20.08.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyati misolida mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash, daromadlarni oshirish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbarining Xorazm viloyatiga tashrifi chogʻida hududni kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish boʻyicha qator topshiriqlar berilgan edi.
Taqdimotda ushbu topshiriqlar ijrosini har bir mahalla kesimida taʼminlash, mavjud imkoniyatlarni aniq loyihalar va barqaror ish oʻrinlariga aylantirish boʻyicha ishlab chiqilgan rejalar koʻrib chiqildi.
Joriy yilning oʻtgan davrida viloyatda 162 ming nafar aholining daromadi oshirildi, 29 ming kishi doimiy ishga joylashtirilib, 37 ming nafar fuqaroning norasmiy bandligi qonuniylashtirildi.
Kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash doirasida 28,9 mingta oiladagi 126,6 ming nafar aholiga 40 mingdan ziyod xizmat koʻrsatildi. Jumladan, 12,4 ming kishi doimiy ishga joylashtirildi, 23,6 ming nafari tadbirkorlikka jalb qilindi, 3,3 ming kishiga moliyaviy koʻmak koʻrsatilib, 1,1 ming nafari kasb-hunarga oʻqitildi.
Natijada yil boshidan “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan 29 mingta oiladagi 127 ming nafar aholining rasmiy daromadi va moddiy ahvoli yaxshilandi. Ushbu oilalar kambagʻallikdan chiqarildi. Viloyatda kambagʻallik darajasi yil boshidagi 6,7 foizdan 3,9 foizga pasaydi.
Ayni paytda viloyatda 39 ming nafar ishsiz fuqaro bor, 102 ming kishi mehnat migratsiyasida.
Bandlik sohasidagi asosiy masalalardan biri mavjud vakansiyalar bilan ish izlovchilarning kasbiy tayyorgarligi oʻrtasidagi tafovut ekani qayd etildi. Ayni paytda 50 mingdan ziyod vakansiya mavjud boʻlsa-da, zarur malakaga ega kadrlar yetishmasligi sababli ularning bir qismi boʻsh qolmoqda.
Davlatimiz rahbari kasb-hunarga oʻqitish tizimini qayta koʻrib chiqish va uni mehnat bozori ehtiyojlari bilan uzviy bogʻlash zarurligini taʼkidladi.
Oʻtkazilgan soʻrovlarda oliy taʼlim muassasalari talabalarining 63 foizi oʻqish jarayonida yetarli amaliy koʻnikmalarni egallamayotganini qayd etgan. Shu bois, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalarida amaliy tayyorgarlikni kuchaytirish, oliy taʼlim tashkilotlarining mavjud imkoniyatlaridan kasbga oʻrgatishda keng foydalanish vazifasi qoʻyildi. Universitetlarda kunning ikkinchi yarmida talabalarning kasbiy va amaliy koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan mashgʻulotlarni tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.
Kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha ishlarni yangicha tashkil etish, odamlarning mehnat va tadbirkorlikka munosabatini oʻzgartirish, shuningdek, ularning faolligi va tashabbuskorligini ragʻbatlantirish muhimligi qayd etildi.
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikni taʼminlash maqsadlariga jami 6,4 trillion soʻm yoʻnaltirildi. Tijorat banklarining 2,1 trillion soʻmlik resurslari hisobidan mahallalardagi loyihalarga 1,5 trillion soʻm kredit ajratildi. Shu tariqa viloyatdagi barcha mahallalar moliyaviy resurslar bilan qamrab olindi.
Prezidentimiz banklarning ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirishdagi amaliy hissasi mahallalardagi natijalarda koʻrinishi kerakligini taʼkidladi. Banklar hududlardagi imkoniyat va tashabbuslarni aniq biznes loyihalariga aylantiradigan “loyihalar fabrikasi” boʻlishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Shuningdek, “mahalla yettiligi” va mahalla bankirlari faoliyati samaradorligini oshirish, ularning ishini aniq natijadorlik koʻrsatkichlari asosida baholash masalalariga eʼtibor qaratildi. Kambagʻallikni qisqartirishda ularning vazifalari, ish usullari va masʼuliyat doirasini belgilash boʻyicha yangi mexanizmlarni ishlab chiqish topshirildi.
Taqdimotda yil yakuniga qadar 18 mingta kam taʼminlangan oiladagi 81 ming nafar aholini kambagʻallikdan chiqarish va 39 ming nafar ishsiz fuqaroni doimiy ish bilan taʼminlash rejalari bayon qilindi.
– Bular oddiy raqamlar emas. Har bir insonga alohida yondashib, uning imkoniyatlarini yaxshi bilishimiz, shundan kelib chiqib, munosib ish topib berishimiz kerak, – dedi Prezidentimiz.
Buning uchun sanoat, xizmat koʻrsatish, turizm, transport, qishloq xoʻjaligi va qurilish sohalaridagi investitsiya loyihalari ishga solinadi. Mikrosanoat markazlarida 250 ta yangi korxona tashkil etilib, mahalla bankirlari ishtirokidagi loyihalar kengaytiriladi, yangi ish oʻrinlari yaratish va tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirish choralari koʻriladi.
Parrandachilik, chorvachilik, baliqchilik, mebel ishlab chiqarish, issiqxona xoʻjaligi va oʻsimlikchilik yoʻnalishlarida 36 ta kooperatsiya tashkil etilib, ularga 201 ta mahalladagi 15,8 mingta kam taʼminlangan oila jalb qilinadi.
Shuningdek, 12 ta tayanch va 38 ta yondosh mahallada 70 ta “lokomotiv” loyiha amalga oshirilib, 1,1 mingta ish oʻrni yaratiladi. Tadbirkorlik loyihalari uchun 650 milliard soʻm ajratilib, 2,5 mingta mikroloyiha roʻyobga chiqariladi.
Yangiariq tumanidagi Shixbogʻi mahallasini tayanch mahalla sifatida rivojlantirish rejasi ham muhokama markazida boʻldi. U bilan birga Qarmish, Sherobod va Kattabogʻ mahallalari qamrab olinadi. Ushbu mahallalarda jami 18,2 ming nafar aholi istiqomat qiladi, 319 ta tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda.
Tayanch va unga tutash mahallalarda sanoat zonasi, mikrosanoat markazi, zamonaviy bozor va xizmat koʻrsatish obyektlarini tashkil etish, intensiv bogʻ barpo qilish, chorvachilik va parrandachilik majmualarini ishga tushirish moʻljallangan. Shuningdek, ichki yoʻllar, piyodalar yoʻlagi, elektr va suv taʼminoti infratuzilmasi yaxshilanadi.
Xorijiy konsalting tashkilotlari ishtirokida mazkur hududni rivojlantirishning master rejasi ishlab chiqilib, mahalliy loyihachilarning malakasi oshiriladi. Mazkur choralar orqali 1,5 mingta barqaror ish oʻrni yaratish, aholi daromadini 20-30 foizga oshirish hamda hududni kambagʻallik va ishsizlikdan xoli qilish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari ehtiyojmand aholi qatlamlari bilan ishlashning amaldagi mexanizmlari va metodologiyasini toʻliq qayta koʻrib chiqish zarurligini taʼkidladi. Mamlakatimizda kambagʻallikka qarshi kurashish siyosatini yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha takliflar tayyorlash hamda ularni alohida videoselektor yigʻilishida muhokama qilish belgilandi.


