06.04.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni soliq maʼmurchiligini takomillashtirish va soliq organlari faoliyatini isloh qilishga doir taqdimot bilan tanishdi.
So‘nggi ikki yilda soliq bazasi kengaygani hisobiga byudjetga tushumlar iqtisodiyot sur’atlariga nisbatan tezroq o‘smoqda. Xalqaro valyuta jamgʻarmasi ham mazkur natijalarga soliq maʼmurchiligini kuchaytirish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish orqali erishilayotganini eʼtirof etmoqda. Shu bilan birga, tizimni izchil isloh qilish orqali 2030-yilga borib, soliq tushumlarini 491,5 trillion soʻmga yetkazish, iqtisodiyotda kuzatilmaydigan ulushni esa 28 foizdan 19,6 foizgacha qisqartirish maqsad qilingan.
Yigʻilishda soliq tushumlarini oshirishdagi eng katta zaxira yashirin iqtisodiyotni qisqartirish ekani taʼkidlandi.
Prezidentimiz raqamli tahlil va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanib, “aqlli” nazorat tizimini joriy etish orqali joriy yilda budjetga qoʻshimcha 30 trillion soʻm tushumni taʼminlash zarurligini koʻrsatib oʻtdi. Bu savdo va xizmatlar, sanoat, qurilish, umumiy ovqatlanish hamda boshqa sohalarda P2P-operatsiyalar monitoringi, tovarlarni markirovkalash, raqamli nazoratni kuchaytirish, yuklarni hujjatsiz tashish faoliyatini avtomatik aniqlash va norasmiy bandlikni rasmiylashtirish kabi mexanizmlardan keng foydalanish hisobiga taʼminlanishi mumkin.
Bozorlar va savdo majmualarida nazorat toʻliq yoʻlga qoʻyilmagani, raqamlashtirish ishlari yetarli emasligi oqibatida ushbu yoʻnalishdagi imkoniyatlar toʻliq ishga solinmayotgani qayd etildi. Bugungi kunda bu yerlarda 72 mingdan ortiq chakana savdo subyekti faoliyat yuritmoqda. Biroq ularning 38 mingdan ortigʻi tovar aylanmasini oyiga 1 million soʻmdan kam koʻrsatgan, 40 mingdan ziyodi esa kuniga atigi 2-3 ta chek bermoqda. Shuningdek, bozorlardagi 12 mingta savdo nuqtasi boʻyicha ijara shartnomalari hisobga qoʻyilmagan. Natijada 37 ming tadbirkor oyiga 500 ming soʻmdan kam soliq toʻlagan.
Shu bois, bozorlar va savdo majmualarini toʻliq raqamlashtirish hisobiga qoʻshimcha tushum manbalarini ishga solish, nazorat, soliq xizmati va raqamli kuzatuvni oʻzaro integratsiya qilish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Yigʻilishda strategik boʻlmagan yirik soliq toʻlovchilarga hududlarda xizmat koʻrsatish masalasi haqida ham soʻz bordi.
Xususan, 209 mingta QQS toʻlovchi soliq organlaridan uzoqda joylashgani sababli xizmat koʻrsatish va nazorat samaradorligi pasaygani qayd etildi. Shu munosabat bilan 500 ta strategik boʻlmagan korxona nazoratini viloyat darajasiga, 103 mingdan ziyod qishloq xoʻjaligi, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarini tuman darajasiga oʻtkazish taklif qilindi. Mazkur yondashuv soliq toʻlovchilarga joyida xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, muammolarni tezkor hal qilish va nazorat samaradorligini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Tadbirkorlar uchun soliq maʼmurchiligini soddalashtirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, tadbirkorlarning aksariyati tekshiruvlar, hisobot topshirish va soliq toʻlash jarayonlarining murakkabligidan norozi ekani aytildi. Shu munosabat bilan “avtokameral” nazoratni jazolash vositasidan xatoni barvaqt aniqlab, tuzatishga xizmat qiladigan profilaktika tizimiga aylantirish, korxonalarni xavf darajasiga qarab, “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratib ishlash zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, 6 turdagi hisobotni inson aralashuvisiz avtomat shakllantirish va yagona soliq hisobvaragʻiga oʻtish ishlarining borishi haqida axborot berildi. Bugungi kunda 198 ming holatda hisobot muddati buzilgani, 14,7 ming soliq toʻlovchi hisobot bermagani uchun 396,6 milliard soʻm jarima qoʻllanilgani, soliqlarni toʻlashda hisobvaraqlar soni ortib ketgani bois, 20 mingta xatolikka yoʻl qoʻyilgani aytildi.
Yangi tizim joriy etilsa, asossiz soliq qarzi, ortiqcha toʻlov va penya qoʻllash amaliyoti qisqartirilib, tadbirkorlar 8,4 trillion soʻm mablagʻni tejashi mumkinligi qayd etildi. Yangi yondashuv natijasida tekshiruvlar soni kamayishi, hisobotlardagi xatolar keskin qisqarishi, murojaatlarni koʻrib chiqish tezlashishi hamda koll-markazlar faoliyati sezilarli yaxshilanishi kutilmoqda.
Taqdimotda soliq organlari faoliyatidagi eng asosiy masala kadrlar salohiyati ekani ham koʻrsatib oʻtildi.
Soʻnggi yillarda bu yoʻnalishdagi ishlar yetarli darajada tashkil etilmagani sababli kadrlar qoʻnimsizligi oshgan. Xodimlarning malakasini oshirish darajasi pastligi, moddiy ragʻbatlantirish tizimi zamon talablariga javob bermasligi, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari yetarli emasligi qayd etildi. Xususan, 2022-yilda 3 mingdan ortiq xodim malaka oshirgan boʻlsa, oʻtgan yili bor-yoʻgʻi 700 nafari qayta oʻqitilgan.
Shu munosabat bilan kadrlar malakasini oshirish, uzluksiz taʼlimni yoʻlga qoʻyish, xodimlarni moddiy va ijtimoiy ragʻbatlantirish boʻyicha yangi takliflar taqdim etildi. Kadrlar salohiyatini mustahkamlash maqsadida Soliq qoʻmitasi huzuridagi Soliq akademiyasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralari belgilab olindi.
Davlatimiz rahbari soliq maʼmurchiligida raqamli texnologiyalar, tahlil va sunʼiy intellekt asosida mutlaqo yangi ish uslubini joriy etish, tadbirkorlar uchun qulay va adolatli soliq muhitini yaratish hamda sohada malakali kadrlar korpusini shakllantirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Soliq tizimi faoliyatini “tekshiruvdan – servisga” tamoyili asosida transformatsiya qilish, xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshirish va nazoratning zamonaviy, samarali mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.


