icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Oʻzbekiston xalqiga bayram tabrigi

30.07.2026

Qadrli vatandoshlar!

Avvalo, siz, azizlarni, butun Oʻzbekiston xalqini yurtimizda keng nishonlanayotgan qutlugʻ ayyom – Xalqlar doʻstligi kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Hech shubhasiz, ushbu quvonchli bayramda koʻp millatli xalqimizning olijanob intilishlari, amaliy harakatlari bilan jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, millatlar va dinlararo doʻstlik, bagʻrikenglik hamda hamjihatlik bizning eng bebaho boyligimiz ekanini yanada chuqur his etamiz.

Bugungi kunda yurtimizda 130 dan ziyod millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari bir oila farzandlari kabi ahil va inoq yashab, mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshib kelayotganini barchamiz yuksak qadrlaymiz.

Gʻoyat noyob ijtimoiy hodisa boʻlgan bunday milliy-madaniy xilma-xillik Yangi Oʻzbekistonning har bir fuqarosi, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, erkin va farovon yashaydigan insonparvar davlat sifatidagi oʻrni hamda nufuzini oshirishda muhim rol oʻynamoqda.

Keyingi yillarda “Bizning kuchimiz – birlik va hamjihatlikda” degan ezgu gʻoya asosida yurtimizda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikning oʻziga xos ibratli modelini yaratganimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi.

Hozirgi vaqtda millatlararo munosabatlar sohasida amalga oshirayotgan islohotlarimiz koʻlami tobora kengayib, sifat va mazmun jihatidan yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Bu borada qabul qilingan 10 ta normativ-huquqiy hujjat, jumladan, Millatlararo munosabatlar sohasida davlat siyosati konsepsiyasi faoliyatimiz samarasini oshirishda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda.

Keyingi yillarda koʻrkam binolarda faoliyat yuritayotgan 157 ta milliy madaniy markaz va 46 ta doʻstlik jamiyatining moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Ushbu maskanlarda oʻtkazilayotgan umummilliy bayramlar, doʻstlik kechalari, festival va uchrashuvlar mamlakatimizning madaniy qiyofasini belgilaydigan muhim maʼrifiy tadbirlarga aylanib bormoqda.

Yurtimizdagi taʼlim muassasalarida oʻquv jarayonlari yetti tilda olib borilmoqda, qardosh tillardagi maktablar davlat hisobidan darslik va adabiyotlar bilan taʼminlanmoqda. Teleradiokanallar orqali 12 tilda koʻrsatuv va eshittirishlar efirga uzatilmoqda, 14 tilda gazeta va jurnallar nashr etilmoqda.

Oʻtgan yili Xalqlar doʻstligi kuni arafasida poytaxtimizda ochilgan milliy madaniy markazlarning pavilyoni xalqaro jamoatchilik tomonidan keng eʼtirof etilib, koʻplab xorijlik mehmonlar ham tashrif buyuradigan maskanga aylandi.

Poytaxtimizdagi “Yangi Oʻzbekiston” parki hududida “Bagʻrikenglik bogʻi”, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda etno va sayyohlik qishloqlari tashkil etilgani mazkur yoʻnalishdagi faoliyatni kengaytirishda muhim rol oʻynamoqda.

Turli millatga mansub yurtdoshlarimiz orasida oʻnlab deputat va senatorlar, davlat va jamoat arboblari, taniqli ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, sanʼat va sport namoyandalari, biznes vakillari munosib faoliyat koʻrsatayotgani, ularning 2 ming nafarga yaqini Vatanimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlangani mamlakatimizda hukm surayotgan ijtimoiy tenglik, adolat va inklyuzivlikning amaliy namunasi, desak, toʻgʻri boʻladi.

Muhtaram yurtdoshlar!

Bepoyon Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlarining qadimdan mushtarak maqsadlar asosida yashab, mehnat qilib, taraqqiyot borasida qanday ulkan natijalarga erishganlari, bunday ezgu anʼanalar keyingi yillarda yanada kuchayib, yangi bosqichga koʻtarilayotganini barchamiz koʻrib turibmiz.

Biz qoʻshni davlatlar bilan doʻstlik, oʻzaro ishonch va hurmatga asoslangan munosabatlarimizni mustahkamlab, strategik sheriklik va ittifoqchilikni yanada rivojlantirmoqdamiz.

Xalqlarimiz oʻrtasida erkin bordi-keldilar, iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar kengayib, yangicha maʼno-mazmun bilan boyib borayotgani, bunday hayotbaxsh jarayonlarda Oʻzbekistonning alohida oʻrni va hissasi borligi ayniqsa diqqatga sazovor.

Soʻnggi yillarda sizlar bilan, el-yurtimiz bilan birgalikda xalqlar doʻstligini mustahkamlash yoʻlida erishgan yutuqlarimizni yanada boyitish biz uchun bundan buyon ham bosh vazifa boʻlib qoladi.

Barchamiz yaxshi bilamiz, turli millat vakillarini oʻzaro yaqinlashtirishda sanʼat va madaniyat hamisha maʼnaviy koʻprik vazifasini bajarib kelgan. Har qaysi millatning betakror sanʼatini ayni shu asosda rivojlantirish bu – umumbashariy birlik va ahillikka olib boradigan eng ishonchli yoʻldir.

Shu maqsadda mamlakatimizda turli millat va elat vakillaridan tarkib topadigan professional “Doʻstlik” ansamblini tashkil etishni reja qilganmiz va buning uchun barcha sharoitlarni yaratib beramiz.

Oʻylaymanki, mazkur yangi ijodiy jamoa ana shunday qulay muhitda shakllanib va rivojlanib, mamlakatimiz madaniy hayotida albatta munosib oʻrin egallaydi.

Qadrli doʻstlar!

Hech qachon unutmaylik, xalqlar doʻstligi bu – muqaddas insoniy qadriyat, tinch, erkin va farovon hayot garovidir. Bugungi kunda barchamiz oʻzimiz, oilamiz, farzandlarimizning baxti, jonajon Oʻzbekistonimizning taqdiri va kelajagi uchun yagona xalq, yagona jamiyat boʻlib harakat qilayotgan ekanmiz, yuksak maqsadlarimizga albatta yetamiz.

Siz, azizlarni, butun xalqimizni 30-iyul – Xalqlar doʻstligi kuni bilan yana bir bor chin dildan tabriklayman.

Barchangizga sihat-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, oilaviy baxt, mamlakatimiz ravnaqi yoʻlidagi olijanob faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman.

Oʻzbekistonimiz doimo tinch va barqaror boʻlsin, birgalikdagi fidokorona mehnatimiz bilan yanada gullab-yashnasin!

 

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2026 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo