icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Muhtasham ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasi butun Fargʻona rivojida yangi davrni boshlab beradi

27.04.2026

Margʻilon shahrida “Burhoniddin Margʻinoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq soʻzladi.

Davlatimiz rahbari Fargʻona ahlini ushbu tarixiy voqea bilan samimiy tabriklab, majmua nafaqat Margʻilon, balki butun Fargʻona vodiysi maʼnaviy hayotida muhim oʻrin tutishini taʼkidladi.

Qayd etilganidek, keyingi yillarda Fargʻona viloyatini 2030-yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi izchil amalga oshirilmoqda. Qoʻqonda aeroport qayta tiklandi, Margʻilon va boshqa shahar-tumanlarda zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari, taʼlim, tibbiyot va madaniyat maskanlari, IT-parklar, “Yangi Oʻzbekiston” turar joy massivlari barpo etilmoqda.

Bu ishlar aholi uchun qulay mehnat va turmush sharoitini yaratish, inson qadrini ulugʻlash va hududlarga Yangi Oʻzbekiston ruhini olib kirishga xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz Fargʻona viloyati soʻnggi yillarda nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro miqyosdagi yirik tadbirlarga ham mezbonlik qilayotganini taʼkidladi. Qoʻqonda xalqaro hunarmandchilik festivali, Rishtonda kulolchilik anjumani oʻtkazilishi yaxshi anʼanaga aylangan. Markaziy Osiyo mamlakatlarining hududlararo hamkorlik forumlari ham Fargʻonada muvaffaqiyatli tashkil etilmoqda.

Soʻnggi yillarda milliy meʼmorchilik yechimlari asosida, tarixiy va zamonaviy anʼanalarni uygʻunlashtirgan yirik turizm majmualari barpo etilmoqda. Samarqandda “Buyuk ipak yoʻli” va Imom Buxoriy majmualari, Xorazmda “Arda Xiva” xalqaro turizm markazi ishga tushirildi. Toshkentda ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazi ham bu borada ulkan qadam boʻldi.

Ushbu markaz ekspozitsiyasida Fargʻona tarixiga alohida oʻrin ajratilgani, toʻrt yirik portaldan biri Qoʻqon portali deb atalgani, Birinchi Renessansning buyuk namoyandalari – Ahmad Fargʻoniy va Burhoniddin Margʻinoniy merosi atroflicha yoritilgani qayd etildi.

Turizm infratuzilmasini rivojlantirish oʻz samarasini bermoqda. Joriy yilning birinchi choragida Oʻzbekistonga 3 millionga yaqin xorijiy sayyoh tashrif buyurdi, turizm eksporti 1,1 milliard dollardan oshdi.

Davlatimiz rahbari Fargʻona zaminining boy maʼnaviy va madaniy merosiga alohida toʻxtaldi. Uvaysiy, Nodira, Anbar otin, Dilshod Barno, Gulxaniy, Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Charxiy, Sobir Abdulla kabi shoir va adiblar, Aziz Qayumov, Erkin Vohidov, Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Umarali Normatov, Anvar Obidjon kabi olim va ijodkorlar xalqimiz maʼnaviy xazinasiga ulkan hissa qoʻshgani taʼkidlandi.

Oʻzbek sanʼati va madaniyati ravnaqiga Yusufjon qiziq Shakarjonov, Usta Olim Komilov, Muhiddin Qoriyoqubov, Tamaraxonim, Halima Nosirova, Mukarrama Turgʻunboyeva, Joʻraxon Sultonov, Maʼmurjon Uzoqov kabi ulugʻ sanʼatkorlar beqiyos hissa qoʻshgani qayd etildi.

Prezidentimiz sanʼat ahlining mehnati va isteʼdodini qadrlash, ularning ijodiy merosini kelajak avlodlarga yetkazish borasida katta ishlar rejalashtirilayotganini bildirdi. Sherali Joʻrayev va Farrux Zokirov maktablari tashkil etilgani, kelgusida fargʻonalik ustoz sanʼatkorlarning ham mahorat maktablari ochilishi maʼlum qilindi.

Davlatimiz rahbari “Burhoniddin Margʻinoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasi Fargʻona rivojida yangi davrni boshlab berishini qayd etdi.

Milliy meʼmorchilik anʼanalari asosida bunyod etilgan 35 gektarlik majmua Islom huquqshunosligi instituti, maqom teatri, ochiq amfiteatr, oʻlkashunoslik muzeyi, adib va sanʼatkorlar xiyoboni, hunarmandlar markazi, mehmonxona va servis shoxobchalarini oʻz ichiga oladi.

Majmua Burhoniddin Margʻinoniyning boy ilmiy merosini oʻrganish va targʻib qilish, hududning qadimiy hunarmandchilik anʼanalarini asrab-avaylash, ziyorat va madaniy turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Prezidentimiz bu muhtasham obida Yangi Oʻzbekiston moʻjizalari qatoridan munosib oʻrin egallab, Fargʻona viloyatining tashrif qogʻozlaridan biriga aylanishiga ishonch bildirdi.

– Biz ushbu majmuani aynan Margʻilon shahrida barpo etganimiz zamirida juda chuqur tarixiy va hayotiy haqiqat mujassam. Bu tabarruk shahar koʻplab ilm va maʼrifat egalarini voyaga yetkazgan. Tarixiy manbalarda aytilishicha, mazkur qutlugʻ maskan “Maʼrifat ahlining vatani” degan yuksak sharafga sazovor boʻlgan.

Biz ana shunday qudratli maʼnaviy merosimizga tayanib, Margʻilon, butun Fargʻona tarixining shon-sharaf kitobiga yangi sahifalar bitmoqdamiz. Bu bilan har qancha faxrlansak, gʻururlansak arziydi, – dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari majmuani bunyod etishda ishtirok etgan olim va loyihachilar, muhandis va quruvchilar, ishchi-xizmatchilar hamda ushbu ezgu ishga hissa qoʻshgan barcha insonlarga minnatdorlik bildirdi.

Marosim katta konsert dasturi bilan davom etdi. Folklor-etnografik jamoalar hamda sanʼatkorlarning chiqishlari, milliy oʻyin va askiyalar barchaga zavq-shavq ulashdi.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2026 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • Taraqqiyot strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo