09.10.2026
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-oktabr kuni Turkmanistonning “Avaza” milliy sayyohlik zonasida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining tor doiradagi majlisida ishtirok etdi.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida o‘tgan sammitda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan hamda MDH bosh kotibi Sergey Lebedev ham qatnashdilar.
Kun tartibiga muvofiq, ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida barchani qutlug‘ sana – Hamdo‘stlikning 35 yilligi bilan tabriklab, yuz berayotgan o‘zgarishlarga qaramay, mamlakatlarimiz va xalqlarimizni yaqin insoniy munosabatlar, umumiy tarix va hamkorlikning ulkan salohiyati bog‘lab kelayotganini ta’kidladi.
– Bugungi kunda dunyo tubdan o‘zgarmoqda. Ziddiyatlar ortib bormoqda, odatiy iqtisodiy aloqalar qayta qurilmoqda. Bunday vaziyatda ishonchni mustahkamlash, pozitsiyalarni tez-tez uyg‘unlashtirib borish va kelishuvlarimizning real natija berishiga erishish ayniqsa muhimdir, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Iqtisodiy integratsiya va ishlab chiqarish kooperatsiyasi barqarorlik va taraqqiyotning asosiy poydevorlaridan biri bo‘lib qolayotgani ta’kidlandi.
Savdo-investitsiyaviy sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish hamda oddiy tovar ayirboshlashdan qo‘shilgan qiymatning to‘liq zanjirlarini birgalikda yaratishga bosqichma-bosqich o‘tish zarurligi qayd etildi.
Shundan so‘ng mamlakatimiz yetakchisi birgalikdagi sa’y-harakatlarni qaratish kerak bo‘lgan qator ustuvor yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tdi.
Avvalo, texnik to‘siqlarni bartaraf etish, muvofiqlik sertifikatlarini o‘zaro tan olinishini ta’minlash va davlat xaridlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish orqali Erkin savdo zonasining cheklovlarsiz to‘liq faoliyat yuritishini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.
Iqtisodiyotlar barqarorligi va aholi farovonligini ta’minlashda oziq-ovqat xavfsizligi alohida ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Bu borada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘yicha davlat xaridlari sohasida o‘zaro bozor ochishni kengaytirish to‘g‘risidagi bitimni hamda oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlik dasturini tez fursatlarda kelishib olinishi va tasdiqlanishi maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi. Mamlakatlar bozorlaridagi vaziyatni oldindan prognoz qilish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida oziq-ovqat va o‘g‘itlar eksportiga cheklovlar kiritishdan oldin o‘zaro xabardor qilish va maslahatlashish mexanizmini joriy etish taklif qilindi.
Sanoat sohasidagi imkoniyatlarni birlashtirish va o‘zaro investitsiyalar hajmini oshirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Biznes vakillarining hamkorlikda ishlashdan manfaatdorligi yuqori ekani, buni yanada rivojlantirish maqsadida maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tez fursatda kelishib olinishi zarurligi qayd etildi.
Prezidentimiz transport jihatdan bog‘liqlik masalasiga alohida to‘xtalib, integratsiyalashgan logistika markazlarini tashkil etish, tranzit xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirish, yuk tashish qoidalarini birxillashtirish hamda MDHda yagona transport axborot tizimini shakllantirish tarafdori ekanini bildirdi hamda Turkmaniston tomonining 2029-yilni Hamdo‘stlikning transport bog‘liqligi yili deb e’lon qilish haqidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
Energetika xavfsizligini ta’minlash borasida yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan uzoq muddatli prognozga ehtiyoj yuqori ekani ta’kidlandi.
– Bu esa energiyaning mavsumiy ortiqchaligi va taqchilligi qayerda va qachon yuzaga kelishi, qaysi tarmoqlarni rivojlantirish zarurligi hamda gidroenergetika, issiqlik generatsiyasi va qayta tiklanuvchi manbalarni qanday qilib eng samarali tarzda uyg‘unlashtirish mumkinligi haqida aniq tasavvur hosil qilish imkonini berishi lozim, – dedi davlatimiz rahbari.
Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarga ham to‘xtalib o‘tildi.
– Bu borada muvofiqlashtirilgan va amaliy qarorlar zarur. Biz kam uglerodli texnologiyalarni jadal joriy etish va yopiq sikldagi ishlab chiqarishlarni rivojlantirish tarafdorimiz, – dedi Prezidentimiz.
Sa’y-harakatlarni birlashtirish uchun MDHning resurslardan samarali foydalanish va aylanma iqtisodiyot sohasida hamkorlik konsepsiyasini ishlab chiqish taklif etildi.
Madaniy-gumanitar aloqalar Hamdo‘stlik mamlakatlari va xalqlari o‘rtasida o‘zaro anglashuv va ishonchni mustahkamlash uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.
Davlatlararo gumanitar hamkorlik jamg‘armasi formatini kengaytirish orqali bu yo‘nalishni yanada rivojlantirish uchun yaxshi imkoniyatlar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bugungi kunda yangi texnologiyalar ta’sirida tez o‘zgarib, zamonaviy iqtisodiyotning mustaqil va muhim tarmog‘iga aylanib borayotgan ijodiy industriyalarga alohida e’tibor qaratish taklif etildi.
Shu munosabat bilan “Madaniy siyosat va kreativ industriyalar» forumini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Zamonaviy xavf-xatarlar qatorida butun dunyoda ko‘lami jadal o‘sib borayotgan kiberjinoyatchilik muammosi alohida qayd etildi.
– Axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan firibgarlik allaqachon fuqarolar va biznesga jiddiy zarar yetkazmoqda, mamlakatlarimiz moliya tizimlarining barqaror ishlashiga xavf tug‘dirmoqda, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Shu munosabat bilan Ichki ishlar vazirlari kengashiga qisqa muddatda transchegaraviy kiberjinoyatlar va firibgarlik sxemalariga tezkor javob berish uchun MDH Qo‘shma aloqa markazini tashkil etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqishni topshirish taklif etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining yakunida O‘zbekiston kelgusi yili MDHga raislikni qabul qilishga va Hamdo‘stlikni rivojlantirish uchun yaqindan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi. Shuningdek, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga mehmondo‘stlik hamda sammitni yuksak saviyada tashkil etgani uchun minnatdorlik izhor etdi.
Yig‘ilish davomida Hamdo‘stlikka a’zo boshqa mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari ham so‘zga chiqdi.


