21.10.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Qashqadaryo” erkin iqtisodiy zonasidagi “Wosune Food Ingredients Karshi” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Hududda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlarni chuqur qayta ishlashga ixtisoslashgan yangi korxona xomashyodan yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulot tayyorlab, uni tashqi bozorlarga yetkazib berish bilan shugʻullanmoqda.
AQShning “Wosune International Inc” kompaniyasi sarmoyasi hisobidan barpo etilgan korxonaning qiymati 8,5 million dollar. Bu yerda 150 ta doimiy ish oʻrni yaratilgan.
Bu yerda sabzi, bulgʻor qalampiri, oshqovoq, olma, koʻk piyoz, ismaloq va turli koʻkatlar konveksion uskunalarda quritiladi. Ushbu texnologiya mahsulotning tabiiy taʼmi va ozuqaviy xususiyatlarini saqlashga xizmat qiladi. Ishlab chiqarish jarayonining 30 foizi robotlashtirilgan.
Tayyor ingrediyentlar tez tayyorlanadigan taomlar, ziravorlar, konservalar va kosmetika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga yetkazib beriladi. Mahsulotlar Rossiya, Yevropa va MDH davlatlariga eksport qilinmoqda. Yillik eksport hajmini 40 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Xomashyo taʼminotini kengaytirish maqsadida viloyatdagi dehqon xoʻjaliklari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri kooperatsiya aloqalarini yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilmoqda.
Davlatimiz rahbari korxonaning ishlab chiqarish jarayoni va mahsulotlarini koʻzdan kechirdi.


