25.06.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-iyun kuni Amerika Qoʻshma Shtatlarining Savdo vakili Jeymison Grirni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida vakil mamlakatimiz yetakchisiga AQSh Prezidenti Donald Trampning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Oʻzbekiston – AQSh strategik sheriklik munosabatlarini, avvalo, savdo-iqtisodiy sohada yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Ishbilarmonlik aloqalari faollashgani, oʻzaro tovar ayirboshlash va investitsiya koʻrsatkichlari barqaror oʻsib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yaqinda boʻlib oʻtgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Amerika biznesi vakillari bilan oʻtkazilgan davra suhbatining amaliy natijalari muhokama qilindi.
Mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi doirasida hamkorlik qilish va ushbu jarayonlar kelgusida ham AQSh tomonidan qoʻllab-quvvatlanishiga alohida eʼtibor qaratildi.
Yangi loyihaviy tashabbuslarni aniqlash va ilgari surish uchun Amerika-Oʻzbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi mexanizmidan samarali foydalanish muhimligi qayd etildi.


