15.08.2017
2017-yil 15-avgustdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3212-son qarori
Xalqimizning ma’naviy saviyasini oshirish, yosh avlodni yuksak insoniy g‘oyalar, ona Vatanga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalash, milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida kamol toptirishda musiqa san’atining o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.
Mana shunday muhim vazifani ado etish borasida O‘zbekiston bastakorlar uyushmasi faoliyatida zamon talablaridan orqada qolish, ijodiy sustkashlik, tashabbuskorlikning yetishmasligi kabi holatlar kuzatilmoqda. Uyushmaning moliyaviy ahvoli va moddiy-texnik bazasi bilan bog‘liq muammolar ham uning faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Boy musiqa merosimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan ijodiy tashkilot va jamoalar, kompozitor va bastakorlar, xonanda va sozandalar, yosh ijrochilar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning iste’dod va mahoratini ro‘yobga chiqarish, zarur moddiy va ma’naviy yordam berish, soha vakillari o‘rtasida samarali ijodiy muhit tashkil etish bo‘yicha ko‘pgina muhim vazifalar o‘z yechimini kutmoqda.
Yuqorida qayd etilgan dolzarb muammolarni hal qilish hamda O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi faoliyatini tubdan takomillashtirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi faollar kengashi tomonidan O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasini O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi sifatida qayta tashkil qilish haqidagi qarori ma’qullansin.
2. Quyidagilar O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasining (keyingi o‘rinlarda - Uyushma deb yuritiladi) asosiy vazifalari etib belgilangani ma’lumot uchun qabul qilinsin:
xalqimizning estetik talab va ehtiyojlarini har tomonlama hisobga olgan holda, zamonaviy ruhdagi badiiy yuksak asarlar yaratish, katta musiqiy asarlar, jumladan, opera, simfoniya, konsert va oratoriya kabi mumtoz janrlar rivojiga alohida e’tibor qaratish;
yosh kompozitorlar, bastakorlar va musiqashunoslar, barcha ijrochilarning ijod bilan samarali shug‘ullanishlari uchun imkoniyat va sharoitlarni kengaytirish;
mamlakatimizning madaniy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etish, davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, ijodiy uyushmalar va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda musiqa san’ati sohasida ijod qilayotgan barcha ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;
milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, musiqiy ta’lim- tarbiya sohasini takomillashtirish, mumtoz va zamonaviy musiqa san’atini targib qilish jarayonlarida faol ishtirok etish;
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan ijodiy hamkorlikni kuchaytirish, turli ijodiy tanlovlar o‘tkazish, bastakorlar ijodini rag‘batlantirishga qaratilgan konsertlar, festivallar, ijodiy kechalar va boshqa madaniy-ma’rifiy, ommaviy tadbirlarni tashkil etish;
xalqaro madaniy va musiqiy hamkorlik doirasini kengaytirish, yosh kompozitor, bastakor va musiqashunoslarni zamon talablari darajasida tayyorlash, chet davlatlardagi taniqli kompozitorlar va musiqashunoslar bilan o‘zaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish;
O‘zbekiston davlat konservatoriyasida soha vakillari uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish;
Nizom talablari asosida Uyushma a’zolari safini yosh iste’dodli kompozitor va bastakorlar, musiqashunoslar bilan to‘ldirib borish.
3. Quyidagilar:
O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq ma’qullansin.
4. Uyushma va uning hududiy bo‘limlarining faoliyati bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash, shuningdek, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish manbai etib O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-kuvvatlash “Ilhom” jamoat fondi (keyingi o‘rinlarda Fond deb yuritiladi) mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilansin.
Bu borada Uyushma va uning hududiy bo‘limlari xodimlari mehnatiga haq to‘lash xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan Fondga ajratiladigan byudjet mablag‘lari (subsidiya) hisobidan qoplanishi nazarda tutilsin.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Uyushma hududiy bo‘limlarining aniq manzillar bo‘yicha joylashtirilishini ta’minlasin.
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Uyushma a’zosi bo‘lgan faol kompozitor va bastakorlar, musiqashunoslarni imtiyozli ipoteka kreditlari asosida arzon uy-joy yoki yer uchastkalari bilan ta’minlash bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rsin.
7. “Asakabank” aksiyadorlik tijorat bankining Uzbekiston kompozitorlar va bastakorlar uyushmasining “Do‘stlar klubi”ga rahbarlik qilish yuzasidan bildirgan tashabbusi ma’qullansin. “Asakabank” aksiyadorlik tijorat bankining O‘zbekiston kompozitorlar va bastakorlar uyushmasi bilan birgalikda Toshkent shahri, M.Ulug‘bek tumani, Ya.G‘ulomov ko‘chasi, 69-uyda joylashgan Uyushma binosini ta’mirlash, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha atoqli namoyandalarining elektron arxivini va maxsus fonoteka, ovoz yozish studiyasi hamda “Musiqa ijodkorlari” muzeyini tashkil etishda homiylik yordami ko‘rsatish haqidagi taklifi qo‘llab-quvvatlansin.
8. Uyushma o‘z faoliyatini takomillashtirish maqsadida dunyodagi rivojlangan davlatlarning musiqa san’ati sohasidagi ijodiy uyushmalari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, jumladan, xalqaro tashkilotlarning grantlarini jalb etish choralari belgilangani ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Uyushma tavsiyasi bilan uning faol a’zolarini xorij davlatlariga malaka va tajriba almashish uchun Fond hisobidan xizmat safarlariga yuborish tizimi yo‘lga qo‘yilsin.
9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev