18.06.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Oʻmon Sultonligi iqtisodiyot vaziri Xamis bin Sayf al-Jabriy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Oʻmon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Saidning samimiy salomini yetkazdi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiya-moliyaviy sohalardagi hamkorlikni jadallashtirish masalalari yuzasidan fikr almashishdi.
Soʻnggi yillarda aloqalarimiz faollashgani, tovar ayirboshlash hajmi oʻsgani qayd etildi. Oʻzbek-Oʻmon investitsiya kompaniyasi ishtirokida muhim loyihalar samarali amalga oshirilmoqda. Keyingi oydan poytaxtlarimiz oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyiladi.
Shu yil Masqat shahrida Hukumatlararo qoʻshma komissiyaning navbatdagi yigʻilishini oʻtkazishga kelishib olindi.
Muloqotda transport, logistika, geologiya, elektron tijorat, raqamli infratuzilma va boshqa yoʻnalishlarda istiqbolli loyihalarni ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.


