26.05.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev transport infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha taqdimot bilan tanishdi.
Transport infratuzilmasi iqtisodiyot tarmoqlarini oʻzaro bogʻlash, hududlar salohiyatini toʻliq ishga solish, aholi va biznes uchun qulaylik yaratishda muhim oʻrin tutadi. Shu bois, mamlakatimizda avtomobil yoʻllari, aviatsiya, logistika va xalqaro transport yoʻlaklarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Taqdimotda, avvalo, “Toshkent – Samarqand” muqobil avtomobil yoʻlini qurish loyihasi koʻrib chiqildi. Ushbu yoʻlning uzunligi 282 kilometr boʻlib, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarini bogʻlaydi. Yoʻl I-a toifada, sement-beton qoplamali, har ikki yoʻnalishda uchtadan harakat tasmasi bilan quriladi. Loyihaviy tezlik soatiga 150 kilometrni tashkil etadi.
Loyiha doirasida 12 ta transport yechimi, 60 ta tunnelli oʻtish joyi, 91 ta koʻprik, 16 ta yoʻl oʻtkazgich, 258 ta drenaj inshooti va intellektual transport tizimini joriy etish koʻzda tutilgan. Shuningdek, 12 ta terminal, yoʻl boʻyi infratuzilmasi va vazn oʻlchash tizimi tashkil qilinadi.
Salohiyatli investorlar bilan muzokaralar jarayonini jadallashtirish va qurilish ishlarini qisqa muddatlarda boshlash topshirildi.
Mamlakatimizda aviatsiya sohasida yangi ekotizimni shakllantirish boʻyicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, hududlardagi 7 ta xalqaro aeroport zamon talablari asosida rekonstruksiya qilinyapti. Moʻynoq, Qoʻqon, Zomin, Shahrisabz, Sariosiyo, Soʻx tumanlarida yangi aeroportlar barpo etilib, ularning soni 18 taga yetkazildi.
Xususan, Navoiy xalqaro aeroporti faoliyatini loyihaviy boshqaruv tamoyillari asosida tashkil etish, uning tijorat mustaqilligini oshirish ishlari olib borilmoqda. Unga mahalliy va xorijiy aviakompaniyalar bilan yoʻlovchi va yuk tashish, tranzit hamda texnik qoʻnishlar boʻyicha mustaqil muzokaralar olib borish va shartnomalar tuzish huquqi berilgan.
2030-yilga borib, aeroportda parvozlar sonini 2,3 barobarga oshirib, yiliga 7 mingtaga, yoʻlovchi tashish hajmini 150 ming nafarga, yuk tashishni esa 45 ming tonnaga yetkazish koʻzda tutilgan. Shuningdek, aeroport hududida havo kemalariga texnik va tijorat xizmatlari koʻrsatishga ixtisoslashgan “porto-franko” erkin zonasi tashkil etiladi.
Taqdimotda Yangi Toshkent xalqaro aeroportini qurish loyihasi koʻrib chiqildi.
Aeroport yiliga 20 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega boʻladi. Yoʻlovchi terminali maydoni 208,4 ming kvadrat metrni tashkil etib, 169 ta havo kemasi turargohi, har biri 4 kilometrdan boʻlgan 2 ta uchish-qoʻnish yoʻlagi barpo etiladi.
Hozirga qadar xalqaro moliya institutlari talablari asosida ekologik va ijtimoiy taʼsirni baholash ishlari oʻtkazildi. Loyiha hududida kanal, kollektor va elektr tarmoqlarini koʻchirish ishlari boshlangan. Ayni paytda loyiha va pudrat tashkilotlari bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Fuqaro aviatsiyasi korxonalarini aviayoqilgʻi bilan taʼminlash masalasi ham koʻrib chiqildi.
Aeroportlardagi yoqilgʻi quyish majmualarining umumiy sigʻimi 49 ming tonnani tashkil etadi. 2030-yilga qadar mahalliy aviayoqilgʻi ishlab chiqarish hajmini yiliga 600 ming tonnaga, aviayoqilgʻi saqlash quvvatlarini esa 80 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Bu maqsadda Navoiy, Andijon, Buxoro, Urganch va Yangi Toshkent xalqaro aeroportlarida yangi saqlash quvvatlari barpo etiladi.
Yoqilgʻini saqlash va quyish jarayonlarini xalqaro standartlarga bosqichma-bosqich oʻtkazish zarurligi qayd etildi. Yoqilgʻi quyish majmualarini boshqarish jarayonlari joriy yilda toʻliq raqamlashtirilishi, aeroportlar yoqilgʻi quyish majmualari faoliyatida texnologik jarayonlar talablariga rioya etilishi ustidan tizimli davlat nazorati oʻrnatilishi belgilandi.
Davlatimiz rahbari transport infratuzilmasini rivojlantirishda loyihalarning iqtisodiy samaradorligi, qurilish sifati, xavfsizlik talablari va aholi uchun qulaylik asosiy mezon boʻlishi zarurligini taʼkidladi hamda tegishli koʻrsatmalar berdi.


