07.07.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat boshqaruvining yagona integratsiyalashgan raqamli platformasini joriy etish, startaplar ekotizimini rivojlantirish hamda telekommunikatsiya sohasida tadbirkorlik muhitini yaxshilash yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda raqamli davlat xizmatlarini kengaytirish, davlat idoralari faoliyatiga zamonaviy axborot tizimlarini joriy etish, aholi va tadbirkorlar uchun qulayliklarni oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Buning natijasida Oʻzbekiston BMTning “Elektron hukumat” reytingida 24 pogʻona yuqoriladi. 2030-yilga qadar mamlakatimizni ushbu yoʻnalishda kuchli 30 ta davlat qatoriga kiritish maqsad qilingan.
Joriy yilda raqamli xizmatlar soni 880 taga, ulardan foydalanuvchilar soni esa 15,5 million nafarga yetishi kutilmoqda. Taqqoslash uchun, 2024-yilda raqamli xizmatlar soni 525 ta, foydalanuvchilar soni 4 million nafar boʻlgan.
Qolaversa, davlat boshqaruvida maʼlumotlar bazalari va axborot tizimlari turli idoralar kesimida tarqoq holda shakllangani, ularni tahlil qilish va qaror qabul qilish jarayonlarida yagona yondashuv yetishmayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Shu bois, davlat boshqaruvining yagona integratsiyalashgan raqamli platformasini bosqichma-bosqich joriy etish taklif qilindi. Mazkur tizim orqali hudud iqtisodiyoti, investitsiya, ekologiya, xavfsizlik masalalari, aholini qiynayotgan muammolar, mahallalarning farovonlik darajasi, fazoviy maʼlumotlar, obyektlar va xarita qatlamlari yagona platformada aks ettiriladi.
Platforma sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida maʼlumotlarni tahlil qilish, hududlar kesimida muammolarni barvaqt aniqlash, qarorlar ijrosini monitoring qilish, resurslarni toʻgʻri yoʻnaltirish va boshqaruv samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Davlatimiz rahbari joriy yilda ushbu raqamli boshqaruv tizimini poytaxtda, kelgusi yildan esa barcha hududlarda joriy qilish zarurligini taʼkidladi.
Taqdimotda tovar va xizmatlarni yagona milliy tasniflash tizimini ishga tushirish masalasi ham koʻrib chiqildi. Hozirda bojxona, soliq, statistika va boshqa idoralar turli tovar klassifikatorlaridan foydalanmoqda. Bu esa biznes xarajatlarining ortishi, hisobotlar aniqligi pasayishi va idoralararo maʼlumot almashinuvida qiyinchiliklarga sabab boʻlmoqda.
Yagona milliy tasniflash tizimi joriy etilsa, tadbirkorlar uchun ortiqcha byurokratik jarayonlar qisqaradi, davlat idoralari oʻrtasida maʼlumot almashinuvi soddalashadi, statistik hisobotlarning aniqligi oshadi.
Shuningdek, milliy navigatsiya tizimini yaratish taklifi bildirildi. Bugungi kunda mamlakatimizda mazkur yoʻnalishda asosan xorijiy platformalardan foydalanilayotgani qayd etildi. Milliy navigatsiya tizimi geomaʼlumotlarni yagona standart asosida shakllantirish, transport, logistika, tezkor xizmatlar, shaharsozlik va davlat xizmatlarini sifatli tashkil etishga xizmat qiladi.
Taqdimotda AT sohasi eksporti va startaplar ekotizimini rivojlantirish rejalari ham koʻrib chiqildi. 2030-yilgacha AT eksportini 5 milliard dollarga yetkazish, 5 mingta faol startap tashkil etish va 2 milliard dollar investitsiya jalb qilish maqsad qilingan.
Xalqaro “StartupBlink” reytingida Oʻzbekiston 31 pogʻona yuqorilab, dunyodagi eng tez oʻsayotgan startap ekotizim sifatida baholangani, Toshkent shahri Markaziy Osiyo shaharlari orasida 1-oʻrinni egallagani, Samarqand va Fargʻona ilk bor dunyoning TOP-1000 startap shaharlari reytingiga kirgani qayd etildi.
Bu borada “Talent Hub” dasturi ishga tushirilishi belgilangan. U orqali xorijiy mutaxassislar va investorlarga masofadan korxona, bank hisobraqami va xalqaro karta ochish imkoniyati yaratiladi. IT-Park rezidentlarining xodimlari uchun soliq imtiyozlarini 2040-yilgacha uzaytirish, “IT visa” va “Zero Risk” dasturlarini kengaytirish taklif qilindi.
Shuningdek, AT eksportchi korxonalariga oylik ish haqi xarajatlarining bir qismini qoplab berish, xalqaro sertifikatlash xarajatlarini kompensatsiya qilish, xorijiy buyurtmachilar va mutaxassislarni jalb etish uchun relokatsiya xarajatlarini qisman qoplash kabi qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari koʻzda tutilmoqda.
Buxoro va Fargʻonada 20 dan ortiq akseleratsiya dasturlarini tashkil etish, startaplarni yirik xalqaro bozorlarga olib chiqish boʻyicha ham takliflar taqdim etildi.
Yigʻilishda telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Soʻnggi yillarda aholi yashash maskanlarini telekommunikatsiya xizmatlari bilan qamrab olish darajasi 41 foizdan 98 foizga yetdi, umumiy internet oʻtkazish qobiliyati 65 barobar oshdi.
Shu bilan birga, mahalliy tadbirkorlar uchun telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatish hali yetarlicha jozibador emasligi, olis hududlarda simli internetdan foydalanuvchilar ulushi juda pastligi koʻrsatib oʻtildi.
Sohada biznes muhitini yaxshilash maqsadida telekommunikatsiya tarmoqlarini loyihalash va qurish boʻyicha mavjud 2 ta litsenziya turini bittaga birlashtirish, litsenziya berish muddatini 25 ish kunidan 10 ish kuniga qisqartirish taklif qilindi.
Koʻp qavatli uylarni yuqori tezlikdagi internetga ulanish texnologiyasi asosida loyihalash va qurish talabi joriy etiladi. Bu yangi uy-joylarda optik tolali internet infratuzilmasini avvaldan hisobga olish, aholiga sifatli raqamli xizmatlar koʻrsatish imkonini beradi.
Sohada oʻzi ishini boshlamoqchi boʻlgan yoshlar uchun “Kelajak tadbirkori” dasturi doirasida 2 yil imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga 15 foiz stavkada 530 million soʻmgacha kreditlar ajratish taklif qilindi. Olis va chekka hududlarda faoliyat yuritadigan tadbirkorlar uchun imtiyozli tarif rejalari ishlab chiqiladi.
Prezidentimiz takliflarni maʼqullab, davlat idoralari maʼlumotlarini integratsiya qilish, raqamli xizmatlar sifatini oshirish, kiberxavfsizlik va shaxsiy maʼlumotlar himoyasini taʼminlash, sohada xususiy sektor uchun yanada qulay muhit yaratish boʻyicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.


