25.03.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-mart kuni Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi faoliyatini yoʻlga qoʻyish hamda bank tizimida islomiy moliya mexanizmlarini joriy qilish boʻyicha taqdimot bilan tanishdi.
Jahondagi geosiyosiy keskinlashuv sharoitida investitsiyalarni jalb qilish uchun raqobat tobora kuchayib bormoqda. Yurtimizning boy tabiiy resurslari, iqtisodiy salohiyati va islohotlari esa bu borada katta ustunlik yaratmoqda.
– Ko‘plab xalqaro kompaniyalar mintaqaviy xavf-xatarlarni baholab, yangi bozorlarni o‘rganishni boshlagan. Bu biz uchun tarixiy imkoniyat. Shu vaziyatda fursatni boy bermasdan, xalqaro moliya kompaniyalarini o‘zimizga tezroq jalb qilishimiz shart, – dedi Prezidentimiz.
Joriy yilda 50 milliard dollardan ziyod investitsiya jalb qilish maqsadiga erishish uchun investorlarning O‘zbekiston bozoriga kirishini yengillashtirish, ularga zamonaviy infratuzilma, xalqaro standartlarga mos huquqiy rejim, qo‘shimcha qulayliklar va eng muhimi, ishonchli hamda shaffof biznes muhitini ta’minlash zarur.
Shu bois, taqdimotda mamlakatimiz investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirishga qaratilgan uchta ustuvor yoʻnalish – xalqaro moliya va raqamli texnologiyalar markazlarini tashkil etish hamda islomiy moliya xizmatlarini joriy qilish masalalari koʻrib chiqildi.
Toshkent xalqaro moliya markazi muhokama qilinar ekan, ushbu markaz yangi turdagi investitsiyalarni jalb qilish va barqaror iqtisodiy oʻsishning samarali vositasi boʻlishi qayd etildi. Hisob-kitoblarga koʻra, 2030-yilgacha moliya markazi iqtisodiyotga qoʻshimcha 20-25 milliard dollar jalb qilish, yalpi ichki mahsulot oʻsishiga har yili qoʻshimcha 1 foizgacha hissa qoʻshish, 15 mingtagacha yangi yuqori malakali ish oʻrni yaratish, 10 ming nafar mutaxassis malakasini oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Markaz faoliyati uchun maxsus huquqiy rejim joriy etish koʻzda tutilgan. Bunda Angliya va Uelsning umumiy huquqi markaz to‘g‘risidagi qonunga zid boʻlmagan darajada tatbiq qilinadi, markazning boshqaruv organlari oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qabul qilish vakolatiga ega boʻladi, nizolarni koʻrib chiqishga ixtisoslashgan Toshkent xalqaro tijorat sudi va xalqaro arbitraj markazi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Markaz rezidentlari uchun kapitalning erkin harakati va repatriatsiyasi, erkin valyuta operatsiyalari, zamonaviy toʻlov vositalari, jumladan, raqamli aktivlar bilan ishlash, imtiyozli soliq rejimi, soddalashtirilgan viza tartibi kabi keng imkoniyatlar yaratilishi belgilangan. Moliya-investitsiya va bank faoliyati, sugʻurta, raqamli aktivlar, qimmatli qogʻozlar, toʻlov tizimlari va xizmatlari, moliyaviy texnologiyalar bilan bogʻliq xizmatlar markazning asosiy faoliyat yoʻnalishlari boʻladi.
Ikkinchi yoʻnalish – “Enterprise Uzbekistan” brendi ostida Raqamli texnologiyalar xalqaro markazini tashkil etish va rivojlantirish.
Taqdimotda mazkur markaz uchun 2100-yilga qadar amal qiladigan maxsus huquqiy rejim nazarda tutilgani maʼlum qilindi. Markazda tartibga solish “qumdoni” doirasida yangi yechimlarni sinovdan oʻtkazish, ish haqini xorijiy valyutada toʻlash, xalqaro mehnat standartlarini joriy qilish, shaxsga doir maʼlumotlarni xalqaro standartlar va bulutli texnologiyalar asosida qayta ishlash mumkin boʻladi. Intellektual mulkni himoya qilish, investitsiyalar, startaplar va eksport uchun qulay sharoitlar yaratiladi, bojxona va soliq boʻyicha yengilliklar beriladi.
Sunʼiy intellekt texnologiyalari, raqamli transformatsiya, tadqiqot va ishlanmalar, sertifikatlashtirish, startaplar hamda maʼlumotlar markazlari ushbu markaz faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilanmoqda.
Taqdimotda 2030-yilgacha mazkur markaz orqali 1 mingtagacha kompaniyani jalb qilish, 300 mingdan ziyod ish oʻrni yaratish va 5 milliard dollarlik eksport salohiyatiga chiqish maqsadi belgilangani aytildi. Bir qator yirik xalqaro texnologik kompaniyalar ushbu tashabbusga qiziqish bildirgani qayd etildi.
Uchinchi yoʻnalish sifatida mamlakatimizda islomiy moliya xizmatlarini joriy qilish masalasi koʻrib chiqildi.
Yurtimizda tovarni nasiyaga sotish orqali mijozni moliyalashtirish – murobaha, foydani taqsimlash sharti asosida mijozni moliyalashtirish yoki pul mablagʻlarini jalb etish – muzoraba, vakillik shartnomasi orqali pul mablagʻlarini berish yoki jalb etish – vakala, tovarlar uchun oldindan haq toʻlash orqali moliyalashtirish – salam va istisno, birgalikdagi faoliyat orqali mijozni moliyalashtirish – mushoraka, mol-mulkni islomiy ijaraga berish kabi operatsiyalar, shuningdek, qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa islomiy moliya instrumentlarini joriy qilish nazarda tutilmoqda.
Bunda sotilgan tovar ustamasiga qoʻshilgan qiymat soligʻi hisoblanmasligi, investitsiyaviy omonatdan olingan daromad soliqdan ozod qilinishi, islomiy ijara shartnomalari moliyaviy ijara va lizingga tenglashtirilishi belgilanmoqda.
Sohada tizimli boshqaruvni taʼminlash maqsadida Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etiladi. Shuningdek, islomiy moliya xizmatlarini koʻrsatuvchi banklarda ham alohida kengashlar tuziladi. Ushbu kengashlar standartlar ishlab chiqish, meʼyoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda koʻmaklashish, bahsli masalalarga izoh berish, shartnomalar va ichki hujjatlarni koʻrib chiqish, muvofiqlik ustidan nazoratni taʼminlash bilan shugʻullanadi.
Joriy yilda kamida bitta tijorat bankida islomiy “darcha” faoliyatini yoʻlga qoʻyish, 2026-2030-yillarda esa toʻliq islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi ikkita bank tashkil etish rejalashtirilgan. Umuman, sohadagi yangiliklar orqali 2026-2030-yillarda qoʻshimcha 1 milliard dollar miqdorida investitsiya va depozitlarni jalb qilish imkoniyati yaratilishi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari mazkur uch yoʻnalish mamlakatimizda zamonaviy moliyaviy va texnologik ekotizimni shakllantirishga xizmat qilishini taʼkidlab, ularni amaliyotga tatbiq etish ishlarini jadallashtirish yuzasidan topshiriqlar berdi.


