqda.
Xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgan O‘zbekiston – Xitoy madaniy-gumanitar aloqalariga ham yuqori baho berildi.
XXR tashqi ishlar vaziri Van I samimiy qabul uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi. Xitoy rahbariyati O‘zbekiston bilan mamlakatlarimizning uzoq muddatli manfaatlariga mos keladigan barcha istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha sheriklikni bundan buyon ham faol rivojlantirish va mustahkamlashdan, O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasining barqarorligi, xavfsizligi, izchil ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti yo‘lidagi hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga mustahkam sog‘lik va ulkan muvaffaqiyatlar, Xitoy xalqiga tinchlik va farovonlik tiladi.