icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash va kasbiy rivojlantirish tizimi takomillashtiriladi

04.09.2026

Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash, ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazish hamda uzluksiz kasbiy taʼlim tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimini transformatsiya qilish, birlamchi tibbiy yordam sifatini oshirish, zamonaviy klinikalar va diagnostika imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur oʻzgarishlar tibbiyot va farmatsevtika sohasi uchun kadrlar tayyorlashni ham zamon talablari asosida qayta koʻrib chiqishni taqozo etmoqda.

Shu bois, tibbiy taʼlimni nazariy bilim berishdan kompetensiya va amaliy koʻnikmalarni shakllantirishga yoʻnaltirish, taʼlim dasturlarini xalqaro standartlarga moslashtirish, mutaxassisning bilim va malakasini xolis baholash hamda uning butun mehnat faoliyati davomida kasbiy rivojlanib borishini taʼminlaydigan yaxlit tizim yaratish maqsad qilingan.

Taqdimotda, avvalo, tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish choralari koʻrib chiqildi. Takliflar Kembrij, Pensilvaniya va Garvard universitetlari tavsiyalari asosida, xalqaro va mahalliy mutaxassislar ishtirokida ishlab chiqilgan.

Endilikda tibbiyot oliygohlariga qabul parametrlari hududlar va tibbiyot muassasalarining real ehtiyoji, kadrlar yetishmovchiligi asosida shakllantiriladi. Davlat buyurtmasi yoʻnalishlar kesimida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

2027/2028-oʻquv yilidan “Davolash ishi” yoʻnalishi oʻrniga 6 yillik “Umumiy tibbiyot” bakalavriat dasturini joriy etish taklif qilinmoqda. Besh yillik taʼlimdan keyin talabalar bir yil toʻliq amaliy tayyorgarlikdan oʻtadi. Dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar oilaviy shifokor sifatida ishlash imkoniyatiga ega boʻladi.

Oilaviy tibbiyot boʻyicha kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratiladi. Rezidentlarning oilaviy poliklinikalarda bir vaqtning oʻzida oʻqishi va amaliyot oʻtashi yoʻlga qoʻyiladi. Tor soha mutaxassislarini tayyorlash esa bosqichma-bosqich rezidenturaga oʻtkazilib, magistratura asosan ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga yoʻnaltiriladi.

Oʻrta tibbiyot kadrlarini tayyorlashda ham yangicha yondashuvlar joriy etiladi. Oliy maʼlumotli hamshiralarning tashxis, davolash va profilaktika jarayonlarida shifokorga yaqin koʻmakchi sifatidagi oʻrni oshiriladi.

Farmatsevtika taʼlimi ishlab chiqarish bilan yanada yaqin bogʻlanadi. Korxonalar ehtiyoji asosida dual taʼlim kengaytirilib, amaliy mashgʻulotlar ulushini oshirish, talabalarni dori vositalarini ishlab chiqishdan tortib, sifat nazorati va standartlashtirishgacha boʻlgan jarayonlarga jalb qilish belgilanmoqda.

Taqdimotning keyingi qismi tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tizimini joriy etishga bagʻishlandi.

Aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va xavfsizligini taʼminlash maqsadida mutaxassislarning bilim va amaliy tayyorgarligini mustaqil baholash tizimi joriy etiladi.

Barcha tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qamrab oladigan yagona elektron reyestr shakllantiriladi. U 16 ta axborot bazasi bilan integratsiya qilinib, mutaxassisning taʼlimi, malakasi va kasbiy faoliyatiga oid maʼlumotlarni bir joyda jamlash imkonini beradi.

Davlat roʻyxatidan oʻtishni 2027-yildan ixtiyoriy, 2030-yildan esa majburiy tartibda joriy etish taklif qilinmoqda. Keyinchalik davlat roʻyxatidan oʻtmagan mutaxassis tibbiy yoki farmatsevtik faoliyat bilan shugʻullana olmaydi.

Baholash bosqichma-bosqich – fundamental va klinik fanlar, keyin esa mutaxassislik boʻyicha amalga oshiriladi. Buning uchun yagona test va topshiriqlar banki, zamonaviy simulyatsion bazalar tashkil etiladi. Imtihondan oʻta olmagan mutaxassislarga qayta topshirish imkoniyati beriladi.

Yangi tizimga ixtiyoriy ravishda ertaroq kirgan xodimlarni ragʻbatlantirish ham nazarda tutilgan. Imtihondan muvaffaqiyatli oʻtib, davlat roʻyxatiga kiritilgan oliy maʼlumotli shifokor va farmatsevtika xodimlariga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 5 baravarigacha, oʻrta tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga 2,5 baravarigacha ustama toʻlash taklif etildi.

Davlat roʻyxatidan oʻtkazish va mutaxassislar malakasini baholash ishlarini tashkil etish uchun alohida markaz faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Taqdimotda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining uzluksiz kasbiy taʼlim tizimini takomillashtirish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Zamonaviy tibbiyotda diagnostika va davolash usullari, dori vositalari va texnologiyalar tez yangilanib borayotgani bois, mutaxassislarning bilim va amaliy koʻnikmalarini muntazam oshirib borish muhimligi taʼkidlandi.

Shu maqsadda barcha tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qamrab oladigan yangi uzluksiz kasbiy taʼlim tizimi joriy etiladi. Taʼlim provayderlari va dasturlari akkreditatsiyadan oʻtkazilib, jarayonlar raqamlashtiriladi.

Tizim kredit-modul tamoyiliga asoslanadi. Oliy maʼlumotli tibbiyot va farmatsevtika xodimlari har yili kamida 50 kredit, oʻrta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari esa 28 kredit toʻplashi belgilanmoqda. Ushbu kreditlar davlat roʻyxatidan oʻtish va kasbiy malakani tasdiqlashda hisobga olinadi.

Mutaxassisga taʼlim provayderi, dastur va oʻqish shaklini mustaqil tanlash huquqi beriladi. Anʼanaviy va masofaviy taʼlim, onlayn kurslar, ish joyida malaka oshirish, seminar va treninglar kabi turli shakllardan foydalanish mumkin boʻladi.

Xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan xorijiy dastur va tadbirlarda olingan kreditlarni Oʻzbekistonda tan olish mexanizmi ham joriy etiladi.

Uzluksiz kasbiy rivojlanish markazini tashkil etib, unga taʼlim sifati, provayderlar va dasturlar akkreditatsiyasi, zamonaviy standartlarni joriy etish vazifalarini yuklash taklif qilindi.

Kasbiy taʼlim dasturlarida aholi orasida eng koʻp uchraydigan va oʻlim xavfi yuqori boʻlgan kasalliklarga ustuvor eʼtibor qaratiladi. Kardiologiya, shoshilinch tibbiy yordam va onkologiya yoʻnalishlarida yetakchi xorijiy hamkorlar bilan zamonaviy dasturlar ishlab chiqiladi.

Prezidentimiz tibbiy taʼlim, mustaqil baholash, davlat roʻyxatidan oʻtkazish va uzluksiz kasbiy rivojlanishni oʻzaro bogʻlangan yagona tizim sifatida shakllantirish muhimligini taʼkidladi.

Mutasaddilarga yangi tartiblarni bosqichma-bosqich joriy etish, xalqaro standartlarni keng tatbiq qilish hamda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar, eng avvalo, tibbiy xizmat sifati va bemorlar xavfsizligini oshirishga xizmat qilishini taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berildi.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2026 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo