31.08.2017
Tinchlik, mustaqillik, taraqqiyot. Bu ulug‘ tushunchalar bir-biri bilan mudom yonma-yon. Zero, aynan shu ne’matlar el-yurt farovonligini, uning istiqboli va rivojlanish bosqichlarini belgilab beradi. O‘zbekiston erishgan va erishayotgan betimsol yutuqlar, ulkan islohotlar, yangilanishlar, bunyodkorlik ishlari, xalqimizning farovon turmushi, osoyishta hayotimiz, voyaga yetayotgan barkamol avlod – mana shunday ulug‘ ne’matlarni in’om etgan istiqlol uchun qanchadan-qancha ajdodlarimiz kurashgan, shahid ketgan. Bu yo‘lda jon fido qilgan bobolarimizni Mustaqillik bayrami oldidan yana bir bor eslash, ularning muborak ruhlarini shod etish barchamizning insoniy burchimizdir.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan poytaxtimizning Bo‘zsuv sohilida bunyod etilgan “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmui xalqimiz, millatimiz ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lgan, jonini fido qilgan vatandoshlarimiz xotirasiga ko‘rsatilgan ulkan ehtiromning yorqin ifodasidir. Bugun ushbu yodgorlik majmuidan ziyoratchilar qadami uzilmaydi. Bu maskan nafaqat shahidlar yodini ifoda etadi, balki bugungi avlodni tabarruk Vatanimizni, mustaqillikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga undaydi.
...31-avgust. Erta tong. Qatag‘on qurbonlari xotirasiga bag‘ishlab bunyod etilgan ramziy qabr ustidagi ayvon gumbazi uzra quyosh nurlari jilvalanadi. Osuda otayotgan tongni ko‘rib qalblarda shukronalik, shu ozod va obod yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi jo‘sh uradi.
Qatag‘on qurbonlari kuni munosabati bilan mazkur xiyobonda xalqimiz ozodligi va mustaqilligi yo‘lida qurbon bo‘lgan marhumlarni yod etish marosimi o‘tkazildi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
An’anaga ko‘ra osh tortildi. Qur’on tilovat qilinib, qatag‘on qurbonlari ruhiga hurmat bajo keltirildi.
Prezidentimiz O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati, ulamolar, mahalla faollari va ziyolilar bilan suhbatlashdi.
Mana shunday nurafshon kunlarni orzu qilgan, shu yo‘lda jonini ham ayamagan ajdodlarimiz xotirasini yod etish bilan qalbimiz nurga to‘ladi, ruhimiz tetiklashadi. Ezgulik atalmish qudratli kuchning abadiyligiga, adolat tantanasiga yana bir bor amin bo‘lamiz. Istiqlol yillarida qo‘lga kiritayotgan yutuqlarimiz, amalga oshirayotgan ulkan ishlarimiz bilan faxrlanamiz. Ular bir umr orzu qilgan, bugungi avlodga nasib etgan mustaqillik, erkin va farovon hayot ahamiyatini yanada teran anglaymiz.
Istiqlol tufayli yurtimizda tarixga munosabat tubdan o‘zgardi. Uzoq yillar davomida toptalib kelgan milliy qadriyatlarimizni, aziz-avliyolarimiz, davlat arboblari va sarkardalarning nomlarini qayta tiklash, xotirasini e’zozlash, Vatan va xalq ozodligi yo‘lida jon fido etgan minglab insonlar ruhini shod etish borasida katta ishlar qilinmoqda.
Insondan uning qilgan ezgu amallari, ishlari qoladi. Bunga XX asr boshida xalqimiz orasidan yetishib chiqqan Behbudiy, Munavvar qori, Fitrat, Cho‘lpon, Qodiriy, Botu, Elbek, Usmon Nosir singari ko‘plab ma’rifatparvarlarning kurashlarga yo‘g‘rilgan hayoti yorqin misoldir. Ularning yurtni ozod ko‘rish orzusi, shu yo‘lda amalga oshirgan ezgu ishlari istiqlol tufayli ro‘yobga chiqdi. Bugun ozod va obod yurtimizda hech kimdan kam bo‘lmagan, har jihatdan barkamol avlod voyaga yetmoqda.
Yurtimizdagi ko‘plab tarixiy obidalarning qayta tiklanishi, qadamjolarning obod bo‘lishi mamlakatimiz Birinchi Prezidenti nomi va faoliyati bilan uzviy bog‘liq.
Jumladan, Birinchi Prezidentimizning 2001-yil 1-maydagi “Qatag‘on qurbonlarini yod etish kunini belgilash to‘g‘risida”gi farmoni asosida “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuida “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi barpo etildi.
Muzey 2002-yil 31-avgust kuni – mamlakatda ilk bor nishonlangan Qatag‘on qurbonlarini yod etish kunida tantanali ravishda ochildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev muzey eksponatlari bilan tanishdi.
Ajdodlarimizning Vatan tinchligi va ozodligi yo‘lidagi kurashi bugungi kun yoshlari uchun ibrat maktabidir, dedi davlatimiz rahbari. Har bir viloyatda Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyining filiallarini tashkil qilishimiz kerak. Ular universitet va institutlar qoshida tashkil etilsa, ayni muddao bo‘ladi. Qatag‘on qurbonlari xotirasi bo‘yicha maktab darsliklarida maxsus dastur asosida o‘qitish tizimini ham ishlab chiqish zarur.
Shavkat Mirziyoyev muzey yonidan oqib o‘tuvchi Bo‘zsuv kanali atrofini yanada obodonlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.
Bu yerdagi muhit ijodkorlar uchun ilhom manbaidir. Shuning uchun Bo‘zsuv kanali atrofida turli tadbirlar – maqom kechalari, yoshlar, nuroniylar va ziyolilarning uchrashuvlarini uyushtirish maqsadga muvofiq, dedi Prezidentimiz.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yodgorlik majmui va muzey barpo etilgan joy XX asrning 20-yillaridan to Ikkinchi jahon urushi boshlanguniga qadar sobiq tuzum jazo organlariga qatlgoh bo‘lib xizmat qilgan. Toshkent shahrida otilgan qatag‘on qurbonlari shu yerdagi uchta qatlgohga dafn etilgan. Yodgorlik majmui ana shu sobiq qatlgoh hududlarini o‘zaro birlashtirib turadi. Agar ramziy sag‘ana yodgorlik majmuining memorial markazi hisoblansa, muzey binosi uning ma’rifiy markazi bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zligini anglamagan, muhim hayotiy haqiqatlar mazmun-mohiyatini tushunib yetmagan xalqning kelajagi yo‘q. Istiqlol yillarida qo‘lga kiritayotgan yutuqlarimiz, amalga oshirayotgan ulkan ishlarimiz zamirida el-yurt manfaati, Vatan taraqqiyoti mujassam.
Muhimi, yurtimizning har bir fuqarosi yildan-yilga mustaqillikni mustahkamlashdek mas’uliyatli jarayonning ongli va faol ishtirokchisiga aylanmoqda. Ajdodlarimiz xotirasini shod etib, yurt tinchligi va el farovonligini ta’minlashni o‘zining burchi deb bilgan, Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashayotgan xalqimiz ko‘zlagan manzillar, shak-shubhasiz, nurlidir. Shunday ekan, mustaqilligimiz abadiydir.