icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi qatnashchilariga

15.09.2026

Hurmatli Olimpiada ishtirokchilari!

Aziz mehmonlar!

Dunyo shaxmat sportining yorqin namoyandalari boʻlgan siz, azizlarni qadimiy va mehmondoʻst Oʻzbekiston zaminida ilk bor oʻtkazilayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Yer yuzidagi 200 dan ziyod mamlakatdan tashrif buyurgan taniqli grossmeysterlar, murabbiylar va shaxmat ixlosmandlari ishtirok etayotgan ushbu nufuzli sport anjumani uch ming yildan ortiq tarix va madaniyat namunalarini oʻzida mujassam etib kelayotgan koʻhna sharq durdonasi – azim Samarqand shahrida oʻtkazilayotgani bayram shukuhini yanada oshirmoqda. Va oʻylaymanki, sizlar ham buni sezib, his qilib turibsiz.

Bugun bamisoli dunyo shaxmat sporti poytaxtiga aylangan bu ulugʻ shaharga, jonajon Oʻzbekistonimizga xush kelibsiz!

Qadrli doʻstlar!

Eng qadimiy intellektual sport oʻyinlaridan biri boʻlgan shaxmat bizning mamlakatimizda ham oʻzining shonli oʻtmishi, maktab va anʼanalariga ega.

Ayniqsa, mana shu Samarqand shahrini oʻzi asos solgan buyuk davlatning poytaxti va Ikkinchi Renessans markazlaridan biriga aylantirgan Sohibqiron Amir Temur nafaqat strategik fikrlaydigan yengilmas sarkarda, balki mohir shaxmat ustasi ham edi.

Buyuk alloma bobolarimiz – Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Boburning ilmiy va badiiy asarlarida shaxmatning inson maʼnaviy kamolotidagi oʻrni alohida taʼkidlangan.

Biz, ana shunday tarixiy anʼanalarga sodiq qolgan holda, Yangi Oʻzbekistonda boshqa sport turlari qatori shaxmatni ham “ommaviylikdan – professionallikka” tamoyili asosida eng quyi boʻgʻin – mahalladan tortib, taʼlim muassasalarigacha rivojlantirishga ahamiyat bermoqdamiz.

Yurtimizda bu borada ham yangi avlod iqtidor egalarini tarbiyalashga qaratilgan yaxlit tizim shakllanmoqda.
Bugungi kunda shaxmat bilan ommaviy shugʻullanuvchilar 2 million nafardan, reytingga ega boʻlgan professional shaxmatchilarimiz soni esa 6 ming nafardan ziyodni tashkil etmoqda.

Bu haqda soʻz yuritganda, mamlakatimizda xalqaro grossmeyster unvoniga ega boʻlgan 32 nafar shaxmatchimiz borligini faxr bilan qayd etamiz.

Eʼtiborli jihati shundaki, 5 nafar yetakchi shaxmatchimiz jahon reytingidagi “eng kuchli yuztalik”dan mustahkam oʻrin egallab kelmoqda.

Oʻzbekiston erkaklar jamoasi FIDE reytingida 204 ta davlat orasida 8-oʻringa, ayollar jamoasi esa 20-oʻringa koʻtarilgani ham diqqatga sazovordir.

Mamlakatimiz terma jamoasining 2022-yilda 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi gʻolibi boʻlgani, 2024-yilgi Olimpiadada sovrindorlar safidan joy olgani, isteʼdodli grossmeysterlarimiz nufuzli musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib kelayotgani, hech shubhasiz, milliy shaxmat sportimiz tarixida yangi sahifalar ochmoqda.

Ayniqsa, navqiron grossmeysterimiz Javohir Sindorovning jahon chempionligi uchun daʼvogarlar turnirida gʻolib boʻlib, jahon kubogini qoʻlga kiritgani, Nodirbek Abdusattorovning blits boʻyicha jahon chempionatida kumush medalga sazovor boʻlgani, yosh shaxmatchilarimiz xalqaro chempionatlarda yuksak oʻrinlarni egallayotgani bizga cheksiz gʻurur bagʻishlaydi.

Muhtaram mehmonlar!

Oʻzbekistonga 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga mezbonlik qilish huquqi berilganini biz xalqaro sport hamjamiyatining yurtimizga boʻlgan yuksak ishonchi sifatida qabul qilamiz.

Samarqand olimpiadasi qizgʻin bellashuvlar, yuksak sport madaniyati, halollik va oʻzaro hurmat ruhida oʻtadi va dunyoga yangi chempionlar va yorqin isteʼdodlarni taqdim etadi deb ishonaman.

Ayni vaqtda bu yerda 3-parashaxmat olimpiadasi va 97-FIDE kongressini yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha ham barcha sharoitlar yaratildi.

Bu boradagi katta tashkiliy va amaliy koʻmagi, yaqin hamkorligi uchun Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) rahbariyati va jamoasiga, shuningdek, barcha hamkor tashkilotlarga samimiy minnatdorlik bildiraman.

Ishonchim komil, mazkur yirik sport anjumanlari dunyo xalqlari oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Ular Oʻzbekistonda shaxmatni yanada ommalashtirish, yosh avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirish va mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga munosib hissa qoʻshishi bilan ham ahamiyatlidir.

Qadrli doʻstlar!

Bunday yirik musobaqalar bizning xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun katta bayram, ulkan mahorat maktabiga aylanishi, mamlakatimizning doʻstlik va hamkorlik diyori sifatidagi xalqaro obroʻ-eʼtiborini yanada oshirishiga aminman.

Bugungi olimpiada dunyo yoshlariga muhim bir haqiqatni namoyon etmoqda: insoniyatning umumiy kelajagi kuch emas – aql va bilim, adovat emas – doʻstlik va hamjihatlik, befarqlik emas – ezgu maqsadlar yoʻlidagi qatʼiyat asosida bunyod etiladi.

Sport qanday buyuk kuch, qanday yuksak namuna ekanini bugungi tantanali marosimda ishtirok etayotgan siz, hurmatli sportchilar, faxriylar, ustoz va murabbiylar yaxshi bilasiz.

Ana shunday gʻoyat masʼuliyatli va sharafli ishda faol ishtirok etib kelayotgan siz, azizlarga mustahkam sogʻliq, barcha jamoalarga yutuq va omadlar, kongress ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.

Barchangizga zafar yor boʻlsin, Oʻzbekistonga xush kelibsiz, aziz mehmonlar!

 

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2026 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo