icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Oʻzbekiston Prezidenti mamlakatimiz investitsiyaviy taraqqiyotining yangi bosqichida turgan ustuvor vazifalarni belgilab berdi

17.06.2026

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-iyun kuni beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida ishtirok etib, nutq soʻzladi.

Tadbirda Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begay, Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Mixail Mishustin, Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri Ali Asadov, Belarus Respublikasi Bosh vaziri Aleksandr Turchin, Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri Oljas Bektenov, Qirgʻiz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Adilbek Kasimaliyev, Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Yangi taraqqiyot banki rahbari Dilma Rusef hamda boshqa koʻp tomonlama moliya institutlari, xorijiy banklar, global korporatsiyalar, yirik kompaniyalar, investitsiya fondlari va ishbilarmon doiralar vakillari ham qatnashdi.

Forum 100 dan ortiq mamlakatdan 10 mingdan ziyod delegat va ishtirokchilarni bir joyda yiqqani uning xalqaro nufuzi tobora ortib borayotganini hamda Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga xalqaro hamjamiyatning ishonchi mustahkamlanayotganini yana bir bor tasdiqladi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida Oʻzbekiston xalqaro investorlar bilan teng huquqli va oʻzaro manfaatli sheriklik uchun doimo ochiq ekanini taʼkidladi.

Jahon iqtisodiyotida shiddatli transformatsiya jarayonlari kechayotgan va raqobat kuchayib borayotgan sharoitda tadbirkorlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga, barqaror iqtisodiy oʻsish va keng imkoniyatlarni taʼminlashga qodir boʻlgan mamlakatlarga sarmoya kiritishga intilish tobora ortib borayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Bu borada Oʻzbekistonda izchil amalga oshirilayotgan islohotlar aniq natijalar bermoqda. Oʻtgan yili mamlakat iqtisodiyoti 7,7 foizga oʻsdi, joriy yilda esa yalpi ichki mahsulot hajmi 180 milliard dollardan ortishi kutilmoqda. Jalb qilingan investitsiyalar hajmi 43 milliard dollarga yetdi.

Makroiqtisodiy barqarorlikning mustahkamlangani muhim yutuq boʻldi: milliy valyuta barqarorligi saqlanib qolmoqda, xalqaro zaxiralar esa 70 milliard dollardan oshdi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston iqtisodiyotiga 150 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya jalb qilingan boʻlsa, shundan 123 milliard dollari oxirgi besh yilga toʻgʻri kelmoqda.

Shu bilan birga, mamlakatimiz xalqaro reytinglardagi oʻz pozitsiyalarini mustahkamlashda davom etmoqda. Jumladan, “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da mamlakat ilk bor “iqtisodiyoti moʻtadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldi.

Joriy yilgi forum “Investitsiyaviy barqarorlik: yangi marralar va yangi sheriklik” mavzusiga bagʻishlandi. Davlatimiz rahbari investitsiya muhitining barqaror rivojlanishi mamlakatning uzoq muddatli maqsadlariga erishishning muhim sharti ekanini taʼkidladi.

Bu borada investitsiyaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va ishbilarmonlik faoliyatini yuritish uchun zamonaviy ekotizim yaratish boʻyicha oltita ustuvor yoʻnalish belgilandi.

Investorlar uchun huquqiy kafolatlar tizimini yanada kuchaytirish birinchi yoʻnalish sifatida ko‘rsatildi.

Oʻzbekistonda Toshkent xalqaro moliya markazi tashkil etilib, u maxsus huquqiy rejimga ega boʻlgan yangi institutsional platforma sifatida faoliyat yuritadi.

Markaz ishtirokchilari uchun soliq va bojxona imtiyozlari, kapitalning erkin harakati kafolatlari hamda istalgan valyutada hisob-kitob qilish imkoniyatini berish nazarda tutilgan. Markaz infratuzilmasini shakllantirish doirasida mustaqil moliyaviy regulyator tashkil etiladi, raqamli aktivlar, “yashil” moliya uchun zamonaviy tizim yaratiladi.

Shuningdek, chet ellik sudyalar hamda xalqaro ekspertlar ishtirokida xalqaro arbitraj mexanizmlarini joriy qilish va tijorat sudini tashkil etish hamda BMTning Mediatsiya toʻgʻrisidagi Singapur konvensiyasiga qoʻshilish rejalashtirilmoqda.

– Ushbu choralar natijasida investorlar Oʻzbekistonning oʻzida kafolatlangan xalqaro huquqiy himoyaga ega boʻladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz oʻz nutqida kapital bozorini jadal rivojlantirish va yangi avlod moliya texnologiyalaridan keng foydalanishga alohida eʼtibor qaratdi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston xalqaro bozorlarda 16 milliard dollardan ortiq obligatsiyalar joylashtirdi hamda London birjasida oxirgi besh yildagi eng yirik IPOni amalga oshirdi.

Xalqaro kapital bozorlariga chiqishga yangi kompaniyalarni tayyorlash jarayoni davom etmoqda hamda muqobil investitsiya vositalarini rivojlantirish uchun kapital bozori va investitsiya jamgʻarmalari toʻgʻrisidagi qonunlarni oʻz ichiga olgan huquqiy baza shakllantirilmoqda.

Suveren islom obligatsiyalari – sukuk dasturi amalga oshirilishi mamlakatimiz iqtisodiyotiga katta hajmdagi investitsiyalar oqimini jalb qilish uchun qoʻshimcha manba boʻladi.

Keyingi strategik yoʻnalish sifatida yuqori qoʻshilgan qiymat zanjirlarini kengaytirishga investitsiyalarni jalb etish belgilandi.

Barcha sanoat tarmoqlarida yangi texnologik bosqichga oʻtish boʻyicha yirik dasturlar amalga oshirilmoqda. Yaqin yillarda sanoatda yuqori texnologiyali mahsulotlar hajmini 2,5 barobarga koʻpaytirish rejalashtirilgan.

Kimyo sanoati, mashinasozlik va robototexnika, yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektrotexnika va farmatsevtika kabi drayver tarmoqlarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ushbu yoʻnalishlarning umumiy investitsiya salohiyati oʻnlab milliard dollarga baholanmoqda.

– Sizlarning “yangi iqtisodiyot” tarmoqlaridagi tashabbuslaringizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyormiz, – dedi Prezidentimiz.

Oʻzbekiston yetakchisi umumiy qiymati 3 trillion dollarga baholangan muhim minerallar va boshqa yer osti boyliklaridan samarali foydalanish hamda xorijiy investorlar ishtirokida “Kelajak metallari” texnoparklarini rivojlantirishning ahamiyatiga ham urgʻu berdi.

Ustuvor yoʻnalishlar qatorida “yashil” energetika va sunʼiy intellekt sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish ham qayd etildi.

Yaqin istiqbolda mamlakatimiz energetika balansida qayta tiklanuvchi energiya ulushi 54 foizga yetkaziladi. Shu bilan birga, energiyani saqlash tizimlari rivojlantiriladi, elektr tarmoqlari modernizatsiya qilinadi hamda “yashil” energiya hisobiga ishlaydigan data-markazlar barpo etiladi.

Sunʼiy intellektni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Sunʼiy intellektni joriy etish boʻyicha Milliy strategiya doirasida taʼlim, davlat xizmatlari va biznesni raqamli transformatsiya qilishga qaratilgan keng koʻlamli dasturlar amalga oshirilmoqda.

Qoraqalpogʻistonda sunʼiy intellekt loyihalari va data-markazlar uchun imtiyozli investitsiya sharoitlari va soliq rejimiga ega boʻlgan maxsus zona tashkil etilmoqda.

Maxsus huquqiy rejimga ega boʻlgan Oʻzbekiston xalqaro raqamli texnologiyalar markazini ishga tushirish boʻyicha izchil ishlar olib borilmoqda.

Xorijiy ekspertlar tahlillariga koʻra, ushbu yangi yoʻnalish kamida 10 milliard dollarlik qoʻshimcha qiymat yaratish salohiyatiga ega.

– Asosiy vazifamiz sunʼiy intellekt orqali aholining barcha qatlamlari hayotini yaxshilash, undan taʼlim, davlat xizmatlari va biznes jarayonlarida keng foydalanishdan iborat, – dedi Prezident.

Mintaqaviy transport-logistika bogʻliqligini yanada rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekiston hamkorlar bilan birgalikda “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” strategik temir yoʻlini qurish, Transafgʻon yoʻlagini barpo etish hamda “Oʻrta koridor” transport yoʻnalishini rivojlantirish kabi yirik infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirmoqda.

– Ushbu loyihalarni toʻliq roʻyobga chiqarish evaziga Osiyo va Yevropani bogʻlaydigan transport magistrallar tarmogʻiga qoʻshilamiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Aviatsiya va logistika sohasida ham yirik megaloyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yiliga 20 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatadigan yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilmoqda.

Oltinchi ustuvor yoʻnalish hududlarni rivojlantirishda investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish masalalarini qamrab oldi.

Mamlakatimizda jadal demografik va iqtisodiy oʻsish sharoitida uy-joy qurilishi va shaharsozlik boʻyicha yirik dasturlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yangi shahar – “Yangi Toshkent” barpo etilmoqda, yirik hududiy markazlar millionli shaharlarga aylantirilmoqda.

– 2040-yilga qadar quriladigan uy-joylar sonini 2 karra oshirib, urbanizatsiya darajasini hozirgi 51 foizdan 65 foizga yetkazishni reja qilganmiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Turizm sohasini rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ushbu iqtisodiyot yoʻnalishi mamlakatimizda har yili 15-20 million chet ellik sayyohlarni qabul qilish va ularga yiliga kamida 15 milliard dollarlik turizm xizmatlari koʻrsatish imkonini beradi.

Shuningdek, agrosanoat majmuasini transformatsiya qilish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini rivojlantirish masalalariga toʻxtalib oʻtildi. Hozirda bu koʻrsatkich yiliga 3,5 milliard dollarni tashkil etayotgan boʻlsa, kelajakda uni 10 milliard dollarga olib chiqish istiqbollari mavjud. Prezidentimiz investorlar bilan ishlash jarayoniga hudud rahbarlarini faol jalb qilish va bu borada joylarda loyihaviy hamkorlikni kengaytirish muhimligini taʼkidladi.

Nutq yakunida Markaziy Osiyo va Kavkaz investitsiya kengashlarining mintaqaviy alyansini tashkil etish boʻyicha taklif qoʻllab-quvvatlandi. Ushbu tashabbus umumiy investitsiya makonini shakllantirish uchun asos boʻlishi mumkin.

Prezidentimiz huzuridagi Investorlar kengashi doirasida sarmoyadorlar bilan doimiy muloqotni yanada rivojlantirishga Oʻzbekiston tayyor ekani tasdiqlandi.

Davlatimiz rahbari investitsiya faqatgina iqtisodiy resurs emas, balki ilgʻor texnologiyalar, zamonaviy bilim va tajribalar, yangi ish oʻrinlari va davr bilan hamnafas taraqqiyot ekanini taʼkidladi.

Yakunda Prezidentimiz mamlakatimizga katta ishonch va gʻoyalar bilan kelayotgan xorijiy sarmoyadorlarga Yangi Oʻzbekistonning eshiklari hamisha ochiqligini aytdi.

– Toshkent investitsiya ruhi barchangizni mamlakatimizga doim chorlab turishiga, umumiy muvaffaqiyat ramziga aylanishiga ishonaman. Yurtimizning goʻzal tabiati, betakror madaniyati va olijanob xalqimizning mehmondoʻst qalbi esa doʻstligimizni mustahkamlash uchun oʻziga xos investitsiya boʻlishiga aminman, – dedi davlatimiz rahbari.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2026 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo