04.05.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-may kuni Samarqand shahrida boʻlib oʻtayotgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi 59-yillik yigʻilishining ochilish marosimida ishtirok etdi.
“Taraqqiyot chorrahalari: mintaqaning oʻzaro bogʻliq kelajagini ilgari surish” shiori ostida oʻtkazilayotgan forumda 100 dan ortiq mamlakatdan 4 mingdan ziyod ekspertlar, shuningdek, xorijiy hukumatlar, xalqaro moliya tashkilotlari, yetakchi banklar va kompaniyalar vakillari ishtirok etmoqda.
Kun tartibidan raqamli va “yashil” transformatsiya, iqlim barqarorligi, ishlab chiqarish taʼminoti zanjirlarini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va boshqa masalalar oʻrin olgan.
Davlatimiz rahbari tadbirda nutq soʻzlab, bunday nufuzli anjumanning yurtimizda oʻtkazilayotgani Oʻzbekistonga gʻurur va iftixor bagʻishlashini taʼkidladi.
Prezidentimiz buyuk tarix va yorqin kelajakni oʻzida mujassam etgan Yangi Oʻzbekiston endilikda xalqaro miqyosdagi dolzarb masalalar muhokama etiladigan yirik maskanga aylanib borayotganini qayd etdi.
Oʻzbekiston yetakchisi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijalariga batafsil toʻxtalib oʻtdi. Soʻnggi yillarda iqtisodiyotimizga 150 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritilib, minglab zamonaviy korxonalar ishga tushirildi. Bu davrda tovar va xizmatlar eksporti 3 karra oʻsdi, milliy iqtisodiyot hajmi esa 50 milliarddan 147 milliard dollarga yetdi.
2020-yildan buyon Oʻzbekiston suveren kredit reytinglarida oʻz oʻrnini izchil oshirib bormoqda. Iqtisodiy erkinlik indeksida joriy yil yurtimiz 14 pogʻona yuqorilab, ilk bor “iqtisodiyoti moʻtadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldi.
Global beqarorlik sharoitida ham iqtisodiyotimiz birinchi chorak yakuni boʻyicha 8,7 foizli oʻsishga erishdi.
– Eng muhimi, islohotlarimizda har bir oila, har bir insonning kundalik hayotini yaxshilashga asosiy eʼtiborni qaratdik. Biz oʻtgan davrda 8,5 million ehtiyojmand aholi daromadini oshirib, kambagʻallik darajasini qariyb 35 foizdan bugungi kunda 5,8 foizga tushirishga erishdik, – dedi Prezidentimiz.
Oʻzbekiston oxirgi oʻn yilda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda eng katta ijobiy oʻzgarish qilgan beshta davlatdan biri boʻldi.
2030-yilga qadar barcha sohalarni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish orqali iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan oshirish, daromadi oʻrtachadan yuqori davlatlar qatoriga kirish hamda kambagʻallikka toʻliq barham berish maqsad qilingan.
Prezidentimiz amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarda Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya tashkilotlarining oʻrnini alohida eʼtirof etdi. OTB bilan amalga oshirilgan va joriy qoʻshma loyihalar portfeli qariyb 16 milliard dollarga yetdi.
Davlatimiz rahbari fursatdan foydalanib, Osiyo taraqqiyot banki Prezidenti Masato Kanda, Bank boshqaruvchilari hamda Jahon banki, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Islom taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda boshqa xalqaro moliya institutlari rahbariyatiga yaqin hamkorlik uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Prezidentimiz jahon iqtisodiyotida yuz berayotgan murakkab oʻzgarishlar va yangi texnologiyalarning jadal rivojlanishi haqida soʻz yuritar ekan, barqaror rivojlanishni taʼminlash uchun Bank bilan hamkorlikda yangi mexanizm va taʼsirchan yondashuvlarni joriy etish zarurligini taʼkidladi.
Raqamli transformatsiya va sunʼiy intellektga alohida eʼtibor qaratildi. Yurtimizda Sunʼiy intellekt xabini yaratish boshlandi, hududlarda data markazlarni koʻpaytirish, super kompyuterlarni ishga tushirish va “Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari”ni tayyorlash boʻyicha dasturlar amalga oshirilmoqda.
– Taʼlim, tibbiyot, suv xoʻjaligi, ekologiya, oziq-ovqat xavfsizligi kabi aholining birlamchi ehtiyoji uchun eng zarur boʻlgan yoʻnalishlarda ham ochiq sunʼiy intellekt modellaridan foydalanish talab etilmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.
Osiyo taraqqiyot banki shafeligida Rivojlanayotgan mamlakatlarda sunʼiy intellekt koʻlamini oshirish boʻyicha alohida dastur ishlab chiqish taklif etildi. Oʻzbekiston bankning “Osiyo uchun raqamli magistral” tashabbusiga qoʻshilishga tayyorligini maʼlum qilib, Toshkentda uning mintaqaviy muvofiqlashtirish markazini ochish taklifini ilgari surdi.
“Yashil” energetikani rivojlantirish ustuvor yoʻnalish sifatida belgilandi. Dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda 5 ming 600 megavattli quvvatlar ishga tushirildi, 2030-yilga borib esa generatsiyada qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Osiyo taraqqiyot banki toza energiya eksportini kengaytirish uchun Markaziy Osiyo – Yevropa “yashil” energetika koridorini yaratishga koʻmaklashayotgani minnatdorlik bilan taʼkidlandi. Mintaqa davlatlari bank bilan hamkorlikda qisqa muddatlarda ushbu “energetik arteriya” loyihasini boshlashiga ishonch bildirildi.
Keyingi dolzarb vazifa – transport tizimlarining oʻzaro bogʻliqligini va logistika yoʻlaklari barqarorligini taʼminlash.
Xalqaro logistikadagi qiyinchiliklar “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻlini qurishning ahamiyatini oshirmoqda. Mazkur loyiha yuklarni yetkazib berish muddatini 10 kungacha qisqartirish va butun mintaqa tranzit salohiyatini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.
Bankning Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi (CAREC) doirasida “Raqamli bojxona va logistika alyansi”ni tashkil etish taklif etildi.
Muhim minerallar zaxiralarini oʻzlashtirishda hamkorlik salohiyati alohida taʼkidlandi. Prezidentimiz qayd etganidek, Oʻzbekiston nafaqat foydali minerallarni qazib olish, balki ularni chuqur qayta ishlash orqali yuqori qoʻshilgan qiymatga ega ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishni maqsad qilgan.
Oʻzbekiston yetakchisi yuqori qoʻshilgan qiymatga ega boʻlgan loyihalarni ilgari surish uchun Osiyo taraqqiyot bankining “Kritik mineraldan – ishlab chiqarishga” dasturiga qoʻshilish muhimligini taʼkidladi.
Shu bilan birga, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish muhim vazifa sifatida belgilandi. Orol dengizining qurigan tubida himoya oʻrmonzorlarini barpo etish boʻyicha milliy saʼy-harakatlarga qoʻshimcha ravishda “Markaziy Osiyo yashil belbogʻi” mintaqaviy loyihasini amalga oshirish taklif etildi.
Mintaqaviy hamkorlik doirasida “Markaziy Osiyo turizm halqasi”ni yaratish tashabbusi ilgari surildi. Loyiha mintaqadagi noyob madaniy, ziyorat, gastronomik, etnografik va boshqa obyektlarni sayyohlar uchun yagona makonga birlashtirishga qaratilgan.
Bildirilgan barcha taklif va tashabbuslarni tizimli ilgari surish uchun OTBning loyihalarni moliyalashtirish boʻyicha keng imkoniyatlarini, jumladan, xususiy kapitalni safarbar qilish orqali toʻliq ishga solish zarurligi taʼkidlandi. Shu munosabat bilan mintaqaviy loyihalar uchun Innovatsion moliyalashtirish platformasini shakllantirish taklif etildi.
Davlatimiz rahbari hozirgi kunda jahon iqtisodiyotida roʻy berayotgan keskin oʻzgarishlar sharoitida Osiyo taraqqiyot bankining keng mintaqamiz ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini taʼminlashdagi muhim oʻrni yanada oshayotganini taʼkidladi.
Yakunda Prezidentimiz Samarqand platformasida ilgari suriladigan muhim taklif va tashabbuslar kelgusida katta amaliy natijalarga, har bir kelishuv esa aniq va foydali loyihalarga aylanishiga ishonch bildirdi.


