11.08.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11-avgustdagi PF-5148-son farmoni
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari, noshirlik va matbaa faoliyatini rivojlantirish, so‘z va axborot erkinligini ta’minlash borasida 10 dan ziyod qonun va 150 dan ortiq qonunosti hujjatlari qabul qilinib, sohada mustahkam huquqiy baza yaratildi.
Bugungi kunda yurtimizda 1991 yilga nisbatan ommaviy axborot vositalari qariyb 4 martaga, nashriyotlar 13 karra va matbaa korxonalari 12 barobarga ko‘payib, ularning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati sezilarli darajada yaxshilandi.
Ayni vaqtda ommaviy axborot vositalari va nashriyotlar faoliyatini muvofiqlashtirish, bu tarmoqda miqdor ko‘rsatkichlarini sifat ko‘rsatkichlariga aylantirish, mamlakatimiz milliy media maydonida sog‘lom raqobat muhiti, zamonaviy axborot xizmatlari bozorini shakllantirish, joylarda faoliyat ko‘rsatayotgan ommaviy axborot vositalarining moddiy-texnika bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash masalalari dolzarbligicha qolmoqda.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, matbuot va axborot sohasida davlat siyosatini amalga oshirish va sohaga oid masalalarni hal etish vakolati berilgan O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi o‘ziga yuklatilgan vazifalarni to‘liq va samarali amalga oshirmayotgani bois bozor munosabatlari sharoitida ommaviy axborot vositalariga uslubiy yordam ko‘rsatish, ularning ishini prinsipial jihatdan kuzatish, baholash, tahlil qilib borish, zarur hollarda qo‘llab-quvvatlash yoki iqtisodiy, huquqiy choralarni qo‘llash kabi amaliy mexanizmlarning ta’siri deyarli sezilmayapti.
Buning oqibatida ommaviy axborot vositalari va nashriyotlar tomonidan o‘zining nizom talablariga to‘g‘ri kelmaydigan, milliy qadriyatlarimizga zid, g‘oyaviy hamda matbaa sifati past mahsulotlar ishlab chiqarish holatlariga yo‘l qo‘yilmoqda.
Ommaviy axborot vositalari va matbaa korxonalarini ro‘yxatga olish, noshirlik faoliyatini litsenziyalash hamda ularning faoliyatini monitoring qilish bo‘yicha tegishli talab va normativlar axborot bozorining bugungi holatidan kelib chiqqan holda ishlab chiqilmagan.
Bunday holatlarga nisbatan tegishli choralarni qo‘llash masalasida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining roli va ta’siri deyarli sezilmayapti.
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi faoliyatini tubdan takomillashtirish, ommaviy axborot vositalari, noshirlik va matbaachilikni yanada rivojlantirish, zamonaviy axborot bozorini shakllantirish hamda axborot-kutubxona faoliyati borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida:
1. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik deb yuritiladi) ommaviy axborot vositalari, axborot almashish, matbuot, noshirlik, matbaachilik, axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi etib belgilansin.
2. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilansin:
ommaviy axborot vositalari faoliyatiga doir qonunchilik ijrosini ta’minlash;
ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaachilik va axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirish;
ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaachilik va axborot-kutubxona faoliyatida qonun hujjatlari, davlat va tarmoq standartlariga rioya etilishi, so‘z va axborot erkinligi kafolatlariga rioya etilishi borasida monitoring va nazoratni amalga oshirish;
axborot xavfsizligini ta’minlash, axborot sohasidagi xuruj va tahdidlarning oldini olishga qaratilgan choralarni amalga oshirishda ishtirok etish;
kitob targ‘iboti orqali xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, kitobxonlik an’analarini keng targ‘ib qilish, elektron va audio kitoblar yaratish, kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish;
ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan nashrlarning chop etilishi bo‘yicha maqsadli dasturlarni tayyorlash va ijrosini tashkillashtirish;
xorijda o‘zbek tili va adabiyotini keng targ‘ib qilish, nashriyotlarga kitob mahsulotlarining xalqaro kitob bozorida o‘z mavqei va salmog‘iga ega bo‘lishida ko‘maklashish;
mamlakatimiz fuqarolari va yuridik shaxslarining axborotlarni tayyorlash, tarqatish, ulardan foydalanish sohasidagi huquq
va manfaatlarini himoya qilishda qatnashish;
mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, ommaviy axborot vositalari uchun media bozorida teng sharoitlar yaratish bo‘yicha zarur tadbirlar ishlab chiqish;
noshirlik va matbaachilik yo‘nalishidagi texnik-texnologik bazani rivojlantirish, ularni zamonaviy jihatdan yangilash, standartlashtirish hamda sertifikatlashtirish, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaachilik va axborot-kutubxona faoliyati sohasida milliy va xalqaro tanlovlar, ko‘rgazma-yarmarka va boshqa ommaviy tadbirlarni tashkil etish;
matbuot va axborot, noshirlik, matbaachilik, axborot-kutubxona faoliyati sohalarida tegishli mintaqaviy, xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish.
3. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, Xalq ta’limi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasarrufidagi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasini Agentlik tarkibiga o‘tkazish;
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi muassisligidagi “Tong yulduzi” va “Klass!” gazetalari hamda “Gulxan” va “G‘uncha” jurnallarini O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tasarrufiga to‘liq o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda Agentlik faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini tayyorlab, belgilangan tartibda kiritsin.
5. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni takomillashtirish to‘g‘risida” 2002-yil 3-iyuldagi PF-3103-sonli Farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.M.Sultonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev