icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqi

17.06.2026

Assalomu alaykum, hurmatli forum ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar!

Qadrli doʻstlar!

Bugun beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida qatnashayotgan davlat va hukumat rahbarlari, nufuzli xalqaro moliya institutlari, yirik kompaniyalar, jamgʻarmalar vakillari va yetakchi ishbilarmonlarni koʻrib turganimdan benihoya xursandman.

Sizlarning ishtirokingiz xalqaro miqyosda Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga boʻlgan ishonch tobora ortib borayotganining yana bir ifodasidir.

Forum doirasida birgalikdagi harakatlarimiz katta marralarga erishish uchun mustahkam poydevor boʻlmoqda. Xususan, soʻnggi yillarda yurtimizga 150 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya jalb qilingan boʻlsa, shundan 123 milliard dollari oxirgi besh yilga toʻgʻri kelmoqda.

Biz Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor boʻlgan, teng huquqli va oʻzaro foydali sheriklikka tayyor investorlar uchun doimo ochiqmiz.

Joriy yilgi forumda dunyoning 100 dan ortiq davlatidan 4 mingga yaqin xorijiy mehmonlar qatnashayotgani ham anjumanimiz nufuzi yuksalib borayotganini yaqqol tasdiqlaydi.

Fursatdan foydalanib, tadbirimizda ishtirok etayotgan Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begay Janobi Oliylariga, Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Mixail Mishustin Janobi Oliylariga, Belarus Respublikasi Bosh vaziri Aleksandr Turchin Janobi Oliylariga, Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri Ali Asadov Janobi Oliylariga, Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri Oljas Bektenov Janobi Oliylariga, Qirgʻiz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Adilbek Kasimaliyev Janobi Oliylariga, Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda Janobi Oliylariga alohida minnatdorlik izhor etaman.

Shu bilan birga, jadal islohotlarimiz yoʻlida biz bilan yaqindan hamkorlik qilib kelayotgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yangi taraqqiyot banki, shuningdek, Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Yevropa investitsiya banki hamda xorijiy banklar, kompaniya va tashkilotlar vakillariga samimiy tashakkur aytaman.

Yangi Oʻzbekistonga xush kelibsiz, qadrli doʻstlar!

Hurmatli forum ishtirokchilari!

Jahon iqtisodiyoti va global kapital xaritasi keskin oʻzgarayotgan, savdo ziddiyatlari avj olayotgan hozirgi sharoitda har qanday investor tadbirkorlarning huquq va erkinliklari ishonchli himoya qilinayotgan, iqtisodiyot jadal surʼatlar bilan oʻsib borayotgan, keng imkoniyatlar mavjud boʻlgan davlatlarga sarmoya kiritishga intilishi tabiiy, albatta.

Shu bois, biz Yangi Oʻzbekistonda investitsiya muhitini tubdan yaxshilash yoʻlida tizimli chora-tadbirlarni olib boryapmiz. Oʻtgan yili yalpi ichki mahsulotimiz 7,7 foizga oʻsdi, iqtisodiyotga 43 milliard dollar investitsiya jalb qilindi. Milliy valyutamiz barqarorligi taʼminlanib, xalqaro zaxiralarimiz hajmi 70 milliard dollardan ortdi.

Koʻpchilikning yodida, biz toʻrt yil avval boʻlib oʻtgan ilk forumda 2026-yil yakuniga kelib, Oʻzbekistonning yalpi ichki mahsulotini 100 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan edik. Jadal surʼatlarda oʻsib borayotgan iqtisodiyotimiz bu yil 180 milliard dollardan ortishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Oʻzbekistonning xalqaro kredit reytingi yil sayin yaxshilanib bormoqda. Joriy yilda mamlakatimiz nufuzli “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da 14 pogʻona yuqorilab, ilk bor “iqtisodiyoti moʻtadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldi.

Bularning barchasi Oʻzbekiston iqtisodiyoti yangi surʼat va yangi imkoniyatlar bosqichiga chiqayotganiga yorqin misoldir.

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

Bugungi forum mavzusi “Investitsiyaviy barqarorlik: yangi marralar va yangi sheriklik” deb nomlangani ham bejiz emas. Biz oldimizda turgan katta maqsadlarga faqat birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz orqali erisha olamiz. Koʻp qirrali hamkorligimizni yanada kengaytirish uchun bir qator ustuvor yoʻnalishlarga toʻxtalib oʻtmoqchiman.

Birinchi yoʻnalish – investorlar uchun huquqiy kafolat tizimini yanada kuchaytirish.

Investorlar huquqlarini kuchli institutlar, eʼtirof etilgan xalqaro mexanizmlar orqali taʼminlash hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bu borada mart oyidan Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish boʻyicha ishlarni boshladik. Markazning huquqiy asoslari Konstitutsiyaviy qonun bilan mustahkamlanadi. Ushbu Markaz ishtirokchilari uchun jozibador soliq tizimi yaratiladi. Foyda soligʻi, qoʻshilgan qiymat soligʻi, mol-mulk soligʻi va bojxona bojlari nol foiz etib belgilanadi. Kapitalning erkin harakati, istalgan valyutada hisob-kitob qilish imkoniyati soʻzsiz kafolatlanadi. Moliyaviy texnologiyalar, raqamli aktivlar, “yashil” moliya uchun zamonaviy tizim yaratiladi. Markaz hududida normativ hujjatlarni qabul qilish vakolatiga ega mustaqil moliyaviy regulyator ham tashkil etiladi.

Dastlabki bosqichda bu kabi imtiyozlarning amal qilish muddati 50 yil etib belgilanadi. Markazda Angliya huquqiga asoslangan maxsus tartib-tamoyil joriy etiladi, mustaqil Toshkent xalqaro tijorat sudi tashkil qilinadi. Unda nufuzli xorijiy sudyalar va xalqaro ekspertlar faoliyat yuritadi. Shu bilan birga, investitsion mediatsiya tizimini ham rivojlantiramiz. Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkilotining Mediatsiya toʻgʻrisidagi Singapur konvensiyasiga qoʻshilish niyatidamiz.

Ushbu choralar natijasida investorlar Oʻzbekistonning oʻzida kafolatlangan xalqaro huquqiy himoyaga ega boʻladi. Barchangizni bunday shart-sharoitlardan, shakllanayotgan yangi ekotizim imkoniyatlaridan unumli foydalanishga chaqiramiz.

Ikkinchi yoʻnalish – kapital bozorini rivojlantirish, muqobil moliya vositalariga keng yoʻl ochish.

Oʻzbekiston yangi avlod moliya texnologiyalari va sarmoya bozorlarini jadal rivojlantirmoqda. Oʻtgan davrda xalqaro bozorlarda 16 milliard dollardan ziyod obligatsiyalarni joylashtirdik. Shu bilan birga, milliy valyutadagi korporativ yevro-obligatsiyalarni ham aylanmaga kiritdik. Ilk bor 13 ta strategik korxona aktiviga ega Milliy investitsiya jamgʻarmasining 30 foiz aksiyalarini Toshkent va London fond birjasiga chiqardik. Eʼtiborli jihati, bu London birjasining oxirgi besh yildagi eng yirik IPOsiga aylandi. Shu bilan birga, qator yirik kompaniyalarni ham IPOga chiqarishga tayyorgarlik koʻryapmiz.

Bu kabi islohotlarning huquqiy negizini mustahkamlash uchun “Kapital bozori toʻgʻrisida”gi va “Muqobil investitsiya jamgʻarmalari toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilinadi.

Oʻzbekistonda xalqaro kliring kompaniyalarning faoliyatiga ham keng imkoniyatlar ochamiz. Bundan tashqari, investitsiya oqimini diversifikatsiya qilish uchun suveren islom obligatsiyalari – sukuk dasturini amalga oshirishni boshlaymiz.

Bular korxonalarimizga kelgusida kamida 10 milliard dollar qoʻshimcha kapital olib kelish uchun katta turtki beradi.

Shuningdek, xususiylashtirish doirasida shu yil 6 milliard dollarlik koʻchmas mulk, korxonalardagi davlat ulushi va yer uchastkalari auksionga chiqariladi.

Mahalliy va xorijiy investorlarni bunday yangi imkoniyatlardan keng foydalanishga chorlaymiz.

Uchinchi yoʻnalish – yuqori qoʻshilgan qiymat zanjirlarini kengaytirishga investitsiyalarni jalb etish.

Biz sanoatning barcha tarmoqlarida yangi texnologik bosqichga oʻtish va qoʻshilgan qiymatni yaratish boʻyicha katta dasturlarni boshladik. Kelgusi besh yilda sanoatda yuqori texnologiyali mahsulotlar hajmini 2,5 barobarga koʻpaytiramiz. Misol uchun, ilgʻor kimyo tarmogʻini rivojlantirish orqali 20 milliard dollarlik investitsiya salohiyatini ishga solish; hududlarda 15 ming yuqori daromadli ish oʻrinlarini yaratish; 130 turdagi yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha hamkorligimiz bizga ham, siz, investorlarga ham manfaat keltirishiga ishonaman.

Yaxshi xabardorsiz, Oʻzbekiston boy tabiiy resurslar – oltin, mis, uran, volfram, gaz va boshqa noyob zaxiralarga ega. Strategik xomashyo boʻlgan yer osti boyliklarimizning umumiy qiymati 3 trillion dollar deb baholanmoqda.

Bu sohadagi imkoniyatlarni xorijiy investorlarga taqdim etish maqsadida ochiq raqamli geologiya maʼlumotlar bazasini yaratamiz; auksionga qoʻyiladigan konlarni 4 karra koʻpaytiramiz; “qazib olishdan tayyor mahsulotgacha” boʻlgan loyihalarni amalga oshirish uchun Toshkent va Samarqand viloyatlarida barpo etilayotgan “Kelajak metallari” texnoparklariga xorijiy sarmoyani keng jalb qilamiz.

Mashinasozlik, robototexnika, yengil sanoat, qurilish materiallari, elektrotexnika, farmatsevtika kabi “drayver” tarmoqlarda ham 30 milliard dollarlik investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirishni taklif qilamiz.

Sizlarning “yangi iqtisodiyot” tarmoqlaridagi tashabbuslaringizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyormiz.

Toʻrtinchi yoʻnalish – “yashil” energetika va sunʼiy intellekt sohalaridagi sheriklikni yanada chuqurlashtirish.

Xabaringiz bor, “yashil” energetikaga katta eʼtibor berib kelyapmiz. Yaqin yillarda umumiy elektr generatsiyasida uning ulushini 54 foizga yetkazishni reja qilganmiz.

Investorlarga quyosh va shamol elektr stansiyalari bilan bir qatorda energiya saqlash tizimlarini rivojlantirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, “yashil” energiya asosida ishlaydigan data-markazlar barpo etish taklifini ilgari suramiz.

Sunʼiy intellekt tarmogʻini rivojlantirish – davrimizning muhim talabi. Xorijiy ekspertlar Oʻzbekistonda kelgusi besh yilda ushbu yangi yoʻnalishda kamida 10 milliard dollarlik qoʻshimcha qiymat yaratilishini prognoz qilyapti.

Sunʼiy intellektni barcha sohalarga keng joriy etish uchun eng ilgʻor tajribalar asosida Milliy strategiyani qabul qildik. Uning doirasida “Besh million yetakchi” dasturi boshlandi.

Asosiy vazifamiz sunʼiy intellekt orqali aholining barcha qatlamlari hayotini yaxshilash, undan taʼlim, davlat xizmatlari va biznes jarayonlarida keng foydalanishdan iborat.

Biz Qoraqalpogʻistonda sunʼiy intellekt loyihalari va data-markazlar uchun maxsus zona yaratdik. Bu hududda 2040-yilgacha investorlar barcha turdagi soliq va bojlardan ozod qilinadi; yoʻl, elektr, suv infratuzilmasi davlat hisobidan qurib beriladi; 1 kilovatt-soat elektr energiyasi uchun 5 sent miqdorida imtiyozli tarif belgilanadi.

Shu bilan birga, maxsus huquqiy rejimga ega boʻlgan Oʻzbekiston xalqaro raqamli texnologiyalar markazini ham tashkil etyapmiz.

Fursatdan foydalanib, sizlarni ushbu yoʻnalishlar boʻyicha jozibadorligi yuqori boʻlgan loyihalarda hamkorlikka taklif etamiz.

Beshinchi yoʻnalish – mintaqaviy transport-logistika bogʻliqligini rivojlantirish.

Maʼlumki, investorlar uchun xalqaro savdo bozorlariga chiqish katta ahamiyatga ega. Bugungi tadbirimizda keng mintaqamiz mamlakatlarining hukumat rahbarlari ham ishtirok etmoqda.

Biz soʻnggi yillarda bu davlatlar yetakchilari bilan birgalikda Markaziy Osiyoni oʻzaro bogʻliq va butun jahonga ochiq boʻlgan katta imkoniyatlar maydoniga aylantiryapmiz. Jumladan, Xitoy va Qirgʻiziston bilan hamkorlikda strategik temir yoʻl qurilishini jadal davom ettiryapmiz. Shu bilan birga, janubiy dengiz portlariga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish imkonini beradigan Transafgʻon koridori loyihasi ustida faol ishlayapmiz. Bundan tashqari, Kaspiy dengizi orqali oʻtadigan “Oʻrta koridor” transport yoʻnalishini ham rivojlantiryapmiz.

Ushbu loyihalarni toʻliq roʻyobga chiqarish evaziga Osiyo va Yevropani bogʻlaydigan transport magistrallari tarmogʻiga qoʻshilamiz.

Biz transport-logistika yoʻnalishida yurtimizda qator megaloyihalarni ham boshlaganmiz. Masalan, Saudiya Arabistonidagi hamkorlarimiz bilan yiliga 20 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatadigan yangi Toshkent xalqaro aeroportini quryapmiz.

Forum doirasida sizlarga taqdim etilayotgan tezyurar avtomobil yoʻllarini barpo etish, koʻp funksiyali logistika markazlari va “quruq portlar”ni qurish kabi loyihalarda faol ishtirok etishingiz barchamiz uchun birdek manfaatli boʻlishiga ishonamiz.

Oltinchi yoʻnalish – hududlarni rivojlantirishda investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish.

Oʻzbekiston aholisi qariyb 40 millionga yaqinlashdi. Jadal demografik va iqtisodiy oʻsish bizdan urbanizatsiya va shaharsozlik boʻyicha katta dasturlarni amalga oshirishni taqozo etmoqda. Ular doirasida 2040-yilga qadar quriladigan uy-joylarning sonini 2 karra oshirib, urbanizatsiya darajasini hozirgi 51 foizdan 65 foizga yetkazishni reja qilganmiz.

Biz uzoq kelajakni koʻzlagan yangi investitsiya markazlarini barpo etmoqdamiz. Poytaxtimizga tutash hududda 2 million aholiga moʻljallangan zamonaviy Yangi Toshkent megapolisini bunyod etyapmiz. Shuningdek, Andijon, Namangan va Samarqandni millionli shaharlarga aylantirish boʻyicha loyihalarni boshlab yuborganmiz.

Umuman, yurtimizda uy-joy qurilishi loyihalari yiliga kamida 10 milliard dollarlik kafolatli bozorni taʼminlaydi. Bunga qoʻshimcha ravishda infratuzilmani barpo etishda 27 milliard dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalarini sizlar bilan amalga oshirishga tayyormiz.

Taʼkidlash joizki, soʻnggi yillarda mamlakatimiz hududlari rivojlanishida turizm va zamonaviy agrosanoat ham drayver yoʻnalishga aylanmoqda. Xususan, oʻtgan besh oyda yurtimizga xorijiy turistlar oqimi 27 foizga oʻsib, 5,5 million nafarni tashkil etdi. Umuman olganda, Oʻzbekistonda har yili 15-20 million chet ellik sayyohlarni qabul qilish va ularga yiliga kamida 15 milliard dollarlik turizm xizmatlari koʻrsatish salohiyati bor.

Shu bois, turizm durdonalari boʻlgan Samarqand, Buxoro va Xiva bilan bir qatorda boshqa hududlarimizda ham sayyohlik sohasiga faol sarmoya kiritasizlar deb umid qilamiz.

Qolaversa, anʼanaviy qishloq xoʻjaligini ilgʻor agrobiznes tarmogʻiga aylantirish boʻyicha ham dadil qadamlar tashlayapmiz. Hozirgi kunga kelib, Oʻzbekiston dunyoning 70 dan ortiq davlatiga yiliga 3,5 milliard dollarlik meva-sabzavot eksport qilib, oʻz “brendi”ga ega boʻldi.

Biz hosildorlikni oshirish, yangi organik mahsulotlarni koʻpaytirish orqali eksportni 10 milliard dollarga olib chiqish boʻyicha katta marrani koʻzlaganmiz.

Shu oʻrinda siz, nufuzli kompaniyalar vakillariga qarata aytmoqchiman: bugungi anjumanda bizning 14 ta hududimiz rahbarlari ham ishtirok etmoqda. Marhamat, ular hamrohligida viloyatlarga borib, yaratilayotgan imkoniyatlar bilan bevosita tanishing. Boy tajribangiz, texnologiya va sarmoyangiz bilan oʻzaro manfaatli loyihalarda faol ishtirok eting. Bu jarayonlarda barcha hokimlar sizlarning yoningizda turib, yaqindan koʻmak beradi va har jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi.

Aziz mehmonlar!

Biz Osiyo taraqqiyot banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tashabbusi bilan Markaziy Osiyo va Kavkaz investitsiya kengashlarining mintaqaviy alyansi tashkil etilayotganini oʻz vaqtida qabul qilingan qaror deb hisoblaymiz.

Bozor qanchalik katta va qoidalar qanchalik uygʻun boʻlsa, mintaqa davlatlariga sarmoyalar oqimi shuncha koʻpayadi. Shu maʼnoda, mazkur muhim tashabbus kelgusida umumiy investitsiya makonini yaratish yoʻlidagi dastlabki qadam boʻlishiga aminmiz.

Qadrli doʻstlar!

Biz ertaga sarmoyadorlar bilan doimiy institutsional muloqot formati – Prezident huzuridagi Investorlar kengashining yalpi majlisini oʻtkazamiz. Bir stol atrofida oʻtirib, yuzaga kelayotgan har qanday muammolarga samarali yechimlar topamiz va aniq vazifalarni belgilab olamiz.

Chunki biz uchun investitsiya bu faqat iqtisodiy resurs emas, balki ilgʻor texnologiyalar, zamonaviy bilim va tajribalar, yangi ish oʻrinlari va davr bilan hamnafas taraqqiyot demakdir.

Har qanday buyuk orzu va niyatni hayotga toʻla tatbiq etishda asosiy hamkor, hech shubhasiz, ezgu niyatli investorlar, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Shu bois, diyorimizga katta ishonch va gʻoyalar bilan kelayotgan xorijiy sarmoyadorlarga Yangi Oʻzbekistonning eshiklari hamisha ochiq. Prezident sifatida shaxsan oʻzim va Hukumatimiz yoningizda yelkadosh boʻlishga doim tayyormiz.

Toshkent investitsiya forumi ruhi barchangizni mamlakatimizga doim chorlab turishiga, umumiy muvaffaqiyat ramziga aylanishiga ishonaman.

Yurtimizning goʻzal tabiati, betakror madaniyati va olijanob xalqimizning mehmondoʻst qalbi esa doʻstligimizni mustahkamlash uchun oʻziga xos investitsiya boʻlishiga aminman.

Soʻzimning yakunida anjumanimizda qatnashayotgan investorlarga, xorijiy hukumat va xalqaro tashkilotlar hamda diplomatik korpus vakillariga yana bir bor chin dildan minnatdorlik bildiraman.

Barchangizga mustahkam sogʻliq, baxt-saodat, faoliyatingizda ulkan zafarlar tilab qolaman.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2026 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo