icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Oʻzbekiston Prezidenti xorijiy investorlar bilan hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini belgiladi

18.06.2026

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 18-iyun kuni Xalqaro kongress markazida Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yalpi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, yetakchi xorijiy kompaniyalar, banklar va moliyaviy institutlar rahbarlari hamda Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlaridagi investorlar kengashlarining aʼzolari boʻlgan nufuzli xalqaro tashkilot va tuzilmalar vakillari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari yigʻilishda soʻzga chiqib, soʻnggi yillarda Prezident huzuridagi kengash amaliy islohotlar maydoniga aylanib, mamlakatimiz va jahon investitsiya hamjamiyati oʻrtasidagi ishonchli koʻprik sifatida oʻz mavqeini mustahkamlaganini taʼkidladi.

Kengash mustaqil assotsiatsiya maqomini olib, mamlakat iqtisodiyotining 23 ta tarmogʻida faoliyat yurituvchi 85 ta kompaniyani birlashtirdi. Ijroiya qoʻmitasi tarkibiga Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda Xalqaro moliya korporatsiyasi kiradi.

Normativ-huquqiy baza izchil takomillashtirilgani hamkorlikning muhim amaliy natijalaridan biri boʻldi.

Kengash aʼzolarining takliflaridan kelib chiqib, Soliq kodeksiga oʻzgartirishlar kiritildi, moliyaviy tartibga solish va hisob yuritishning ayrim tartib-taomillari soddalashtirildi, xalqaro moliyaviy hisobot standartlarini qoʻllaydigan xorijiy kompaniyalar uchun bir qator majburiy talablar bekor qilindi.

Shu bilan birga, milliy qonunchilikni xalqaro amaliyotga yanada yaqinlashtirish boʻyicha ishlar davom etmoqda.

“Muqobil investitsiya jamgʻarmalari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi tayyorlandi, Masʼuliyatli biznes yuritish standartlarini joriy etish boʻyicha dastur ishlab chiqildi, texnik reglamentlarni xalqaro meʼyorlarga muvofiqlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (IHTT) xalqaro investitsiyalar va koʻp millatli korxonalar toʻgʻrisidagi deklaratsiyasiga qoʻshilish jarayonini boshladi. Keyingi qadam sifatida Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisidagi Konstitutsiyaviy qonunni qabul qilish rejalashtirilmoqda.

Kengashning sohaviy ishchi guruhlari faoliyati tizimli tus oldi. Oʻtgan davr mobaynida moliya bozorini rivojlantirish, garov qonunchiligini takomillashtirish, masʼuliyatli biznes yuritish, soliq maʼmurchiligi, energetika, yerdan foydalanishni boshqarish, kasbiy kadrlarni tayyorlash hamda davlat va investorlar uchun oʻzaro manfaatli boʻlgan boshqa yoʻnalishlar boʻyicha 50 dan ortiq uchrashuvlar oʻtkazildi.

Mazkur majlisga tayyorgarlik jarayonida xorijiy hamkorlarning yangi tashabbuslar toʻplami shakllantirildi.

Kelib tushgan 120 ta taklif investitsiya muhitini yaxshilash, soliq va kadastr tizimlari, bank-moliya sohasi, korporativ boshqaruv, energetika, shuningdek, sunʼiy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qamrab olgan yettita ustuvor yoʻnalishga birlashtirildi.

Valyuta aylanmasini tartibga solishni yanada yengillashtirish, islomiy sugʻurta va “yashil” kreditlash kabi zamonaviy moliyaviy vositalarni joriy etish, bank aktivlari bozorini yoʻlga qoʻyish hamda ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv tamoyillarini keng qoʻllash boʻyicha takliflarga alohida eʼtibor qaratildi.

Har bir yoʻnalish boʻyicha amaliy yechimlar tayyorlanib, masʼul ijrochilar belgilab olindi.

Prezidentimiz kengash ishbilarmonlarning tashabbuslari davlat siyosatida oʻz amaliy ifodasini topadigan samarali ochiq muloqot maydoni boʻlib xizmat qilayotganini taʼkidladi.

Shu bois, xalqaro investorlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni saqlab qolish hamda qayta aloqa mexanizmlarini yanada takomillashtirish muhim ekaniga alohida urgʻu berildi.

Yigʻilish yakunida barcha takliflarni umumlashtirib, yagona “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish, amalga oshirish muddatlari va nazorat mexanizmlarini aniq belgilash topshirildi.

Oʻzbekiston Hukumatining investitsiya sohasi uchun masʼul aʼzolari hujjat ijrosining borishi yuzasidan Prezidentga har chorakda hisobot taqdim etib borishi belgilandi.

Yigʻilish ishtirokchilari oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, Yangi Oʻzbekistonning investitsiya jozibadorligini oshirish, barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash hamda islohotlarni muvaffaqiyatli davom ettirishga qaratilgan tashabbuslarni birgalikda amalga oshirishdan manfaatdorligini bildirdilar.

Shundan soʻng taqdimotlar, ishtirokchilarning chiqishlari hamda kengash aʼzolarining savol-javob sessiyasi boʻlib oʻtdi.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2026 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo