icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida

03.03.2026

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Mamlakatimizda ayollar va bolalar huquqlarini ishonchli ta’minlash, ularni har qanday tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish hamda jamiyatda bunday holatlarga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining mazkur yo‘nalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirilgan holda samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida qaror qilaman:

I. Maqsadlar

1. Quyidagilar mazkur Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilansin:

(a) nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish holatlarining (erta nikoh) oldini olishga erishish, ota-onalarning o‘z voyaga yetmagan farzandlari uchun mas’uliyatini yanada oshirish;

(b) moliyaviy mustaqillikka erishgan va oila qurishga har tomonlama tayyor bo‘lgan yoshlar o‘rtasida nikoh tuzishni rag‘batlantirish;

(v) ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish tizimini takomillashtirish orqali ularning sonini keskin qisqartirish, shuningdek, bunday holatga uchragan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini joriy etish;

(g) oila va xotin-qizlar maskanlarida nikohlanuvchilarni “maishiy zo‘ravonliksiz baxtli oilaviy hayotga tayyorlash” maxsus kurslarida bepul o‘qitish bilan qamrab olish darajasini 2026-yilda 50 foizga, 2027-yilda 60 foizga va 2030-yilda 100 foizga yetkazish hamda ushbu kurslar sifati va ta’sirchanligini tubdan oshirish.

II. Erta turmush qurish holatlarining oldini olish

2. Keng jamoatchilikning tashabbusi va xalqaro tashkilotlar tavsiyalari asosida tayyorlangan nikoh yoshini kamaytirishning aniq (tugal) asoslarini belgilash to‘g‘risidagi taklif ma’qullansin.

3. Yoshlarning o‘z hayot yo‘lini ongli ravishda belgilashiga ko‘maklashish, shuningdek, nikoh shartnomasi tuzilishini rag‘batlantirish maqsadida belgilansinki:

(a) 2027-yildan boshlab har ikkala taraf kamida 21 yoshga to‘lganda birinchi marotaba nikoh tuzgan yosh oilalar uchun:

(i) davlat tomonidan qo‘shimcha imtiyoz va boshqa shakldagi qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladi;

(ii) ushbu oilalar Ijtimoiy reyestrga kiritilgan taqdirda, oilalar a’zolariga ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish, daromadlarini oshirish yoki murakkab vaziyatdan chiqarish uchun taqdim etiladigan moliyaviy ko‘maklar (subsidiya, ssuda, grantlar) qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorlardan 1,5 baravarga oshirilgan holda beriladi;

(b) nikoh shartnomasini tuzgan nikohlanuvchilarni nikohni qayd etish uchun belgilangan davlat bojidan ozod etish tartibi qo‘llanadi.

4. Homilador talaba-qizlarga yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalarga oliy ta’lim olish uchun “ikkinchi imkoniyat” yaratish maqsadida 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab:

(a) kursdan kursga qolgan yoxud talabalar safidan chiqarilgan shaxslarga, istisno tariqasida, fanlar farqini qayta o‘zlashtirish sharti bilan ta’limni davom ettirish imkoni yaratilsin;

(b) talabalar fanlar farqini mustaqil o‘zlashtirishi uchun qo‘shimcha muddat berilsin va boshqa zarur shart-sharoitlar tashkil etilsin.

5. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi uch oy muddatda quyidagilar yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

(a) homilador talaba-qizlar yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalarga akademik ta’til davrida, ularning xohishiga ko‘ra, masofaviy ta’lim shaklida o‘qishni davom ettirish imkoniyatini yaratish;

(b) masofaviy ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash bo‘yicha ta’lim yo‘nalishlari va qabul ko‘rsatkichlarini oshirish orqali homilador talaba-qizlar yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalarga ta’limni davom ettirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish;

(v) akademik ta’tilga chiqqan, kursdan kursga qolgan va talabalar safidan chiqarilgan homilador talaba-qizlar yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalar yuzasidan alohida statistik ma’lumotlarni yuritish.

6. Adliya vazirligi, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining voyaga yetmagan shaxslar bilan nikoh tuzishga da’vat etganlik (qiziqtirganlik) va uni targ‘ib qilganlik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

7. Belgilansinki, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilik yoki nikoh tuzish tartibini buzishga oid huquqbuzarliklar uchun undirilgan jarima summasining 15 foizini bunday holat haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirishga yo‘naltirish tartibi joriy etiladi.

III. Vakolatli organ va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirilgan holda tashkil etish hamda idoralararo hamkorlikni ta’minlash

8. Nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilik yoki nikoh tuzish tartibini buzishga oid huquqbuzarliklar latentligining oldini olish, qilmish uchun jazo muqarrarligini ta’minlash va bunday holatga tushib qolgan voyaga yetmagan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha idoralararo zanjirni yaratish maqsadida shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:

(a) erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik bilan bog‘liq holatlar to‘g‘risida ichki ishlar organlari va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga xabar berish majburiyati fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish hamda FHDYO organlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari hamda diniy idora vakillari zimmasiga yuklatiladi;

(b) fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish va FHDYO organlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari hamda diniy idora vakillarining erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik bilan bog‘liq holatlar hamda boshqa qonunbuzilishlar to‘g‘risida ichki ishlar organlari va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga xabar bermasligi ularning ma’muriy javobgarlikka tortilishiga asos sifatida belgilanadi;

(v) erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik aniqlangan xotin-qizlar haqidagi ma’lumotlarning sir saqlanishi va himoya qilinishini ta’minlash kafolatlari nazarda tutiladi.

9. Ichki ishlar vazirligi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Bosh prokuratura, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

(a) 2026-yil yakuniga qadar Ichki ishlar vazirligining jinoyat va hodisalarni ro‘yxatga olish bo‘yicha elektron tizimida erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik bilan bog‘liq holatlar to‘g‘risida xabar berish imkonini beruvchi “O‘smir-signal” modulini ishlab chiqsin;

(b) fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish va FHDYO organlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari, diniy idora hamda boshqa manfaatdor idoralarning axborot tizimlari, shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimini Ichki ishlar vazirligining jinoyat va hodisalarni ro‘yxatga olish bo‘yicha elektron tizimiga “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali integratsiya qilsin.

10. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik holatlari bo‘yicha ichki ishlar organlari va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarini xabardor qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.

11. Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili hamda erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik bilan bog‘liq holatlar yuzasidan xabar berish majburiyati yuklatilgan tashkilotlar bilan kelishgan holda har yarim yillik yakuniga ko‘ra mazkur masala bo‘yicha idoralararo qo‘shma umumlashtirishni o‘tkazib, ularning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida jamoatchilikni xabardor qilish amaliyotini joriy etsin.

IV. Tazyiq va zo‘ravonlik holatlariga qarshi kurashish

12. 2026-yil 1-apreldan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra himoya orderi berilgan jabrlanuvchi xotin-qizlarning aloqa vositalariga (telefon, planshet va boshqa qurilmalar) Ijtimoiy himoya milliy agentligining tazyiq va zo‘ravonlik holatlari to‘g‘risida zudlik bilan xabar berish imkonini beruvchi (“SOS” chaqiruv) “my.ihma.uz” mobil ilovasi ularning roziligi bilan o‘rnatiladi.

13. Ichki ishlar vazirligi Bosh prokuratura va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda zo‘ravonlik holatini sodir etgan shaxsning ruhiyatida buzilish mavjud deb taxmin qilishga asoslar bo‘lgan taqdirda, ichki ishlar organlari tomonidan uning majburiy ambulator psixiatr ko‘rigidan o‘tkazilishini tashkil etish, ruhiyatida buzilish aniqlanganda belgilangan tartibda tibbiy muassasaga joylashtirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritsin.

14. Bosh prokuratura, Oliy sud, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Ijtimoiy himoya milliy agentligining qonunchilikka o‘zgartirish kiritish orqali 2026-yil 1-noyabrdan boshlab quyidagi tartiblarni belgilash haqidagi takliflariga rozilik berilsin:

(a) Jinoyat kodeksining 118 (nomusga tegish), 119 (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish), 121 (shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish), 128 (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish), 1281 (o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoki mulkiy yoxud boshqacha tarzda manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish), 129 (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergovni faqat prokuratura organlari tomonidan amalga oshirish;

(b) voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan shahvoniy shilqimlik bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish hujjatlarini qilmishda jinoyat alomatlari mavjud emasligi haqida prokuror tomonidan qaror qabul qilinganidan so‘ng sudga yuborish.

15. Keng jamoatchilik, ekspert va faollarning jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirishga qaratilgan quyidagi takliflari ma’qullansin:

(a) Jinoyat kodeksining 118- va 119-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan sodir etganlik uchun sudlangan shaxslarni manzil-koloniyalarga o‘tkazilmaydigan mahkumlar toifasiga kiritish;

(b) mazkur bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan jinoyatlar uchun jazoni o‘tayotgan mahkumlarni psixologik tuzatish dasturidan o‘tmasdan, saqlash sharoitlarini yengillashtirish amaliyotiga chek qo‘yish.

16. 2027-yil 1-yanvardan boshlab ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar, qoida tariqasida, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan tergovchilar va sudyalar tomonidan tergov qilinishi va ko‘rib chiqilishi belgilansin.

17. Bosh prokuratura, Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud va Ichki ishlar vazirligi:

(a) 2026-yil yakuniga qadar har bir hududdagi ish hajmidan kelib chiqqan holda kamida 1 nafar tergovchi va sudya xalqaro standartlarga asoslangan dastur asosida maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazilishi hamda ular tomonidan ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka oid ishlar tergov qilinishi va ko‘rilishini ta’minlasin. Bunda qoida tariqasida maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazishda ayol tergovchi va sudyalarga ustuvorlik berilishiga e’tibor qaratilsin;

(b) 2026-yil 1-sentabrdan boshlab Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va Odil sudlov akademiyasida xalqaro va milliy ekspertlarni jalb qilgan holda tergovchi va sudyalar uchun “Jinoyatdan jabrlangan ayollar va bolalar bilan ishlashning o‘ziga xos protsessual jihatlari” maxsus o‘quv dasturini tashkil etsin.

18. Ichki ishlar vazirligi Bosh prokuratura, Oliy sud, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritsin:

(a) Jinoyat kodeksida voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar hamda ular bilan jinsiy aloqa qilish va uyatsiz-buzuq harakatlarni sodir etish bilan bog‘liq jinoyatlar uchun muqaddam sudlangan shaxslar quyidagi jinoyatlarni sodir etganda ularga tegishincha umrbod ozodlikdan mahrum qilish yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilash:

(i) o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish;

(ii) o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish;

(b) o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlarni bir guruh shaxslar tomonidan sodir etganlik uchun og‘irroq javobgarlikni belgilash, shuningdek, tergov va sud amaliyotidan kelib chiqqan holda Jinoyat kodeksi 129-moddasi dispozitsiyasiga aniqlik kiritish;

(v) Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda shahvoniy shilqimlik va nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik uchun jazo sanksiyalarini oshirish, shuningdek, jinoyat ishini qo‘zg‘atish rad etilgan bo‘lib, ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari aniqlangan hollarda javobgarlikka tortish tartibini takomillashtirish.

19. Barcha ko‘rinishdagi tazyiq va zo‘ravonlik holatlaridan himoya qilish tizimini takomillashtirish maqsadida uch oy muddatda quyidagilar yuzasidan asoslantirilgan takliflar kiritilsin:

(a) Adliya vazirligi Bosh prokuratura, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Ichki ishlar vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) bilan birgalikda – ayollar va bolalarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy amaliyotni o‘rgangan holda xotin-qizlarni aynan jinsi sababli qasddan o‘ldirish (femitsid), oila a’zolarini qasddan o‘ldirish (familitsid), shaxsni uning erkiga qarshi ravishda noqonuniy ta’qib qilish (stalking), Internet yoki ijtimoiy tarmoqlarda sodir etiladigan zo‘ravonlik (kiberzo‘ravonlik), voyaga yetmagan shaxslardan jinsiy foydalanish hamda shu maqsadda Internet orqali voyaga yetmagan shaxsning ishonchini qozonish (onlayn gruming) uchun qonunchilikda javobgarlik belgilash;

(b) Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi hamda Adliya vazirligi – zo‘ravonlik holatlarini sodir etgan shaxslar (agressor) bilan ishlash tizimini takomillashtirish, shu jumladan, bu jarayonda oila va xotin-qizlar maskanlari imkoniyatlaridan foydalanishni kengaytirish.

V. Farmon ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat

20. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur Farmon mazmun-mohiyatini tushuntirish, shu jumladan, oila institutini mustahkamlash va maishiy zo‘ravonlikning oldini olish masalalari bo‘yicha kreativ industriya mutaxassislari, bloger va inflyuyenserlarni jalb qilgan holda mediamahsulotlarni tayyorlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin.

21. Sudyalar oliy kengashi va O‘zbekiston mahallalari uyushmasining ikki hafta muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi reja-grafikni tasdiqlab, amaliyotga joriy etish haqidagi takliflari ma’qullansin:

(a) har bir viloyat kesimida “mahalla yettiligi” bilan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik tushunchalari va uning oldini olishga qaratilgan o‘quv seminar mashg‘ulotlari o‘tkazish;

(b) umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlarida sud va huquqni muhofaza qilish organlari faxriylari ishtirokida ayollar va bolalarning huquqlarini ta’minlash, ularning jamiyatdagi o‘rnini oshirish borasida yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish.

22. Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

23. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsan javobgar etib Bosh vazirning o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Z.B. Mahkamova, Bosh prokuror N.T. Yo‘ldoshev va ichki ishlar vaziri A.A. Tashpulatov belgilansin.

24. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining sud tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari N.J. Xakimova zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh. Mirziyoyev

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2026 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • Taraqqiyot strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo