16.08.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-avgustdagi PF-5156-son farmoni
Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi hududida zamonaviy innovatsiya texnologiyalari qo‘llanilgan holda tayyorlangan biometrik pasport tizimini joriy qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Mazkur tizim O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini shunday hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO) tavsiyalari va boshqa xalqaro standartlarga mos keladigan biometrik hujjat bilan ta’minlash imkonini berdi.
2014-yilda O‘zbekiston Respublikasi IKAOning tegishli axborot resursiga qo‘shildi va bu mamlakatimizning vakolatli organlariga davlat chegarasidan o‘tish punktlarida xorijiy davlatlarning biometrik hujjatlari haqiqiyligini avtomatik tarzda tekshirish imkoniyatini yaratdi.
O‘zbekiston Respublikasining biometrik pasport tizimi mamlakatimiz huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatining samaradorligi va tezkorligini oshirib, davlat chegarasidan o‘tishda fuqarolar shaxsini identifikatsiya qilish tartib-taomillarini soddalashtirdi, “Elektron hukumat” tizimi faoliyati doirasida interfaol davlat xizmatlarini ko‘rsatishga xizmat qiladigan jismoniy shaxslarning yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirishni ta’minladi.
Shu bilan birga, ayni paytda fuqarolarimiz Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo ayrim mamlakatlardan tashqari, dunyoning barcha davlatlariga chiqishi uchun biometrik pasport bilan birgalikda ruxsat yozuvi qayd etilgan ikki yillik stikerni rasmiylashtirishi zarur. Ushbu stiker O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining erkin harakat qilishiga xalaqit berayotgan muayyan omil hisoblanadi.
Bu boradagi xalqaro tajribani o‘rganish shundan dalolat beradiki, bugungi kunda dunyoning deyarli barcha davlatlarida ichki va tashqi foydalanish uchun mo‘ljallangan ikki turdagi hujjat qo‘llanilmoqda. Bunda xorijga chiqish uchun asosan elektron axborot manbaiga ega kitobcha shaklidagi pasportdan foydalanilmoqda va ruxsat beruvchi boshqa milliy hujjatlar rasmiylashtirilmaydi.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq, shuningdek, xorijga chiqish tartibini yanada takomillashtirish, aholiga qulay sharoitlar yaratish, xorijga chiqish uchun hujjatlarni rasmiylashtirishda byurokratik to‘siqlar va korrupsiya holatlarining oldini olish, harakatlanish hujjatining amal qilish muddatini uzaytirish, fuqarolarning davlat chegarasidan o‘tkazish punktlarida pasport nazoratidan o‘tish tartib-taomillarini tubdan soddalashtirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmatining 2019-yilning 1-yanvaridan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. 2019-yilning 1-yanvaridan xorijga chiqish uchun ruxsat yozuvi stikerini rasmiylashtirish tartibi bekor qilinsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki,
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining amalda qo‘llanilayotgan 2011-yilgi namunadagi biometrik pasporti uning egasining shaxsi va fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalaniladi;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari 2021-yilning 1-yanvariga qadar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilmaydigan davlatlar hududiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining amalda qo‘llanilayotgan 2011-yilgi namunadagi biometrik pasportidan foydalangan holda O‘zbekiston Respublikasidan chiqishi mumkin;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etiladigan davlatlar hududiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining amalda qo‘llanilayotgan 2011-yilgi namunadagi biometrik pasportidan foydalangan holda, undagi ruxsat yozuvi stikerining amal qilish muddati tugagunga qadar O‘zbekiston Respublikasidan chiqishi mumkin;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining 2011-yilgi namunadagi biometrik pasporti O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilmaydigan davlatlarda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilmaydigan davlatlarda bo‘lish va ushbu davlatlar o‘rtasida harakatlanishda pasportning amal qilish muddati tugagunicha haqiqiy hisoblanadi;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining 2011-yilgi namunadagi biometrik pasporti O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etiladigan davlatlarda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etiladigan boshqa davlatlarda bo‘lish va harakatlanish uchun pasportning amal qilish muddati tugagunicha haqiqiy hisoblanadi;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining 2011-yilgi namunadagi biometrik pasporti O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilmaydigan davlatlarda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun undagi ruxsat yozuvi stikerining amal qilish muddati tugagandan so‘ng O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etiladigan davlatlarga kirish uchun haqiqiy hisoblanmaydi. Fuqarolarning qayd etilgan ushbu toifasi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etiladigan davlatlarga kirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini rasmiylashtirishni so‘rab, o‘rnatilgan tartibda murojaat qilishi kerak;
fuqarolarni qabul qilish, ma’lumotlar to‘plash va O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini olish bo‘yicha elektron arizasini rasmiylashtirish va keyinchalik personallashtirilgan hujjatni berish ishlarini O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari, Tashqi ishlar vazirligining Konsullik boshqarmasi va O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalari amalga oshiradi;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini personallashtirishni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi amalga oshiradi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (A.Aripov) 2017-yilning 1-dekabrigacha O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasporti Davlat standartini tasdiqlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (A.Azizov) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, Tashqi ishlar, Mudofaa, Xalq ta’limi vazirliklari, Milliy xavfsizlik xizmati bilan birgalikda 2018-yilning 1-yanvariga qadar mazkur Farmon talablarini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimi va O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibi to‘g‘risida yangi tahrirdagi nizom loyihasini tasdiqlash uchun kiritsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi (S.Xudoyqulov) Ichki ishlar va Tashqi ishlar vazirliklari, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazining buyurtmalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasporti bukletini tasdiqlangan Davlat standartiga muvofiq o‘z vaqtida tayyorlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi (N.To‘raxo‘jayev) O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Mudofaa, Xalq ta’limi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari hamda Milliy xavfsizlik xizmati bilan birgalikda:
amaldagi biometrik pasport tizimi bazasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini muomalaga kiritishga qaratilgan tashkiliy-texnik tadbirlar kompleksi o‘z vaqtida o‘tkazilishini ta’minlasin;
2018-yilning 1-dekabrigacha zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari qo‘llanilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish tizimini ishlab chiqish va joriy etilishini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (B.Xo‘jayev) va Iqtisodiyot vazirligi (G.Saidova) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi va boshqa aloqador vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2017-yilning 1-oktabriga qadar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish tizimini joriy qilishga qaratilgan ishlarni moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi masalani ishlab chiqsin hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqish uchun kiritsin.
9. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (B.Alixonov) va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A.Ko‘chimov) ommaviy axborot vositalarida mamlakatimiz aholisi o‘rtasida ushbu Farmon qoidalarini keng yoritish bo‘yicha maqolalar e’lon qilinishi va mavzuga oid ko‘rsatuvlar efirga uzatilishini ta’minlasin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi (A.Komilov) muomalaga kiritilayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasporti va O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining 2011-yilgi namunadagi biometrik pasportining amal qilish muddati haqida Xalqaro fuqaro aviatsiyasi, Xalqaro standartlashtirish tashkiloti va xorijiy mamlakatlar hukumatlarini o‘rnatilgan tartibda xabardor qilsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mitasi (R.Eminjonov) 2019-yilning 1-yanvaridan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining mazkur Farmon talablariga muvofiq xorijga chiqishini o‘rnatilgan tartibda nazorat qilishni ta’minlasin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (A.Azizov) Tashqi ishlar va Adliya vazirliklari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan birgalikda ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining me’yoriy-huquqiy hujjatlari va tegishli xalqaro shartnomalariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
13. Ushbu Farmon ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V.Mahmudov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 16-avgust