21.08.2017
2017-yil 21-avgustdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3230-son qarori
Aholini erta bahorda oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘la qondirish, bozorlarda qishloq ho‘jaligi mahsulotlari narxlarining barqarorligini ta’minlash uchun 2017-yil avgust-sentabr oylarida piyoz va sarimsoqpiyoz ekinlari hamda noyabr-dekabr oylarida sabzavot ekinlarining eksportbop va yuqori hosilli navlarini to‘qsonbosti usulida qisqa muddatlarda ekish, agrotexnika tadbirlarini o‘z vaqtida o‘tkazish, ularga talab etiladigan moddiy-texnika resurslarini yetkazib berish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Fermerlari kengashi, “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “O‘zagroeksport” aksiyadorlik jamiyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2018-yil hosili uchun avgust piyozi va sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlarini turlari bo‘yicha joylashtirishning prognoz ko‘rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar tumanlarida 2018-yil hosili uchun avgust piyozi va sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlarini turlari bo‘yicha joylashtirishning prognoz ko‘rsatkichlari 1a-1l-ilovalarga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda barcha toifadagi ho‘jaliklarda 2018-yil hosili uchun avgust piyozi va sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida yetishtiriladigan sabzavot mahsulotlarining prognoz ko‘rsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2018-yil hosili uchun avgust piyozi va sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlarini ekish uchun talab etiladigan urug‘lik, mineral o‘g‘it va yonilg‘i-moylash mahsulotlari hajmlari hisob-kitobi 3-ilovaga muvofiq ma’qullansin.
2. 2018-yil hosili uchun avgust piyozi va sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlarini joylashtirish, ekish, yetishtirish, yetishtirilgan mahsulotni ichki va tashqi bozorlarga sotish ishlarini tashkil etish bo‘yicha respublika komissiyasi (keyingi o‘rinda - Respublika komissiyasi deb ataladi) tarkibi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Respublika komissiyasi (Mirzayev) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2017-yil 8-avgustdagi PQ-3182-son qarori bilan tasdiqlangan 4 ta sektor rahbarlari bilan birgalikda:
2018-yil hosili uchun avgust piyozi va sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlari ekiladigan maydonlarni shudgorlash, ekishga yer tayyorlash, ochiq maydonlar va bog‘-tok qator oralariga ekish ishlarini tizimli tashkil etishni;
avgust piyozi va sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida ekilgan sabzavot ekinlarini erta bahorda oziqlantirish, sug‘orish, parvarishlash, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish bilan bog‘liq agrotexnik tadbirlarning optimal muddatlarda bajarilishini nazorat qilish va monitoring yuritishni;
talab etiladigan yonilg‘i-moylash mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar va boshqa moddiy resurslarni o‘z vaqtida yetkazib berilishini, yetishtirilgan mahsulotni ichki va tashqi bozorlarga sotishni, qilingan xarajatlarni qoplash ishlarini muvofiqlashtirib borishii;
avgust piyozi va sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida ekilgan sabzavot ekinlaridan olinadigan mahsulotlarga fermer xo‘jaliklari bilan eksport qiluvchi va tayyorlov tashkilotlari o‘rtasida kontraktatsiya shartnomalari tuzilishini, oldindan avans to‘lovlari va yakuniy to‘lovlarni amalga oshirilishini;
erta bahorda yetishtirilgan mahsulotlarni 2018-yilning mart oyidan boshlab ichki bozorlar va Toshkent shahar yarmarkalariga yetkazib berish bo‘yicha reja-jadvallarni ishlab chiqish hamda ularni bajarilishini nazorat qilishni;
har oyda ikki marta avgust piyozi va sarimsokpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlarni sifatli qilib ekish, yetishtirish, ichki va tashqi bozorlarga sotish ishlarini tanqidiy muhokama qilib borishni ta’minlasin.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda avgust piyozi va sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlarning ekilishini tizimli tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha vazirliklar va idoralardan hamda respublika tijorat banklaridan biriktirilgan ishchi guruh tarkibi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklariga:
a) joriy yilning 25-avgustiga qadar hududlarning tuproq-iqlim, suv ta’minoti sharoitlarini inobatga olgan holda avgust piyozi va sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida sabzavot ekin turlarini fermer va dehqon xo‘jaliklari kesimida joylashtirilishini tuman hokimi qarori bilan tasdiqlash;
b) ekinlardan bo‘shagan maydonlarni tozalash va yer tayyorlashni tashkil qilish, ekin turlarini fermer va dehqon xo‘jaliklari kesimida joylashtirish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining hamda viloyatlar hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari rahbarligida;
v) avgust piyozi va sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlar to‘qsonbosti ekinlarni ekish va parvarishlash ishlarini moddiy-texnika resurslari, shu jumladan urug‘lik, mineral o‘g‘it, yonilg‘i-moylash mahsulotlari bilan ta’minlash masalalarini muvofiqlashtirish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining hamda viloyatlar hokimlarining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari rahbarligida ishchi guruhlar tashkil etish:
2017-yil 25-avgustgacha fermer va dehqon xo‘jaliklariga yuqori sifatli urug‘liklarni dorilangan va sertifikatlar mavjud bo‘lgan taqdirda kamida 50 foiz haqini oldindan to‘lash sharti bilan yetkazib berilishini ta’minlash;
2017-yil 10-sentabrgacha fermer xo‘jaliklari bilan Toshkent shahar yarmarkalari, tayyorlov va eksport qiluvchi tashkilotlar o‘rtasida tuzilgan kontraktatsiya shartnomalariga muvofiq mahsulot yetishtiruvchilarga shartnoma qiymatining 40 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda avans mablag‘larini to‘lab berish choralarini ko‘rish vazifalari yuklansin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Adliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari 2017-yilning 10-sentabriga qadar fermer va dehqon xo‘jaliklari bilan ulgurji xaridorlar, shu jumladan tayyorlov, qayta ishlash va eksport qiluvchi tashkilotlar, agrofirmalar, savdo xarid korxonalari o‘rtasida kontraktatsiya shartnomalarini tuzilishini yakunlash va belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishini ta’minlasinlar.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi fermer va dehqon xo‘jaliklari bilan ulgurji xaridorlar, shu jumladan tayyorlov, qayta ishlash va eksport qiluvchi tashkilotlar, agrofirmalar, savdo xarid korxonalari o‘rtasida tuzilgan shartnomalarni bajarishda qonunchilikka rioya qilinishi yuzasidan tizimli nazorat olib borsin.
7. Avgust piyozi va sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlarni to‘liq hajmlarda ekilishi, ko‘zlangan hosilni olinishi, yetishtirilgan mahsulotni belgilangan maqsadlarga ishlatilishiga Respublika komissiyasi, Qorakalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari mas’ul ekanliklari belgilab qo‘yilsin.
8. “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2018-yil hosili uchun avgust piyozi va sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida ekiladigan sabzavot ekinlari uchun respublikada yetishmaydigan urug‘liklarni xorijdan olib kelish va belgilangan tartibda joylarga yetkazib berilishini ta’minlasin.
9. “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati, “O‘zagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati, “O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik jamiyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga o‘n kun muddatda avgust piyozi va sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlarni ekish uchun talab etiladigan yonilg‘i-moylash mahsulotlari va mineral o‘g‘itlarni davlat ehtiyojlari uchun mahsulot yetishtiruvchi qishloq xo‘jalik korxonalariga yetkazib beriladigan narxlarda yetkazib berish vazifasi yuklansin.
Ekinlarni ekish va ularni parvarishlash uchun yonilg‘i-moylash mahsulotlari respublikada shakllangan narxlarga 10 foizgacha ustama qo‘yilishi orqali ta’minlab berilishiga rozilik berilsin.
10. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tijorat banklari bilan birgalikda to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlarni ekish va uning agrotexnikasini amalga oshirish uchun talab etiladigan kreditlarni mahsulot yetishtiruvchi va xarid qiluvchi tashkilotlarga bir oy muddatda ajratilishini tashkil etsinlar.
11. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati, “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda joriy yilning 25-avgustigacha avgust piyozi va sarimsoqpiyoz, 10-noyabrgacha to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlarini ekish hamda agrotexnikasi bo‘yicha ko‘rgazmali - amaliy o‘quv-seminari o‘tkazishni;
bir oy muddatda respublika hududlarining tuproq-iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda ochiq maydonlarga, bog‘ va tok qator oralariga avgust piyozi va sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlari navlari bo‘yicha joylashtirish, ekish va parvarishlash bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalarni ishlab chiqsin va ularni joylarga yetkazilishini tashkil etsin.
12. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi “Mahalla” xayriya jamoat fondi bilan birgalikda avgust piyozi va sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlarini yetishtirish bo‘yicha ilg‘or tajribalar va uning iqtisodiy samarasi to‘g‘risida ommaviy axborot vositalarida yoritib borish tavsiya etilsin.
13. Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Fermerlari kengashi bilan birgalikda avgust piyozi va sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlarini ekish ishlarini doimiy monitoringini yuritgan holda, to‘liq ekilishi yuzasidan nazorat o‘rnatsin hamda 2017-yil 25-dekabriga qadar fermer va dehqon xo‘jaliklari kesimida instrumental o‘lchovdan o‘tkazsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.T.Mirzayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev