10.06.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-iyun kuni Samarqand viloyati hududlarini kompleks rivojlantirish, olis va chekka tumanlarda aholi turmush darajasini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
Davlatimiz rahbarining oʻtgan yil dekabr oyidagi Samarqand viloyatiga tashrifidan soʻng hududni 2026-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha zarur chora-tadbirlar belgilanib, bunga qoʻshimcha 100 million dollar mablagʻ ajratilgan edi. Shu yil mart oyida Narpay tumaniga tashrif davomida esa viloyatning olis va chekka hududlarini alohida yondashuv asosida rivojlantirish boʻyicha topshiriq berilgandi.
Yigʻilishda ushbu topshiriqlar ijrosi Bulungʻur, Narpay, Oqdaryo, Paxtachi, Qoʻshrabot, Kattaqoʻrgʻon tumanlari va Kattaqoʻrgʻon shahri misolida koʻrib chiqildi.
Qayd etilganidek, chekka hududlarda aholi koʻp boʻlsa-da, yuqori daromadli ish oʻrinlari yetarli emas. Narpay, Qoʻshrabot, Paxtachi, Kattaqoʻrgʻon tumanlari va Kattaqoʻrgʻon shahrining viloyat sanoatidagi umumiy ulushi atigi 10 foizni tashkil qiladi. Narpay, Paxtachi, Pastdargʻom tumanlari hamda Kattaqoʻrgʻon shahrida ishsizlik va kambagʻallik darajasi boshqa hududlarga nisbatan yuqori.
Shu bois, mazkur hududlarning salohiyatidan kelib chiqib, ularni aniq ixtisoslashuv asosida rivojlantirish taklif etildi. Xususan, Bulungʻur, Qoʻshrabot, Paxtachi va Kattaqoʻrgʻon tumanlari qishloq xoʻjaligi, chorvachilik va bogʻdorchilik markazi sifatida rivojlantiriladi. Bulungʻurda yillik quvvati 100 ming bosh boʻlgan 50 million dollarlik naslchilik korxonasi, Qoʻshrabot va Oqdaryoda yillik quvvati 800 ming dona boʻlgan 20 million dollarlik naslli joʻja korxonalarini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Narpay tumani va Kattaqoʻrgʻon shahri sanoat va xizmat koʻrsatish sohalarining oʻsish nuqtasiga aylantiriladi. Jumladan, Narpayda 100 gektar maydonda sanoat zonasi tashkil etilib, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha 500 million dollarlik loyihalar joylashtiriladi. Bu jarayonga Yaponiyaning 10 ta yirik kompaniyasini jalb etish koʻzda tutilgan.
Oqdaryo tumani parrandachilik, toʻqimachilik va qayta ishlash sanoatiga ixtisoslashgan hudud sifatida rivojlantiriladi.
Yigʻilishda Narpay, Paxtachi, Pastdargʻom tumanlari va Kattaqoʻrgʻon shahrida ishsizlik darajasini 3 foizgacha, kambagʻallikni 2 foizgacha tushirish, Ishtixon, Narpay, Nurobod, Paxtachi, Qoʻshrabot va Kattaqoʻrgʻon tumanlarida eksportni 20 foizga oshirish, shuningdek, Bulungʻur, Narpay, Nurobod, Payariq, Paxtachi, Qoʻshrabot, Kattaqoʻrgʻon tumanlari va Kattaqoʻrgʻon shahrida xizmatlar hamda sanoat hajmini 2 karra koʻpaytirish boʻyicha loyihalar taqdimot qilindi.
Samarqand viloyatining turizm salohiyatini yanada kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Joriy yil boshidan mamlakatimizga kelgan xorijiy turistlar soni 27,3 foizga oshib, 5,4 million nafarga yetdi. Oʻzbekiston xorijiy turistlar sonini 20 million nafarga, turizm eksportini 10 milliard dollarga yetkazish boʻyicha katta marra olgan. Buning uchun hududlarda turistlarni uzoqroq ushlab qoladigan yangi yoʻnalishlar va servis obyektlarini koʻpaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Shu maqsadda Samarqandning tarixiy markazidagi 13 ta koʻchani piyodalar hududiga aylantirish, yangi turizm va servis obyektlarini barpo etish tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.
Shuningdek, “Ohalik – Oqboʻyro – Mironqul” turistik-rekreatsion zonasi hududini kengaytirish taklif qilindi. Imom Moturidiy yodgorlik majmuasi qarshisidan oqib oʻtuvchi “Shaar” kollektori atrofini obodonlashtirish masalasi ham koʻrib chiqildi.
Mazkur choralar natijasida Samarqand shahri, Nurobod va Samarqand tumanlarida mehmonxonalar sonini 850 taga, nomer fondini 20 ming oʻringa, turizm xizmatlari hajmini 750 million dollarga yetkazish vazifasi qoʻyildi.
Yigʻilishda aholi yashashi uchun qulay infratuzilma yaratish eng asosiy vazifa ekani taʼkidlandi. Buning uchun ijtimoiy obyektlar qurish, yoʻl, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari, elektr taʼminotini yaxshilash, servis va renovatsiya loyihalarini amalga oshirish, sanoat loyihalarini infratuzilma bilan taʼminlash maqsadida 1,2 trillion soʻm ajratish taklifi bildirildi.
Samarqand shahrida renovatsiya dasturi asosida “Kimyogarlar” qoʻrgʻonini aholi uchun qulay qiyofaga keltirish boʻyicha master-rejani bir oy muddatda tasdiqlash, Bulungʻur tumanida qurilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivi hududini kengaytirish, yil yakuniga qadar Samarqand shahrining “Temiryoʻl orti” hududidagi boʻsh turgan yer va binolar oʻrnida sport, madaniyat, musiqa va sanʼat maskanlarini tashkil etish vazifasi qoʻyildi.
Shuningdek, viloyat hokimligi huzurida ijtimoiy soha obyektlarini qurish va taʼmirlash jamgʻarmasini tashkil etish maʼqullandi. Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar boʻyicha iqtisod qilingan mablagʻlar ushbu jamgʻarmaga yoʻnaltirilishi belgilandi.
Yigʻilishda mutasaddilarning axboroti tinglandi. Davlatimiz rahbari Samarqand viloyatining har bir tumanida mavjud imkoniyatlarni toʻliq ishga solish, yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi daromadini oshirish va hududlar oʻrtasidagi iqtisodiy tafovutni qisqartirish boʻyicha aniq topshiriqlar berdi.


