23.08.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasiga tashrif buyurdilar.
Bu yerda Ozarbayjon yetakchisiga Yangi Toshkent bosh rejasi, qurilish ishlarining borishi, shaharning transport va muhandislik infratuzilmasi hamda istiqboldagi rivojlanish rejalari haqida taqdimot qilindi.
Yangi Toshkent 20 ming gektar maydonda barpo etilib, istiqbolda 2 million aholi yashashi uchun moʻljallangan. 2034-yilga qadar bu yerda 200 mingta xonadon qurilishi rejalashtirilgan.
Loyihaning 6 ming gektarni qamrab olgan birinchi bosqichida zamonaviy turar joylar, ijtimoiy va biznes obyektlari, taʼlim va madaniyat maskanlari bunyod etilmoqda. Xususan, “Yangi Oʻzbekiston” universiteti, Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti va boshqa oliy taʼlim muassasalarining kampuslari qurilmoqda.
Shaharni barpo etishda zamonaviy urbanistika, “yashil shahar” va energiya samaradorligi tamoyillariga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Muhandislik kommunikatsiyalarini yer ostida joylashtirish, energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanish, keng yashil hududlar va jamoat makonlarini tashkil etish koʻzda tutilgan.
Transport infratuzilmasi ham yangi shaharning muhim tarkibiy qismi boʻladi. Yangi koʻpriklar, metro liniyasi, piyodalar va velosiped yoʻlaklari Yangi Toshkentni poytaxtning mavjud hududlari bilan uzviy bogʻlaydi.
Shuningdek, shaharda davlat idoralari, ilmiy va madaniy markazlar, mehmonxonalar, servis hamda biznes majmualari barpo etiladi. Loyihaga mahalliy va xorijiy investorlar keng jalb qilinmoqda.
Prezident Ilhom Aliyevga Yangi Toshkentning maketi va rejalashtirilayotgan yirik obyektlar haqida maʼlumot berildi.


