icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolariga

27.09.2026

Qadrli o‘g‘il-qizlarim!

Hurmatli ustoz va murabbiylar!

Dunyo shaxmat osmonida yorqin yulduz bo‘lib porlagan siz, aziz farzandlarimni 46-Jahon shaxmat olimpiadasida erishgan tarixiy g‘alabangiz bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Ikki karra olimpiada chempioni degan yuksak sharafli unvon, buyuk zafar barchamizga, ko‘pmillatli xalqimizga muborak bo‘lsin!

Mana shu g‘oyat hayajonli onlarda 200 dan ziyod mamlakatdan 2 mingga yaqin eng kuchli va mashhur grossmeysterlar, nomdor jamoalar ishtirok etgan murosasiz bellashuvlarda ko‘rsatgan aql-zakovatingiz, yuksak irodangiz, mahorat va jasoratingiz uchun butun el-yurtimiz, dunyo shaxmat jamoatchiligi sizlarga tasannolar aytmoqda.

Sizlar – Yangi O‘zbekiston qahramonlari, jahon shaxmat olamida yangi tarix yaratgan oltin avlodsiz. Butun xalqimiz sizlar bilan cheksiz faxrlanadi, g‘ururlanadi.

Ushbu nufuzli musobaqalarda sizlar tengsiz aql va tafakkur egalari bo‘lgan Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Beruniy, Ibn Sino, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy kabi buyuk ajdodlarimizga munosib vorislar ekaningizni amalda namoyon etdingiz.

Sizlar amaldagi Olimpiada chempioni – Hindiston jamoasini mag‘lub etdingiz. Qadimiy shaxmat maktabi va ko‘plab grossmeysterlarga ega bo‘lgan Xitoy jamoasi ustidan tarixiy g‘alabani qo‘lga kiritdingiz. Dunyo reytingida birinchi o‘rinni egallab kelayotgan, olti karra Olimpiada chempioni bo‘lgan AQSh jamoasidan ham ustun keldingiz.

Nodirbek Abdusattorov barcha o‘yinlar davomida mag‘lubiyat nima ekanini bilmasdan, chinakam jamoa lideri ekanini isbotlab, birinchi taxtada oltin medal sohibiga aylandi.

Nodirbek Yoqubboyev esa Turkiya, Hindiston, Xitoy va AQSh vakillariga qarshi murosasiz bahslarda chinakam iroda va matonat ko‘rsatib, jamoamiz uchun hal qiluvchi g‘alabalarni ta’minlaganini alohida ta’kidlab aytmoqchiman.

Ayniqsa, Yoqubboyevning hindistonlik Nihal Saringa qarshi bellashuvi haqiqiy dramatik jang bo‘ldi. Yangi O‘zbekiston vakilining eng qiyin vaziyatda nihoyatda topqirlik bilan qo‘llagan taktik yurishlarini ko‘rib, dunyo shaxmat muxlislari hayratdan qotib qoldi.

Yana bir mard o‘g‘lonimiz, Javohir Sindorov chempionlarga xos o‘yin ko‘rsatib, umumiy g‘alabaga katta hissa qo‘shdi.

Bunday yirik xalqaro musobaqada birinchi marta ishtirok etgan Muhiddin Madaminov o‘g‘limizning kuchli raqiblariga kutilmagan zarbalar bergani va birorta ham mag‘lubiyatga uchramagani yuksak bahoga munosibdir.

Shamsiddin Vohidov Hindiston, Turkiya va Vengriya vakillariga qarshi murosasiz o‘yinlarda o‘zini yo‘qotmasdan, muhim ochkolarni olishga erishgani ham muxlislar xotirasida saqlanib qoladi.

Bir so‘z bilan aytganda, terma jamoamiz a’zolarining har biri o‘ziga ishonib, faqat oldinga qarab borganini ko‘rib, Yangi O‘zbekistonda qanday buyuk shaxmat maktabi, shaxmatchilar avlodi shakllanganiga butun dunyo tan berdi.

Musobaqalarda ikkinchi tarkib bilan ishtirok etgan jamoamiz qayd etgan natija ham bizni quvontiradi.

Jahongir Vohidov o‘g‘lim kuchli iroda ko‘rsatib, ushbu jamoamizni sovrinli o‘rinlar sari boshladi. Ispaniya, Angliya va Niderlandiya kabi davlatlar vakillari ustidan qozonilgan ishonchli g‘alabalar unutilmas tarixga aylandi.

Ayollar jamoamiz ham keskin kurashlarda haqiqiy matonat namunasini ko‘rsatdi. Ular AQSH jamoasi bilan tengma-teng bahs olib borganlari, 11 ta turda 7 ta yutuqqa erishib, o‘n uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgani ham muhim natijadir.

Samarqand olimpiadasida parashaxmatchilarimiz ham ulkan jasorat ko‘rsatib, bunday o‘yinlar tarixida birinchi marta bronza medalini qo‘lga kiritishdi. Selbi qizim shaxsiy hisobda kumush, Abdulaziz o‘g‘lim bronza medaliga sazovor bo‘lgani, Ahadxon o‘g‘lim umuman mag‘lub bo‘lmagani meni juda xursand qildi.

El-yurtimiz barcha shaxmatchilarimiz timsolida kuchli bilim va iroda sohiblarini, katta-katta marralarni zabt etishga qodir bo‘lgan Yangi O‘zbekiston yoshlarini ko‘radi.

Hech shubhasiz, bu yuksak g‘alaba barchamizga yangi kuch-g‘ayrat, ruh va ilhom bag‘ishlaydi, yosh avlodimiz uchun chinakam ibrat namunasi bo‘lib xizmat qiladi.

Mamlakatimizda shaxmat rivojiga berilayotgan doimiy e’tibor, yo‘lga qo‘yilgan samarali tizim va qulay sharoitlar sizlar erishgan natijalarni ta’minlashda muhim omil bo‘ldi. Yaqinda bu borada yana bir Prezident qarorini qabul qildik. Ushbu hujjat yaqin kelajakda yanada ulkan natijalar uchun, albatta, mustahkam zamin yaratadi.

O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi FIDЕ tomonidan 2026-yilda “Eng yaxshi federatsiya” nominatsiyasida g‘olib deb topilgani, tajribali murabbiy, grossmeyster Rustam Qosimjonov FIDЕning faxriy vitse-prezidenti, Hulkar Tohirjonova FIDЕning Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha mintaqaviy prezidenti etib saylanganini O‘zbekistonning shaxmat mamlakati sifatida obro‘-e’tibori oshib borayotganining yana bir dalili sifatida qabul qilamiz.

Aziz farzandlarim!

Ikki hafta davomida azim Samarqand shahri bamisoli jahon shaxmatining poytaxtiga aylandi. Bu yerda bo‘lib o‘tgan nufuzli musobaqalar, qatnashchi davlatlar va shaxmatchilar soniga ko‘ra, rekord natijalar bilan tarixga kirganini alohida ta’kidlash lozim.

Barchamizning umumiy g‘alabamiz uch ming yillik boy tarix va madaniyat ovozi kelib turgan, XIV-XV asrlarda Ikkinchi Renessans markazlaridan biri bo‘lgan bu buyuk shaharda qo‘lga kiritilgani uning qadr-qimmatini yanada oshirmoqda.

Shu yil noyabr oyida bizni yana bir katta shaxmat bayrami kutib turibdi. Jahon toji uchun bo‘ladigan tarixiy bellashuvda shaxmatimiz faxri Javohir Sindorovdan barchamiz ulkan zafarlarni kutib qolamiz. Sen bunga albatta qodirsan, Javohir bolam!

Fursatdan foydalanib, 46-Jahon shaxmat olimpiadasida Vatanimiz shon-shuhratini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shgan o‘g‘il-qizlarimizga, ularning ota-onalari, ustoz va murabbiylariga, terma jamoamizning barcha a’zolariga chin dildan samimiy minnatdorlik bildiraman.

Ushbu musobaqalarni yuksak darajada tashkil etgan, olimpiada ishtirokchilariga xalqimizga xos mehmondo‘stlik, hurmat va ehtirom ko‘rsatgan Samarqand viloyati ahliga va mahalliy hokimlik vakillariga, barcha tashkilotchilarga katta rahmat aytamiz.

Sizlarga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, kelgusi faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Bizga mana shunday buyuk shukuh, ulug‘ zafarlarni taqdim etgan shaxmatchi farzandlarimiz doimo sog‘-omon bo‘lsin!

Sizlarga hamisha porloq g‘alabalar yor bo‘lsin, aziz bolalarim!

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2026 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo