30.08.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan 31-avgust – 1-sentabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining navbatdagi yigʻilishi hamda “ShHT plyus” formatidagi uchrashuvda ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Bishkek shahrida boʻladi.
Sammit kun tartibidan ShHT doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va tashkilot faoliyatini takomillashtirishga oid dolzarb mavzular oʻrin olgan. Xalqaro va mintaqaviy hamkorlik masalalari ham muhokama qilinadi.
Yigʻilish yakunida ShHTning 25 yilligiga bagʻishlangan Bishkek deklaratsiyasi hamda xavfsizlik, iqtisodiyot, transport, ekologiya, sunʼiy intellekt, madaniy-gumanitar almashinuv va hamkorlikning boshqa koʻplab yoʻnalishlarida sheriklikni kengaytirishga qaratilgan hujjatlar toʻplamini qabul qilish rejalashtirilgan.
Sammit doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazadi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Oʻzbekiston yetakchisi VI Butunjahon koʻchmanchilar oʻyinlarining ochilish marosimida ham ishtirok etadi.


