07.08.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda sunʼiy intellekt ekotizimini rivojlantirish boʻyicha erishilgan natijalar va istiqboldagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Soʻnggi yillarda amalga oshirilgan ishlar natijasida Oʻzbekiston sunʼiy intellektga tayyorlik boʻyicha xalqaro reytingda 25 pogʻona yuqorilab, 62-oʻringa koʻtarildi. 2030-yilga qadar yurtimizni mazkur reytingda dunyodagi eng ilgʻor 50 ta davlat qatoriga kiritish maqsad qilingan.
Shuningdek, sunʼiy intellekt asosida yaratilgan dasturiy mahsulot va xizmatlar hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazish, infratuzilmani kengaytirish hamda 200 dan ortiq yangi loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari sohadagi texnologiyalar shiddat bilan oʻzgarayotganini taʼkidlab, jahon va mintaqadagi tendensiyalarni muntazam tahlil qilish, ilgʻor ishlanmalarni tezkor oʻzlashtirish va yangi tashabbuslarni ilgari surish zarurligini qayd etdi.
Avvalo, taqdimotda zamonaviy hisoblash infratuzilmasini rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.
Oʻtgan oyda “Raqamli hukumat” data-markazida AQShning NVIDIA texnologiyalari asosidagi superkompyuter ishga tushirildi. U quvvati boʻyicha jahon reytingida 321-oʻrinni egalladi. Bir oy ichida klaster yuklamasining 90 foizga yetgani mamlakatimizda hisoblash quvvatlariga talab yuqori ekanini koʻrsatmoqda.
Bugungi kunga qadar 24 million dollarlik zamonaviy hisoblash infratuzilmasi ishga tushirildi. Mavjud klasterni kengaytirish uchun yana 70 million dollar yoʻnaltirish taklif qilindi. Qoʻshimcha mablagʻlar manbalari, zarur uskunalarni olib kelish muddatlari hamda Qoraqalpogʻistonda xorijiy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan data-markazlar loyihalari boʻyicha axborot berildi.
Sunʼiy intellekt yechimlarining samaradorligi sifatli maʼlumotlar bazasiga bevosita bogʻliqligi taʼkidlandi. Shu bois, vazirlik va idoralardagi mavjud maʼlumotlarni xatlovdan oʻtkazish, ularning toʻliqligi, ishonchliligi va oʻzaro muvofiqligini taʼminlash, sohalar kesimida sifatli maʼlumotlar toʻplamlarini shakllantirish vazifasi qoʻyildi.
Joriy yilning oʻzida iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda sunʼiy intellekt asosida amalga oshiriladigan loyihalar sonini 100 tadan oshirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Tibbiyot, energetika, transport, bojxona, huquqiy xizmatlar, jamoat xavfsizligi, ekologiya va geologiya yoʻnalishlarida ishlab chiqilayotgan yechimlar taqdim qilindi.
Bu borada IT-Park rezidentlari, startaplar va 20 dan ortiq sunʼiy intellekt laboratoriyalari bilan tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish muhimligi qayd etildi. Joriy yilda ushbu yoʻnalishda faoliyat yuritayotgan rezidentlar sonini 300 taga, ular tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar hajmini 2 trillion soʻmga, eksportni esa 160 million dollarga yetkazish kutilmoqda.
Kadrlar tayyorlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bugungi kunga qadar 1,5 milliondan ortiq foydalanuvchi sunʼiy intellekt boʻyicha maxsus sertifikat oldi. Shuningdek, 900 nafar rahbar, 3 mingdan ziyod davlat xizmatchisi, 1 ming nafar bank xodimi va 200 nafar maslahatchi maxsus kurslarda oʻqitildi.
Kelgusi ikki yilda “Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihasini toʻliq amalga oshirish, oʻquvchilar, talabalar, oʻqituvchilar va keng aholi qatlamlari uchun zamonaviy oʻquv-uslubiy materiallarni ishlab chiqish vazifasi belgilandi.
Nukus, Samarqand, Termiz, Buxoro, Fargʻona, Andijon, Guliston va Jizzax shaharlarida sohaviy xakaton va tanlovlar oʻtkazildi. “Sunʼiy intellekt yoʻnalishida eng yaxshi startap” tanloviga start berildi. Bunday xakatonlarni barcha hududlarda tashkil etish topshirildi.
Viloyat, tuman va shahar hokimlarining sunʼiy intellekt boʻyicha maslahatchilari faoliyati ham muhokama qilindi. 500 nafar nomzod orasidan 222 nafar maslahatchi saralab olingan. Ushbu lavozimlarga xorijda taʼlim olgan va zamonaviy texnologiyalarni puxta egallagan yosh mutaxassislarni keng jalb qilish, ularning ishini aniq natija va samaradorlik koʻrsatkichlari asosida baholash zarurligi taʼkidlandi.
Maslahatchilar faoliyati, amalga oshirayotgan loyihalari va tashabbuslarini monitoring qilish hamda qoʻllab-quvvatlashga moʻljallangan alohida raqamli platformani ishga tushirish vazifasi qoʻyildi.
Taqdimotda sunʼiy intellekt sohasidagi xalqaro hamkorlik istiqbollari ham koʻrib chiqildi. Maʼlumki, Oʻzbekiston yaqinda WAICO – Sunʼiy intellekt sohasida hamkorlik boʻyicha Butunjahon tashkiloti tashkilotiga taʼsischi davlatlardan biri sifatida aʼzo boʻldi.
Endi mazkur tashkilotda ishtirok etish orqali ilgʻor texnologiyalar, katta til modellari va raqamli transformatsiya yechimlarini mamlakatimizda joriy etish, xorijiy texnologik kompaniyalar va ilmiy muassasalar bilan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha yangi tashabbuslarni ilgari surish zarurligi qayd etildi.
Prezidentimiz mutasaddilarga hisoblash quvvatlarini izchil oshirish, sohalarda amaliy loyihalarni koʻpaytirish, sifatli maʼlumotlar bazasini yaratish, iqtidorli yoshlar va startaplarni qoʻllab-quvvatlash hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish boʻyicha aniq topshiriqlar berdi.


