13.07.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston metallurgiya kombinati Quyuv-prokatlash majmuasining yagona boshqaruv pulti orqali metalni prokatlash jarayonlarini koʻzdan kechirdi.
Keyingi yillarda kombinatni modernizatsiya qilish va uning ishlab chiqarish salohiyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Natijada kombinatning sof foydasi 2017-yildagi 14 million dollardan 2025-yilga kelib, 23 million dollarga yetgan.
Davlatimiz rahbari 2018-yil 29-avgust kuni Bekobodga tashrifi chogʻida Quyuv-prokatlash majmuasi qurilishi loyihasiga tamal toshini qoʻygan edi.
Loyihaning umumiy qiymati 839 million dollarni tashkil etadi. 18 gektar maydonda barpo etilgan mazkur strategik ahamiyatga ega majmua mamlakatimizda metall mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojni qondirishga xizmat qiladi.
Bu yerda mahsulot ishlab chiqarish hajmini 2 million tonnaga yetkazish, qoʻshimcha ravishda 1,04 million tonna oʻramli poʻlat list prokati ishlab chiqarish va kombinatdagi jami ish oʻrinlarini 7 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.
Majmuada Italiyaning “Danieli” kompaniyasi tajribasi asosida ilk bor uzluksiz poʻlat quyish uskunasi boshqa barcha texnologik jihozlar bilan integratsiya qilinib, yagona boshqaruv pulti orqali boshqarilmoqda.
Avvalgi texnologiyalarda 4-5 ta boshqaruv pultidan foydalanilgan va ularda 9 nafar xodim mehnat qilgan boʻlsa, bugungi kunda yagona boshqaruv tizimi orqali jarayonni atigi 3 nafar mutaxassis nazorat qilyapti.
Prezidentimiz yagona boshqaruv tizimiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etib, majmuaning barqarorligi va iqtisodiy samaradorligini yanada oshirish zarurligini taʼkidladi.
Uskunalarning xavfsizligi va tezkorligi boʻyicha mazkur majmua Markaziy Osiyoda oʻziga xos va muqobili yoʻq loyiha hisoblanadi. Xususan, ishlab chiqarish jarayonini toʻxtatmagan holda inson omili ishtirokisiz asosiy vallarni avvalgi 30-40 daqiqa oʻrniga atigi 5-7 daqiqada avtomatik ravishda almashtirish imkoniyati yaratilgan.
Prezidentimiz list prokatidan tayyorlangan mahsulotlarning namunalarini ham koʻzdan kechirdi.
Mutasaddilarining axborotlari ham tinglandi. Xususan, issiq prokatlangan list mahsulotlari qoʻshilgan qiymat zanjiri, respublikada ishlab chiqarishni oʻzlashtirish tavsiya etiladigan mahsulotlar xususida axborot berildi.
Qurilishda armatura mahsulotining muomalasini tartibga solish, qurilish obyektlarida qora metall prokatining qoʻllanilishi ustidan nazorat va seysmik xavfni kamaytirish boʻyicha amaliy ishlar tushuntirildi.


