16.04.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri iqtisodiyotida yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash, mavjud zaxiralarni toʻliq ishga solish hamda tadbirkorlik faoliyati uchun yanada qulay sharoitlar yaratish yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
Yigʻilishda bugungi kunda jahondagi vaziyat, tashqi bozorlardagi oʻzgarishlar eksport zanjirlari va mahsulot yetkazib berish muddatlariga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligi taʼkidlandi. Bunday sharoitda qoʻshimcha zaxiralarni aniqlab, ularni tezkor ishga solish ustuvor vazifa ekani koʻrsatib oʻtildi.
Poytaxt milliy iqtisodiyotda alohida oʻrin tutishi qayd etildi. Bugungi kunda Toshkent shahri yalpi ichki mahsulotning 21 foizini taʼminlamoqda. Joriy yil “Poytaxtda jadal rivojlanish va aholi daromadlari oʻsishi yili” deb eʼlon qilinib, shahar iqtisodiyotini 12 foizga oshirish, 3,6 milliard dollarlik eksportni taʼminlash, 9 milliard dollar investitsiya jalb qilish va 616 ming aholi bandligini taʼminlash kabi katta marralar belgilangan.
Shu munosabat bilan shahar hokimligi, uning 12 nafar oʻrinbosari va 12 ta tuman hokimi proaktiv ish tashkil qilib, sanoat, eksport, investitsiya va turizm sohalaridagi ehtimoliy pasayishlarning oldini olishi zarurligi taʼkidlandi. Prezidentimiz buning uchun poytaxtda mehnat resurslari ham, moliyaviy imkoniyatlar ham yetarli ekanini taʼkidladi.
Yigʻilishda joriy yil yangicha yondashuv asosida shaharning 12 ta tumani aniq bir sanoat yoki xizmat koʻrsatish tarmogʻiga ixtisoslashtirilishi qayd etildi.
Jumladan, Bektemir tumani kimyo sanoati va ulgurji savdoga, Mirzo Ulugʻbek tumani kabel sanoati, ilm-fan, taʼlim va axborot texnologiyalariga, Mirobod tumani oziq-ovqat sanoati, turizm va umumiy ovqatlanishga, Uchtepa zargarlik, maishiy xizmat va chakana savdoga, Chilonzor farmatsevtika, savdo, xizmat koʻrsatish va sportga, Shayxontohur mebelsozlik va gastroturizmga, Yunusobod qogʻoz sanoati va turizmga, Yashnobod elektrotexnika hamda transport-logistikaga, Yakkasaroy yengil sanoat va moliyaviy xizmatlarga, Yangihayot avtomobilsozlik va logistikaga, Olmazor qurilish materiallari sanoati va taʼlimga, Sergeli esa metallurgiya, logistika va avtoservis sohalariga yoʻnaltiriladi.
Toshkent shahrida nostandart takliflar ishlab chiqish maqsadida oxirgi ikki hafta davomida 23 mingdan ziyod tadbirkorlar bilan uchrashuvlar oʻtkazilgani, 1 ming 300 dan ortiq muammo aniqlangani, shuningdek, tadbirkorlar tomonidan 162 ta yangi taklif va tashabbus bildirilgani maʼlum qilindi. Bu taklif va muammolarning birortasi ham eʼtibordan chetda qolmasligi kerakligi taʼkidlandi.
Shuningdek, poytaxtda maxsus investitsiya va ishbilarmonlik muhitini joriy qilish orqali yangi tajriba yaratilishi belgilandi. Jumladan, biznes uchun ruxsatnoma va litsenziyalar berish vakolatini tegishli vazirlik va idoralardan ularning hududiy boʻlinmalariga tushirish, eksportchi korxonalarni qoʻllab-quvvatlashning yangi yondashuvlarini joriy etish, tadbirkorlarning logistika bilan bogʻliq muammolarini tezkor hal qilish tizimini yoʻlga qoʻyish, aylanma mablagʻ bilan taʼminlash va biznesni kengaytirish uchun qulay shartlarda yangi moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish nazarda tutilgani qayd etildi.
Tadbirkorlar koʻtargan muammo va takliflarni tezkor hal qilish uchun alohida Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish taklif qilindi. Uning zimmasiga tumanlarni drayver sohalar asosida rivojlantirish, iqtisodiy va ijtimoiy konyunkturani doimiy monitoring qilish, oʻsish nuqtalari va foydalanilmayotgan zaxiralarni aniqlash, tizimli toʻsiqlarni bartaraf etish, gʻoya va tashabbuslarni shakllantirish, ularni moliyalashtirish va ijrosini nazorat qilish vazifalari yuklanadi.
Umuman, barcha imkoniyatlarni safarbar qilib, qoʻshimcha 88 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish, 4,9 milliard dollarlik eksportni taʼminlash va 5 milliard dollar investitsiya jalb qilish, budjetga 2,9 trillion soʻm tushum taʼminlash, 65,5 mingta yuqori daromadli va doimiy ish oʻrinlari tashkil etish boʻyicha aniqlangan yangi zaxiralarni ishga solish vazifasi qoʻyildi.
Shuningdek, joriy yilda Toshkent shahriga qoʻshimcha 500 million dollar jalb qilish maqsadida poytaxt yevrobondlarini chiqarish taklif qilindi.
Poytaxt tadbirkorlarini Toshkent, Navoiy, Qashqadaryo, Andijon, Buxoro va Fargʻona viloyatlaridagi yirik sanoat korxonalari bilan bogʻlab, mahalliylashtirish va kooperatsiyani kengaytirish boʻyicha dastur tasdiqlash topshirildi.
Kelgusida yirik xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb etgan holda Toshkent shahri iqtisodiyotini chuqur tahlil qilish va rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.


