icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Energetika tarmogʻida boshqaruv va masʼuliyatni kuchaytirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilandi

27.07.2026

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoqilgʻi-energetika tarmogʻidagi kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Davlatimiz rahbari soʻnggi oʻn yilda energetika sohasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilganini taʼkidladi. Sohaga xususiy sektor va xorijiy investorlarni jalb qilish uchun zarur huquqiy va tashkiliy sharoitlar yaratildi.

Natijada energetika tarmogʻiga 23 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritildi, joylarda umumiy quvvati 9,5 gigavatt boʻlgan elektr stansiyalari ishga tushirildi. Elektr va gaz tarmoqlari, podstansiyalar, transformatorlar hamda gaz taqsimlash qurilmalarini yangilashga 30 trillion soʻm yoʻnaltirildi.

Shu bilan birga, yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish, tizimni boshqarish, joylarda talab va ijro intizomini taʼminlash boʻyicha jiddiy kamchiliklar saqlanib qolayotgani koʻrsatib oʻtildi.

– Ochiq aytish kerak. Energetikada muammo mablagʻda emas, chunki qancha kerak boʻlsa, topib beryapmiz. Muammo tizimning boshqaruvida, – dedi Prezidentimiz.

Ayrim hududlarda infratuzilma deyarli bir xil boʻlsa-da, elektr va gaz taʼminoti sifati keskin farq qilishi qayd etildi. Bu, avvalo, rahbarlarning talabi, nazorati va shaxsiy masʼuliyati turlicha ekani bilan izohlandi.

Joriy yilning iyun-iyul oylarida elektr tarmoqlarida 4 mingga yaqin avariya sodir boʻlgan. Oqibatda ayrim hududlarda aholi va tadbirkorlar 8-10 soatgacha elektrsiz qolgan. Ayni paytda koʻplab hududlarda isteʼmolning oʻsishi va infratuzilmaga tushadigan yuklama oldindan hisobga olinmagan.

Tarmoqdagi elektr energiyasi yoʻqotishlari 17,2 foizni tashkil etmoqda. Oʻtgan olti oyda 4,8 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi yoʻqotilgan.

ASKUE va ASKUG tizimlari joriy qilinganiga qaramay, yuz minglab elektr va gaz hisoblagichlari markazlashgan tizimga maʼlumot uzatmayotgani koʻrsatib oʻtildi. Bu isteʼmolni toʻgʻri hisobga olish, yoʻqotishlar va debitor qarzdorlikni kamaytirishga toʻsqinlik qilmoqda.

Davlatimiz rahbari energetika tizimidagi har bir rahbarning ishi, eng avvalo, odamlarning kundalik hayotida va tadbirkorlik faoliyatida sezilishi kerakligini taʼkidladi.

Tizimdagi jiddiy kamchiliklar uchun energetika vaziri va “Hududiy elektr tarmoqlari” rahbari lavozimidan ozod etildi. “Milliy elektr tarmoqlari”, “Issiqlik elektr stansiyalari”, “O‘ztransgaz” va “Hududgazta’minot” rahbarlariga yil yakunigacha sinov muddati belgilandi.

Energetika vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” va “Oʻzenergoinspeksiya”ning yangi rahbarlari bugundan yangicha ish uslubini joriy qilishi shartligi qayd etildi.

Yigʻilishda elektr va gaz taʼminoti bilan bogʻliq ishlarni “tumanbay” va “mahallabay” tashkil etish boʻyicha yangi tizim belgilab berildi. Har bir hududning aholi, tadbirkorlik subyektlari va ijtimoiy obyektlar kesimida energiya isteʼmoli balansi shakllantiriladi.

Qaysi mahallada tarmoq, transformator yoki gaz taqsimlash qurilmasini yangilash zarurligi aniq belgilanadi. Avariyalarni kamaytirish, hisoblagichlarni yagona tizimga ulash, energiya yoʻqotishlari va qarzdorlikni keskin qisqartirish boʻyicha manzilli dasturlar ishlab chiqiladi.

Bu borada Yangiyoʻl tumanida namunaviy tizim yaratish vazifasi qoʻyildi. Tumandagi 51 ta mahallada aholi va tadbirkorlarning elektr hamda gazga boʻlgan oylik, choraklik va yillik ehtiyoji toʻliq oʻrganiladi.

Zarur infratuzilma, taʼmirlash ishlari va ularni moliyalashtirish manbalari aniq reja asosida belgilanadi. Barcha ishlar 1-oktabrgacha yakunlanib, Yangiyoʻl elektr va gaz taʼminoti boʻyicha namunaviy tumanga aylantiriladi.

Ushbu tajriba keyinchalik respublikaning barcha tuman va shaharlariga tatbiq etiladi. Energetika tizimi rahbarlari hududlardagi eng ogʻir tumanlarga biriktirilib, ishlarni mahalliy hokimliklar bilan birgalikda tashkil qiladi.

Energetika tarmogʻida raqamlashtirish va sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng joriy etishga alohida eʼtibor qaratildi.

Energetika vazirligi tarkibida Yoqilgʻi-energetika tarmogʻini raqamlashtirish va sunʼiy intellektni joriy etish markazi tashkil etiladi. Markaz “ishlab chiqarish – uzatish – taqsimlash – yetkazish” zanjirini toʻliq tahlil qilib, sohani rivojlantirishning muqobil ssenariylarini ishlab chiqadi.

ASKUE va ASKUG maʼlumotlari sunʼiy intellekt asosida tahlil qilinib, shubhali isteʼmol, yoʻqotish va qarzdorlik holatlarini avtomatik aniqlaydigan platforma ishga tushiriladi.

Shuningdek, tarmoqdagi har bir rahbar va xodim faoliyati aniq natija koʻrsatkichlari asosida baholanadi. Bunda avariyaviy va rejali uzilishlar, yoʻqotishlar, debitor qarzdorlik, quvvatlar rezervi hamda taʼmirlash dasturlarining bajarilishi asosiy mezon boʻladi.

Yigʻilishda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari ham muhokama qilindi. Hozir tabiiy gaz yetkazib berish qiyin boʻlgan 1 ming 916 ta mahalla mavjud.

Ushbu hududlardagi xonadonlarning isitish tizimini barqarorlashtirish, elektr infratuzilmasini mustahkamlash va qoʻshimcha energiyaga boʻlgan ehtiyojni taʼminlash boʻyicha aniq hisob-kitoblar tayyorlanadi. Birinchi navbatda moliyalashtirish talab etiladigan mahallalar boʻyicha alohida dastur ishlab chiqiladi.

Bugungi kunda 3 million 700 ming xonadon suyultirilgan gazdan foydalanadi. Tizim raqamlashtirilib, tartibga keltirilgan boʻlsa-da, gazni oʻz vaqtida va kafolatli yetkazib berish masalasi toʻliq hal etilmagani qayd etildi.

Suyultirilgan gaz taʼminotiga xususiy sektorni keng jalb qilish vazifasi qoʻyildi. Bu borada dastlab Andijon viloyatida yangi tajriba joriy etiladi.

Tadbirkorlarga oʻzi import qilgan yoki birjadan xarid qilgan suyultirilgan gazni aholi va biznes subyektlariga yetkazib berish imkoniyati yaratiladi. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga esa suyultirilgan gaz xaridi uchun subsidiya beriladi.

Yil yakunigacha bu borada “Andijon tajribasi” yaratilib, keyinchalik boshqa hududlarga tatbiq etiladi.

Suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni yil yakunigacha rejadagi 520 ming tonna oʻrniga 606 ming tonnaga yetkazish belgilandi.

Shuningdek, xonadonlarning real ehtiyojidan kelib chiqib, gaz ballonlari hajmini tabaqalashtirish taklif qilindi. Suyultirilgan gazni tashish, saqlash va tarqatish tizimi xorijiy tajriba hamda xalqaro standartlar asosida qayta koʻrib chiqiladi.

Davlatimiz rahbari energetika sohasi uchun zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida toʻxtaldi.

Hozir 25 ta texnika oliygohida energetika yoʻnalishida yiliga 5,5 ming mutaxassis tayyorlanmoqda. Biroq taʼlim amaliyot bilan yetarlicha bogʻlanmagani sababli bitiruvchining ishga kirishib ketishiga 2-3 yil vaqt ketmoqda.

Shu munosabat bilan oliy taʼlim muassasalaridagi yoqilgʻi-energetika yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim dasturlarini toʻliq yangilash, laboratoriya va poligonlarni zamonaviy talablarga moslashtirish topshirildi.

Yangi oʻquv yilidan 3-kurs talabalarining yarmi, 4-kurs talabalarining barchasi dual taʼlimga qamrab olinadi. Quyosh va shamol generatorlari, elektr zaryadlash uskunalari hamda boshqa yangi texnologiyalar boʻyicha mutaxassislar tayyorlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi.

Yigʻilish yakunida belgilangan vazifalarni qisqa muddatlarda va sifatli amalga oshirish, tarmoqda ijro intizomi hamda shaxsiy masʼuliyatni tubdan kuchaytirish boʻyicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2026 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo