16.10.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yoqilgʻi-energetika tarmogʻidagi investorlar kengashining birinchi yigʻilishi doirasida Oʻzbekiston – Saudiya Ishbilarmonlar kengashi hamraisi, “ACWA” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Muloqot davomida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish va ustuvor qoʻshma loyihalarni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.
Soʻnggi yillarda Saudiya Arabistoni kompaniyalarining mamlakatimiz bozoriga qiziqishi tobora ortib bormoqda. Buning natijasida “yashil” energetika, zamonaviy infratuzilmalar, yuqori texnologiyalar, sogʻliqni saqlash va boshqa sohalarda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Tomonlar erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish orqali ikki tomonlama amaliy hamkorlikni yanada yuqori bosqichga koʻtarishga tayyor ekanini qayd etdilar.
Uchrashuv yakunida saudiyalik investorlar Oʻzbekistonda yaratilgan qulay investitsiya muhiti uchun yana bir bor minnatdorlik bildirdi.


