22.10.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-oktabr kuni Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hayʼati raisi Baqitjan Sagʻintayevni qabul qildi.
Muloqot chogʻida Oʻzbekistonning kuzatuvchi davlat sifatida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan oʻzaro manfaatli hamkorligi izchil kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
YOII mamlakatlari bilan oʻzaro savdo va investitsiyalar hajmi barqaror oʻsib bormoqda, logistika aloqalari mustahkamlanmoqda.
Mamlakatimiz ittifoqning savdo va yuk tashish sohalarini raqamlashtirish, elektron tijoratni rivojlantirish, iqlim masalalari kabi asosiy sohaviy dasturlarida faol ishtirok etmoqda.
Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan qoʻshma ishchi guruhning toʻrtta yigʻilishi oʻtkazildi. Texnik tartibga solish tizimlarini oʻzaro yaqinlashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.
Oʻzbekiston Yevroosiyo taraqqiyot bankining toʻlaqonli aʼzosiga aylanib, kooperatsiya loyihalari portfeli shakllantirildi.
Joriy yil yakuniga qadar ishchi guruhning navbatdagi uchrashuvini oʻtkazish yuzasidan kelishuvga erishildi. Savdo toʻsiqlarini qisqartirish, kooperatsiyani chuqurlashtirish, bojxona va transport tartib-taomillarini raqamlashtirishga qaratilgan yangi Hamkorlik rejasini qabul qilish muhimligi taʼkidlandi.


