icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Milliy statistikada maʼlumotlarni boshqarishning yangi modeli joriy etiladi

02.09.2026

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish yakunlari hamda milliy statistika tizimida islohotlarni jadallashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimiz aholisi 1989-yildan buyon qariyb ikki barobar, iqtisodiyotimiz esa soʻnggi sakkiz yilda ikki karra oʻsdi. Bunday oʻzgarishlar aholi tarkibi, yashash manzillari, yer resurslari, qishloq xoʻjaligi hamda oziq-ovqat manbalari toʻgʻrisida aniq va ishonchli maʼlumotlarga boʻlgan ehtiyojni oshirdi.

Shu maqsadda joriy yilda oʻtkazilgan aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish natijalari boʻyicha axborot berildi.

Dastlabki natijalarga koʻra, yurtimizda doimiy aholi soni 39 million 47 ming nafarni tashkil etdi. Amaldagi hisobda aks etmagan 810,6 ming nafar aholining yashash manzili va ijtimoiy maqomiga aniqlik kiritildi.

Amaldagi maʼlumotlar bilan solishtirganda Jizzax viloyati aholisi 2,7 foiz, Namanganda 1,3 foiz, Surxondaryoda 0,9 foiz va Qashqadaryoda 0,7 foiz kam ekani aniqlandi. Buxoro viloyatida koʻrsatkich deyarli oʻzgarmagan, boshqa hududlarda esa oʻsgan. Xususan, Toshkent tumani aholisi avvalgi hisobga nisbatan 1,6 barobar koʻp, Andijon shahrida esa 15,8 foiz kam ekani maʼlum boʻldi.

Qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish natijasida hisobda aks etmagan 985,5 ming gektar yerning chegarasi va toifasi aniqlashtirildi. Shundan 789,5 ming gektari ekin yerlari, 14,1 ming gektari issiqxonalar, 75,3 ming gektari bogʻlar, 21,4 ming gektari tokzorlar va 85 ming gektari baliqchilik havzalariga toʻgʻri keladi.

Jarayonlarning raqamlashtirilgani hisobiga roʻyxatga olish xarajati aholi jon boshiga 1,5 ming soʻmdan oshmadi. Bu MDH davlatlaridagi koʻrsatkichlarga nisbatan 15 barobar kam. Internet orqali roʻyxatga olish qamrovi 82,3 foizni tashkil etdi. Barcha jarayonlar 15 kunda yakunlanib, Oʻzbekiston roʻyxatga olish tezligi boʻyicha dunyoda ikkinchi oʻrinni egalladi.

Roʻyxatga olish natijalari asosida aholi va qishloq xoʻjaligining doimiy yangilanib boradigan statistik registrlari shakllantiriladi. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlariga oid 100 ta, qishloq xoʻjaligi va ekin maydonlariga doir 50 ta koʻrsatkich yangilanadi. Shuningdek, 2017-2025-yillar uchun milliy hisoblar koʻrsatkichlari qayta baholanadi.

Taqdimotda iqtisodiy faoliyatni toʻliq statistik hisobga olish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Bugungi kunda kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 23 foizni yoki 246 trillion soʻmni tashkil etmoqda. Qishloq xoʻjaligida umumiy aylanmaning 60 foizi ushbu sektor hissasiga toʻgʻri keladi.

Mehnat bilan band boʻlgan 15,2 million aholining 6,5 millioni yoki 42 foizining daromadlari rasmiy hisobda toʻliq aks etmayapti. Roʻyxatdan oʻtgan koʻplab kichik va oʻrta biznes subyektlari amalda ishlamaydi yoki faoliyatini toʻxtatgan.

Mazkur holat halol ishlayotgan va soliq majburiyatlarini toʻliq bajarayotgan korxonalar uchun nosogʻlom raqobat muhitini yuzaga keltirmoqda. Har 4-5 soʻmlik iqtisodiy aylanmaning 1 soʻmi rasmiy statistika eʼtiboridan chetda qolmoqda. Ushbu faoliyatni tartibga solish budjetga qoʻshimcha oʻnlab trillion soʻm tushum taʼminlash va kelgusida soliq yukini kamaytirish imkonini beradi.

Shu munosabat bilan joriy yilning 15-oktabridan 30-noyabriga qadar biznesni roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazish taklifi maʼqullandi. Uning doirasida mamlakatda faoliyat yuritayotgan barcha iqtisodiy birliklar xatlovdan oʻtkazilib, subyektlarning holati, tarkibi va iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha taqsimotiga aniqlik kiritiladi. Korxona va tashkilotlar toʻgʻrisidagi statistik registrlar yangilanib, tanlanma kuzatuvlar uchun ishonchli asos yaratiladi.

Milliy statistika tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish boʻyicha rejalar ham koʻrib chiqildi. Tadbirkorlar taqdim etadigan hisobot yukini 20 foizga qisqartirish, maʼmuriy va muqobil maʼlumotlar manbalari sonini 1,7 barobar oshirish, ularga ishlov berish vaqtini 20 foizga va xarajatlarni 25 foizga kamaytirish maqsad qilingan.

Maʼlumotlarni boshqarish boʻyicha yagona yondashuvni shakllantirish maqsadida vazirlik va idoralar ishtirokida Maʼlumotlarni boshqarish komissiyasini tashkil etish taklif qilindi.

Komissiya joriy yil 1-dekabrga qadar davlat organlari va tashkilotlaridagi maʼlumotlarni boshqarish tizimlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazadi, 2027-yil 1-maygacha ularni takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlaydi.

2027-yil 1-iyulga qadar Milliy maʼlumotlar platformasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Platforma maʼlumotlarni yagona tizimga integratsiya qilish, ularning sifati va xavfsizligini taʼminlash, tahlil va zamonaviy raqamli xizmatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, Ochiq maʼlumotlar bilan ishlash boʻyicha loyiha ofisini tashkil etish va davlat idoralari uchun “Ochiq maʼlumotlar reytingi”ni joriy qilish taklif etildi.

Statistika sohasida kadrlar tayyorlash va tadqiqotlarni kengaytirish maqsadida Maʼlumotlarga asoslangan boshqaruv maktabini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Unda davlat idoralari, biznes, statistika organlari, ommaviy axborot vositalari, tadqiqotchilar va talabalar uchun maʼlumotlarni boshqarish, biznes-tahlil, sunʼiy intellekt, maʼlumotlar jurnalistikasi va vizualizatsiya boʻyicha oʻquv dasturlari yoʻlga qoʻyiladi.

Milliy statistika tizimida raqamli texnologiyalardan foydalanish ham kengaytiriladi. 2027-yil 1-iyulga qadar statistik maʼlumotlar sunʼiy intellekt tizimlari oʻqiy oladigan formatlarda eʼlon qilinadi. Statistik koʻrsatkichlarni taqqoslash va chuqur tahlil qilish imkonini beruvchi sunʼiy intellekt agentlari joriy etiladi. 2027-yil yakuniga qadar aholi, demografiya, qishloq xoʻjaligi, infratuzilma va hududiy rivojlanishga oid maʼlumotlar geofazoviy raqamli xaritalarda aks ettiriladi.

Shuningdek, 2027-2028-yillarda Multiindikator klaster kuzatuvining yettinchi raundini oʻtkazish hamda Xalqaro valyuta jamgʻarmasi ishtirokida milliy statistika tizimining xalqaro standart va kodekslarga muvofiqligini baholash rejalashtirilgan.

Taqdimotda “Statistikani rivojlantirish – 2030” milliy strategiyasi loyihasi ham koʻrib chiqildi. Unda statistika tizimini muvofiqlashtirish va maʼlumotlar sifatini taʼminlash, xalqaro standart va metodologiyalarni joriy etish, raqamli transformatsiya, maʼmuriy va muqobil maʼlumotlardan keng foydalanish hamda foydalanuvchiga yoʻnaltirilgan ochiq statistikani rivojlantirish ustuvor yoʻnalishlar etib belgilangan.

Davlatimiz rahbari aniq, tezkor va ishonchli statistika davlat siyosatini belgilash, hudud va tarmoqlarni rivojlantirish boʻyicha toʻgʻri qarorlar qabul qilishning muhim sharti ekanini taʼkidladi.

Mutasaddilarga roʻyxatga olish natijalarini chuqur tahlil qilib, davlat dasturlarida keng qoʻllash, biznesni roʻyxatga olish tadbirini sifatli uyushtirish, maʼlumotlarni boshqarishning yagona tizimini joriy qilish hamda milliy statistika tizimini xalqaro standartlar asosida izchil rivojlantirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2026 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo