11.08.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-avgust kuni Olmaliq shahriga tashrif buyurdi. “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rivojlanishining ikkinchi bosqichi” loyihasi bo‘yicha ishlarni boshlashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mamlakatimizning rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqaruvchi yetakchi korxonalaridan hisoblanadi. Mazkur investitsiyaviy loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish va diversifikatsiyalash, tarkibiy islohotlarni chuqurlashtirish orqali uning raqobatbardoshligini oshirish asosiy ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilangan.
Joriy yilning mart oyida Prezidentimiz tomonidan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatini 2030-yilgacha bo‘lgan davrda rivojlantirish dasturi tasdiqlandi. Dastur doirasida mis ishlab chiqarishni 1,4 barobar, qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni 33 foizga oshirish belgilangan.
Loyihani o‘zlashtirish jarayonida bitta temir yo‘lni yangi joyga o‘tkazish, ikkita yangi temir yo‘l qurish, avtomobil yo‘llari barpo etish ko‘zda tutilgan. Uzunligi 1,4 kilometrlik tunnel va 3,1 kilometr konveyyer yo‘li quriladi, ishlab chiqarish, transport, energetika va boshqa infrastruktura obyektlari barpo etiladi. Yangi mis-boyitish kompleksi, misni elektroliz qilish, oltingugurt kislotasi ishlab chiqarish sexlari va boshqa infratuzilma obyektlari quriladi.
Loyiha 2028-yilda to‘liq quvvat bilan ishga tushadi. Natijada 10 mingdan ortiq kishining bandligi ta’minlanadi. Bundan tashqari yosh mutaxassislar uchun 2017-2021-yillarda 400 oilaga mo‘ljallangan 9 ta yangi ko‘p qavatli uy, maktabgacha ta’lim muassasasi va 240 o‘rinli 2 ta yotoqxona barpo etiladi.
Ishlab chiqarilgan mahsulotlar asosan eksportga chiqariladi.
Marosimda Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Yurtimiz yer osti boyliklariga boy, lekin biz undan unumli foydalana olmayapmiz, dedi davlatimiz rahbari. Biz geologiya sohasini rivojlantirishga yetarlicha e’tibor qaratmadik. Endi bu yo‘nalishdagi ishlarni tubdan yaxshilaymiz va sohani tubdan takomillashtiramiz.
Kechagi kun bilan yashash vaqti o‘tdi. Bugun zamon o‘zgarmoqda, biz ham shu shiddatga mos ravishda o‘zgarishimiz kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari mazkur loyihani kadrlar bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Bugun mazkur tarmoqda ishlayotgan yoshlarning ko‘pligini inobatga olib yangi ochilgan konga “Yoshlik” koni, deb nom berishni taklif qildi.
Majmuaga tantanali ravishda tamal toshi qo‘yildi.
Tadbirda kombinat faollari va yoshlar so‘zga chiqib, hududlar iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi turmush farovonligini oshirish borasida olib borayotgan ezgu ishlari uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.