icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Davlatimiz rahbari Toshkent viloyati jamoatchiligi vakillari bilan uchrashdi

22.07.2026

Prezident Shavkat Mirziyoyev Nurafshon shahridagi “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida Toshkent viloyati jamoatchiligi bilan tantanali uchrashuvda ishtirok etdi.

Tadbirda nuroniylar, yoshlar va faollar qatnashdi. Mamlakatimiz yetakchisi yigʻilganlarni samimiy qutlab, viloyat ahli bilan yana bir bor diydor koʻrishib turganidan mamnunligini bildirdi.

Qayd etilganidek, yaqin yillargacha katta iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatga ega Toshkent viloyatining oʻz maʼmuriy markazi mavjud emas edi. Qisqa vaqt ichida Nurafshon shahri yangitdan barpo etilib, bu yerda zamonaviy maʼmuriy, ijtimoiy va madaniy infratuzilma shakllantirildi.

Shaharda “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi, “Vatanparvar bogʻi”, matonatli oʻzbek ayoli Zulfiya Zokirovaga bagʻishlangan yodgorlik majmuasi, xiyobonlar, sunʼiy koʻl, amfiteatr va favvoralar, keng yashil hududlar, velosiped hamda piyodalar yoʻlaklari barpo etildi.

– Bu yerdagi har bir korxona, har bir koʻcha va bino, maydon va xiyobon sergʻayrat, mehnatkash va fidoyi viloyat ahli bilan birgalikdagi ishlarimizning natijasidir, – dedi Prezidentimiz.

Bugun Nurafshon shahri Yangi Oʻzbekiston timsoli sifatida namoyon boʻlayotgani taʼkidlandi. Shaharning nomi “nur sochuvchi”, “ziyo tarqatuvchi” degan maʼnolarni anglatishi, shu bois, goʻzal kent zamonaviy qiyofasi, taraqqiyoti, madaniyati, boshqaruvi va inson qadriga boʻlgan munosabati bilan ham boshqalarga namuna boʻlishi kerakligi qayd etildi.

Nurafshon mamlakatimizda “aqlli shahar” modeli asosida barpo etilayotgan birinchi shahar sifatida ham tarixga kirmoqda. Bu yerda raqamli boshqaruv, intellektual transport, energiya tejamkor texnologiyalar, madaniy maskanlar va ekologik infratuzilma yagona tizimga birlashtirilmoqda.

Davlatimiz rahbari Nurafshonni ilm-fan, yuksak texnologiyalar va yoshlar shahriga aylantirish asosiy maqsad ekanini taʼkidladi. Bu yerda ming oʻrinli madaniyat saroyi, Badiiy akademiyaning viloyat boʻlimi, Sunʼiy intellekt markazi, Аxborot-resurs kutubxonasi va kasblar markazini oʻz ichiga olgan zamonaviy “Yoshlar shaharchasi” bunyod etilmoqda.

Shu kuni 35 gektar maydonda barpo etiladigan Kelajak texnologiyalari markazi qurilishiga ham tamal toshi qoʻyildi. Mazkur majmua butun mamlakatga xizmat qiladigan sunʼiy intellekt va raqamlashtirish markaziga aylanib, unda ilmiy-tadqiqot markazlari va yuqori texnologik laboratoriyalar tashkil etiladi.

“Nurafshon biznes siti” loyihasi doirasida maʼmuriy, biznes, taʼlim, tibbiyot, madaniyat va turar joy hududlari oʻzaro uygʻun holda rivojlantirilmoqda. Jumladan, 700 oʻrinli koʻp tarmoqli tibbiyot markazida telemeditsina va robototexnika yordamida 60 dan ziyod yuqori texnologik tibbiy xizmat koʻrsatilishi rejalashtirilgan.

Sharq bozori, hunarmandchilik koʻchalari, milliy pavilyonlar, amfiteatr va zamonaviy dam olish maskanlarini qamrab olgan turistik-madaniy majmua ham Nurafshonning tashrif qogʻoziga aylanadi.

Tadbirda Toshkent viloyati mamlakatimiz iqtisodiyotining yirik tayanch hududlaridan biri ekani alohida taʼkidlandi. Respublika yalpi ichki mahsulotining qariyb 10 foizi viloyat hissasiga toʻgʻri keladi. Soʻnggi besh yilda hududga 16 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinib, chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar soni qariyb 3 mingtaga, eksport hajmi esa 3 milliard dollarga yaqinlashdi.

Prezidentimiz viloyatni Toshkent shahri bilan yagona iqtisodiy va transport makoni sifatida rivojlantirishga doir yangi loyihalar haqida ham soʻz yuritdi. Poytaxt bilan bogʻlovchi jamoat transporti yoʻnalishlari kengaytirilib, Toshkent – Nurafshon yoʻnalishida zamonaviy poyezdlar qatnovi yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.

– Siz, aziz Toshkent viloyati faollari, tadbirkor va fermerlar, ziyolilar, nuroniylar va serg‘ayrat yoshlar bilan birgalikda bu zaminni yanada yashnatamiz, mamlakatimiz taraqqiyotining mustahkam va qudratli tayanchiga aylantiramiz.

Men bunga qat’iy ishonaman va Prezident, davlat rahbari sifatida butun xalqimiz qatori Toshkent viloyati aholisining tinch, farovon, baxtli hayot kechirishi uchun bundan buyon ham bor kuch va imkoniyatimni safarbar etaman, – dedi davlatimiz rahbari so‘zining yakunida.

Tadbir madaniy dastur bilan davom etdi.

Shundan soʻng Prezidentimizning Nurafshonga safari yakunlandi, davlatimiz rahbari Toshkentga qaytib keldi.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2026 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo