18.08.2017
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bekobod shahrida bo‘lib, hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosi bilan yaqindan tanishdi. Bekobod shahridagi "O‘zbekiston metallurgiya kombinati" mamlakatimizdagi yirik sanoat korxonalaridan biri hisoblanadi. Shavkat Mirziyoyev mazkur kombinatda ishlab chiqarish jarayonlari va amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan umumiy qiymati 634,5 million dollarlik 6 ta yirik yangi, istiqbolli loyihalar taqdimotida ishtirok etdi. Mazkur korxonalarning to‘liq ish boshlashi bilan import o‘rnini bosuvchi, eksportbop, mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib 2800 dan ziyod yangi ish o‘rni vujudga keladi.
Korxona faollari, yoshlar vakillari bilan bo‘lib o‘tgan samimiy muloqot chog‘ida soha istiqboli, malakali kadrlar tayyorlash, raqobatbardosh maxsulotlar ishlab chiqarish kabi masalalar bilan birga ishchi-xizmatchilar ijtimoiy muhofazasiga ham e’tibor qaratildi. Davlatimiz rahbari bu borada fikr bildirar ekan, ular uchun imtiyozli kreditlar asosida, arzon, ko‘p qavatli uy-joylar qurish lozimligini qayd etdi.
Shavkat Mirziyoyev Bekobod shahridagi "Paxtakor" mahalla fuqarolar yig‘inida ham bo‘lib, oddiy odamlar bilan uchrashdi. Hayotiy masalalar, inson ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan muhim jihatlar suhbat asosini tashkil etdi. "Biz bu yerga bekobodliklarning savollariga javob topish, halq bizga bergan ishonchni oqlash maqsadida kelganmiz" - dedi davlatimiz rahbari. 50 mingga yaqin aholi istiqomat qiladigan ushbu hududda 37 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati faoliyat olib boradi. Mamlakat rahbariga hudud markazida bunyod etilishi ko‘zda tutilayotgan Yagona hisob-kitob markazi va namunali mahalla fuqarolar yig‘ini binolarining loyihalari ham taqdim qilindi. Shavkat Mirziyoyev kuz-qish mavsumida xonadonlarni isitish loyihasi bilan tanishar ekan, aholiga qulay sharoitlar yaratish maqsadida, yaqin kelajakda Bekobod shahridagi barcha xonadonlarni 5000 ta Ariston isitish moslamasi bilan kredit asosida ta’minlash ishlarini tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi. Davlatimiz rahbari shuningdek, hududlarni yanada rivojlantirish maqsadida viloyatning ikkita yirik sanoatlashgan Bekobod va Olmaliq shaharlari o‘rtasida o‘zaro, do‘stona musobaqa, sog‘lom raqobat muhitini tashkil etish va bu orqali barcha sohalarni taraqqiy ettirish taklifini bildirdi.
Prezident shahardagi 5-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida ham bo‘ldi. Bugungi kunda Toshkent viloyatida 406 ta maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat olib boradi. Davlatimiz rahbariga mazkur ta’lim bo‘g‘inida bola shaxsini rivojlantirishga qo‘yiladigan davlat talablarining asosiy jihatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shavkat Mirziyoyev ayni yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar hususida to‘xtalar ekan, sohani yanada rivojlantirishda nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil qilishga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi. Shundagina 2018 yilga borib, maktabgacha ta’lim muassasalari barcha bolajonlarni to‘liq qamrab oladi. Bu yerda Prezident shuningdek, 120 o‘ringa mo‘ljallangan namunali maktabgacha ta’lim muassasasi loyihasi bilan ham tanishdi.
Davlatimiz rahbariga hududni ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish loyihalari, jumladan, sog‘liqni saqlash maskanlari, ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasalari, madaniyat va istirohat bog‘lari, dam olish oromgohlari, ko‘p qavatli uy-joylarning qurilishi va aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash, shahardagi tibbiyot muassasalarini ta’mirlash kabi ko‘plab loyihalar haqida ham ma’lumot berildi.
Shavkat Mirziyoyev viloyat mutasaddilari, faollar va yoshlar ishtirokidagi yig‘ilishda ishtirok etdi. Tadbir hudud farovonligi va aholi manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladigan ko‘plab taklif va tashabbuslarga boy o‘tdi. Ulardan biri Bekobod shahridagi yangi mikrorayon loyihasidir. Davlatimiz rahbari bu yerda tijorat banklarining mablag‘lari evaziga qad ko‘tarishi rejalashtirilgan ko‘p qavatli uylarning qurilish ishlarini boshlash lozimligini aytib o‘tdi. Har yili 1200 tadan xonadon "O‘zmetkombinat" va "Bekobodsement" korxonalarining ishchi xodimlari uchun bunyod etiladi va ularning dastlabkilari keyingi yil Mustaqilliq bayrami shodiyonalari arafasida o‘z egalariga topshiriladi. Ana shulardan kelib chiqib, Shavkat Mirziyoyev bu shaharchaga “Mustaqillikning 27 yilligi" deb nom berish taklifini ilgari surdi.
Prezidentning “Toshkent-Bekobod” yo‘nalishida zamonaviy elektrichka qatnovini yo‘lga qo‘yish borasidagi taklifi ishtirokchilar tomonidan mamnuniyat bilan kutib olindi.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Bekobod shahriga tashrifi nihoyasiga yetdi.