27.04.2026
Assalomu alaykum, muhtaram Fargʻona ahli!
Qadrli doʻstlar!
Bugun qadimiy va betakror Fargʻona zaminida ulkan tarixiy voqeaga guvoh boʻlib turibmiz. Buyuk ipak yoʻli durdonasi boʻlgan koʻhna Margʻilon shahrida sizlar bilan birga “Burhoniddin Margʻinoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasining ochilish marosimida ishtirok etmoqdamiz.
Siz azizlarni, butun Fargʻona viloyati ahlini ana shunday quvonchli voqea, katta bayram bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Mana shunday ulugʻvor majmua barchamizga muborak boʻlsin!
Fargʻona eli, butun xalqimizga koʻp yillar davomida xizmat qilsin!
Hurmatli vatandoshlar!
Mehnatkash, oqkoʻngil va olijanob Fargʻona ahliga boʻlgan yuksak hurmat va ehtirom ifodasi sifatida bu zaminda katta-katta ishlarni amalga oshiryapmiz.
Shu maqsadda, avvalo, viloyatni 2030-yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi hayotga izchil tatbiq etilyapti. Jumladan, qadimiy Qoʻqon shahrini har tomonlama obod qilib, bu yerda aeroportni qayta tikladik. Margʻilon, boshqa shahar va tumanlar, qishloq va mahallalar qiyofasi ham tubdan oʻzgarib, ularga Yangi Oʻzbekiston nafasi kirib bormoqda. Zamonaviy ishlab chiqarish majmualari, taʼlim, tibbiyot va madaniyat maskanlari, IT-parklar, “Yangi Oʻzbekiston” turar joy massivlari barpo etilmoqda.
Bularning barchasi aholi uchun qulay mehnat va turmush sharoitlarini yaratish, har bir yurtdoshimizga mehr va eʼtibor koʻrsatish, inson qadrini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Umuman, barcha soha va tarmoqlarda Fargʻona oʻzining tajriba maktabiga ega boʻlib borayotgani hammamizni xursand qiladi.
Ushbu hudud keyingi paytda nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro miqyosdagi yirik anjumanlarga ham mezbonlik qilmoqda. Qoʻqon shahrida xalqaro hunarmandchilik festivali, Rishtonda kulolchilik anjumanini oʻtkazish yaxshi anʼanaga aylandi. Markaziy Osiyo mamlakatlarining hududlararo hamkorlik forumlari ham Fargʻonada muvaffaqiyatli oʻtkazilmoqda.
Sizlarga maʼlumki, soʻnggi yillarda milliy meʼmorchilik yechimlarini qoʻllagan holda, tarixiy va zamonaviy anʼanalarni mujassam etgan yirik turistik majmualar barpo etishga alohida eʼtibor beryapmiz. Xususan, Samarqandda “Buyuk ipak yoʻli” va Imom Buxoriy majmualari, Xorazmda “Arda Xiva” xalqaro turizm markazi ishga tushirildi.
Yaqinda azim poytaxtimizda ochilgan, Yangi Oʻzbekiston durdonasi sifatida eʼtirof etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi ham bu borada ulkan qadam boʻldi. Taʼkidlash kerakki, ushbu majmua ekspozitsiyasida Fargʻona tarixiga alohida oʻrin ajratilgan. Bu maskanda toʻrtta yirik portaldan bittasi Qoʻqon portali deb ataladi, Birinchi Renessansning buyuk namoyandalari – Ahmad Fargʻoniy va Burhoniddin Margʻinoniy bobolarimiz faoliyati atroflicha yoritilgan. Bularning barchasi – Fargʻona viloyatiga, bu zamin farzandlariga yuksak hurmat va ehtirom ifodasi, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.
Yana bir muhim jihati – ana shunday majmualar tufayli joriy yilning birinchi choragida Oʻzbekistonga 3 millionga yaqin xorijiy sayyoh tashrif buyurdi va turizm eksporti 1,1 milliard dollardan oshdi. Bu, albatta, dastlabki natija, kelajakda uning salmogʻi yanada katta boʻladi deb ishonaman.
Qadrli fargʻonalik yurtdoshlarim!
Maʼlumki, bu soʻlim diyordan yetishib chiqqan, maʼnaviy hayotimizda oʻchmas iz qoldirgan Uvaysiy, Nodira, Anbar otin, Dilshod Barno, Gulxaniy, Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Charxiy, Sobir Abdulla kabi shoir va adiblar nomlari xalqimiz oʻrtasida maʼlum va mashhur.
Shuningdek, Aziz Qayumov, Erkin Vohidov, Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Oxunjon Hakimov, Umarali Normatov, Enaxon Siddiqova, Anvar Obidjon singari olimlar, shoir va adiblar yaratgan asarlar ham xalqimizning maʼnaviy mulkiga aylangan.
Oʻzbek sanʼati va madaniyati ravnaqiga beqiyos hissa qoʻshgan Yusufjon qiziq Shakarjonov, Usta Olim Komilov, Muhiddin Qoriyoqubov, Tamaraxonim, Halima Nosirova, Mukarrama Turgʻunboyeva, Joʻraxon Sultonov, Maʼmurjon Uzoqov, Tavakkal Qodirov, Saodat Qobulova, Berta Davidova, Murodjon Ahmedov, Nabi Rahimov, Hamza Umarov singari ulugʻ sanʼatkorlar bilan butun xalqimiz faxrlanadi.
Bugungi davramizda Abduhoshim Ismoilov, Abdulahad Abdurashidov, Qilichbek Tojiyev kabi ustoz sanʼatkorlar bilan birga oʻnlab isteʼdodli yoshlarni koʻrib turganimdan xursandman. Bu – Fargʻona zaminida avlodlar oʻrtasidagi anʼanalar davom etayotganidan dalolatdir. Bugun ularning sanʼatidan bahramand boʻlish ham biz uchun katta bayramdir.
Chindan ham, bizning qanday buyuk sanʼatimiz, oʻzining mahorat maktabiga ega boʻlgan sanʼatkorlarimiz bor!
Shu oʻrinda sizlarga bir yangilikni yetkazmoqchiman.
Biz sanʼat ahlining mehnati va isteʼdodini qadrlash, ijodiy asarlarini kelajak avlodlarga yetkazish boʻyicha katta ishlarni reja qilyapmiz. Elimiz suygan mashhur hofizimiz Sherali Joʻrayev, oʻzbek estrada sanʼati yulduzi Farrux Zokirovning alohida maktablarini tashkil etdik. Ushbu anʼanani davom ettirib, fargʻonalik ustoz sanʼatkorlarning ham mahorat maktablarini ochamiz.
Bundan tashqari, maʼnaviyat va maʼrifat, madaniyat va sanʼat vakillari bilan katta muloqot oʻtkazamiz. Ushbu muloqotda soha xodimlarini qoʻllab-quvvatlash, ularga qoʻshimcha sharoitlar yaratish boʻyicha yangi tashabbuslarni ilgari suramiz.
Aziz doʻstlar!
Xalqimizda “Toʻyga toʻyona bilan” degan yaxshi gap bor. Fargʻonaga bu safar ham yangi-yangi tashabbuslar, katta-katta loyihalar bilan keldim. Maqsad – viloyat rivojini yangi bosqichga olib chiqish, uni barcha sohalarda namunali hududga aylantirishdan iborat. Bugun ochilayotgan “Burhoniddin Margʻinoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasi shu yoʻlda, hech shubhasiz, yangi davrni boshlab beradi.
Milliy meʼmorchilik anʼanalari asosida bunyod etilgan, 35 gektar maydonni egallagan betakror majmua Islom huquqshunosligi instituti, maqom teatri, ochiq amfiteatr, oʻlkashunoslik muzeyi, adib va sanʼatkorlar xiyoboni, hunarmandlar markazi, mehmonxona va servis shoxobchalari singari koʻplab bino va inshootlarni oʻz ichiga oladi. Bularning barchasi, avvalo, Margʻinoniy bobomizning boy ilmiy merosini oʻrganish va targʻib qilish, hududning qadimiy hunarmandchilik anʼanalarini asrab-avaylash, ziyorat turizmini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ishonchim komil, Yangi Oʻzbekiston moʻjizalari qatoridan munosib oʻrin egallaydigan bu muhtasham obida Fargʻona viloyatining tashrif qogʻozlaridan biriga aylanadi.
Bugun biz orzu qilayotgan yangi Buxoriy, Termiziy, Fargʻoniy, Xorazmiy va Margʻinoniylar avlodi qayerdan yetishib chiqadi? Albatta, ular mana shunday maʼrifat, ilm va ziyo maskanlarida tarbiya topadi.
Shu maʼnoda, sizlar bilan birga kelajakka xizmat qiladigan juda katta ezgu ishni amalga oshirdik, desak, har tomonlama toʻgʻri boʻladi.
Biz ushbu majmuani aynan Margʻilon shahrida barpo etganimiz zamirida juda chuqur tarixiy va hayotiy haqiqat mujassam. Bu tabarruk shahar koʻplab ilm va maʼrifat egalarini voyaga yetkazgan. Tarixiy manbalarda aytilishicha, mazkur qutlugʻ maskan “Maʼrifat ahlining vatani” degan yuksak sharafga sazovor boʻlgan.
Biz ana shunday qudratli maʼnaviy merosimizga tayanib, Margʻilon, butun Fargʻona tarixining shon-sharaf kitobiga yangi sahifalar bitmoqdamiz. Bu bilan har qancha faxrlansak, gʻururlansak arziydi.
Fursatdan foydalanib, majmuani barpo etishda ishtirok etgan olim va loyihachilarga, muhandis va quruvchilarga, ishchi va xizmatchilarga, ushbu olijanob ishga hissa qoʻshgan barcha saxovatli insonlarga samimiy minnatdorlik izhor etaman.
Ezgu ishlarimizda buyuk ajdodlarimizning ruhlari hamisha qoʻllab-quvvatlasin!
Yangi Oʻzbekiston, Yangi Fargʻona ravnaqi va shuhrati yanada ziyoda boʻlsin!
Katta rahmat sizlarga, doimo sogʻ-omon boʻlinglar!


