icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xorijiy investorlar kengashining yalpi majlisidagi nutqi

18.06.2026

Hurmatli uchrashuv ishtirokchilari!

Hurmatli Odil Reno-Basso xonim!

Qadrli do‘stlar!

Sizlarni Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yalpi majlisida ko‘rib turganimdan xursandman.

Avvalo, hurmatli Reno-Basso xonim, islohotlarimizni doimiy qo‘llab-quvvatlab kelayotganingiz va Kengash faoliyatidagi samarali raisligingiz uchun sizga chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman. Shu bilan birga, bugungi anjumanda qatnashayotgan barcha xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalar rahbarlariga samimiy ehtiromimni izhor etaman.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

So‘nggi yillarda Kengash oddiy maslahat mexanizmidan amaliy islohotlar maydoniga, Yangi O‘zbekiston bilan jahon investitsiya hamjamiyati o‘rtasidagi ishonchli ko‘prikka aylandi. Bugun Kengash mustaqil Assotsiatsiya maqomiga ega bo‘lib, tom ma’noda kuchli institut darajasiga ko‘tarildi. O‘tgan bir yil davomida Kengashda ishtirok etayotgan kompaniyalar soni 54 tadan 85 taga yetdi. Ular iqtisodiyotimizning 23 ta tarmog‘ini qamrab olib, ishchi guruhlar faoliyatida bevosita ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi Kengashning Ijroiya qo‘mitasi tarkibida faoliyat yuritmoqda.

E’tiborli tomoni, barcha a’zolarimizning Kengashdagi faolligi tobora oshmoqda. Bu – mazkur investitsiya platformasiga bo‘lgan yuksak ishonchning yaqqol dalilidir.

Hurmatli kengash ishtirokchilari!

Sizlar bilan o‘tgan yili ham uchrashib, ko‘p masalalarni gaplashib olgan edik. Avvalgi majlisda ilgari surilgan 21 ta tashabbusga aniq yechimlar berildi.

Shuni alohida ta’kidlamoqchiman, investorlarning tashabbuslari davlat siyosatida o‘zining amaliy ifodasini topmoqda. Takliflarning salmoqli qismi asosida normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirdik. Jumladan: Soliq kodeksiga investorlar uchun qulay bo‘lgan o‘zgartirishlar kiritildi; kompaniyalar o‘rtasidagi ichki qarz bitimlari moliya nazoratidan chiqarildi; asosiy vositalarni tezlashtirilgan tartibda amortizatsiya qilish huquqi berildi; xalqaro standartlar asosida hisobot yurituvchi xorijiy shirkatlar uchun ko‘plab majburiy talablar bekor qilindi.

Bundan tashqari, “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Mas’uliyatli biznes yuritish standartlarini joriy etish hamda 16 ta texnik reglamentni xalqaro me’yorlarga muvofiqlashtirish dasturi tayyorlandi.

Shu bilan birga, xorijiy investorlarga teng va adolatli sharoit yaratish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni o‘z zimmamizga olishda yangi qadamlar tashladik. Yaqinda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Xalqaro investitsiyalar va ko‘p millatli korxonalar to‘g‘risidagi deklaratsiyasiga qo‘shilishimizni e’lon qildik. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarning mantiqiy davomi sifatida Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonun qabul qilinishi kutilmoqda.

Bularning barchasi – g‘oyalaringiz amaliyotda tatbiq etilayotganiga yorqin dalildir.

Hurmatli Kengash ishtirokchilari!

O‘tgan davrda Kengash huzuridagi ishchi guruhlar tomonidan investorlar uchun 50 dan ortiq foydali yig‘ilishlar o‘tkazildi. Natijada muqobil investitsiya jamg‘armalari, garov qonunchiligi, mas’uliyatli biznes yuritish, professional kadrlar tayyorlash, soliq ma’murchiligi, yer ajratish va energetika kabi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha muammolar xorijiy investorlar hamraisligida atroflicha muhokama qilindi.

Bugungi majlisga tayyorgarlik jarayonida sizlardan 120 ta yangi taklif va tashabbus kelib tushdi. Ularning barchasini batafsil tahlil qilib, yettita ustuvor yo‘nalishga birlashtirdik. Bular: investitsiya muhitini yaxshilash, soliq tizimi, kadastr, energetika, moliya va bank tizimi, korporativ boshqaruv, sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyot masalalaridir.

Ayniqsa, valyuta aylanmasidagi monitoring jarayonlarini yengillashtirish; islomiy sug‘urta, “yashil” kredit, banklarning muammoli aktivlari savdosini yo‘lga qo‘yish kabi yangi moliyaviy mexanizmlarni joriy qilish; korxonalarda atrof-muhit, ijtimoiy mas’uliyat va samarali boshqaruvni o‘z ichiga olgan ESG tamoyillari qo‘llanishini rag‘batlantirish kabi takliflar hozir har qachongidan ham dolzarbdir.

Shu bois, har bir yo‘nalish bo‘yicha mas’ullar belgilanib, aniq yechimlar ishlab chiqildi.

Fursatdan foydalanib, mana shu dolzarb vazifani o‘z zimmasiga olgan ishchi guruhlar hamraislari: “Vision Invest”, “BDO”, “Crowe”, “OTP Group”, “Franklin Templeton”, “Ernst & Young”, “Kosta Legal” va “ACWA Power” kompaniyalari rahbarlariga minnatdorlik bildiraman.

Shuningdek, yil davomida samarali faollik ko‘rsatib, muhim hujjatlar va puxta tashabbuslar tayyorlagani uchun Kengashning barcha a’zolariga alohida tashakkur aytaman.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Endi bevosita muloqotga o‘tsak.

Yil davomidagi tahlillaringiz asosida qanday muammolarni aniqladingiz? Investitsiya muhitini yanada yaxshilash uchun Hukumat nima ishlar qilishi kerak?

Bugun ushbu zalda Hukumat a’zolari – Bosh vazir o‘rinbosarlari va vazirlar ishtirok etmoqda. Sizlarni diqqat bilan tinglashga, har bir muammo va tavsiyani batafsil muhokama qilishga tayyormiz. Ishimizni yanada samarali tashkil etish bo‘yicha takliflaringiz bo‘lsa, ularni ochiq muloqot ruhida ko‘rib chiqamiz.

Albatta, bugun ko‘tariladigan barcha masalalar umumlashtirilib, majlisimiz yakunlari bo‘yicha yagona “yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi. Bosh vazir o‘rinbosari J.Xo‘jayev va Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Qudratov har chorakda ularning ijrosi bo‘yicha menga shaxsan hisobot berib boradi.

Endi fikr va mulohazalaringizni eshitamiz.

***

Hurmatli do‘stlar!

Bugungi muloqotimiz g‘oyat mazmunli va foydali bo‘ldi. Ayniqsa, amaliy natijaga yo‘naltirilgan takliflaringizdan juda xursand bo‘ldim.

Chin hamkorlarimizning barcha tashabbuslari xalqimiz farovonligi va investitsiya muhitini yaxshilashga xizmat qiladi. Yangi O‘zbekistonda ochiq, barqaror va raqobatbardosh iqtisodiyotni barpo etishga qo‘shayotgan hissangiz biz uchun doim qadrli.

Bu kabi muloqotlarimiz qancha ko‘p bo‘lsa, ishimiz shuncha oldinga ketadi. Barchangizga Kengashimizda ishtirok etganingiz uchun samimiy rahmat aytmoqchiman.

Fursatdan foydalanib, sizlarga mustahkam sog‘liq, professional faoliyatingiz va shaxsiy hayotingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2026 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo