19.02.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qoʻshma Shtatlariga amaliy tashrifi yakuniga yetdi.
Davlatimiz rahbari Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida nutq soʻzladi va Gʻazo sektorini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qayta tiklash hamda mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash boʻyicha oʻz qarashlari bilan oʻrtoqlashdi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Prezidenti AQSh savdo vaziri Xovard Latnik, AQSh savdo vakili Jeymison Grir, Eksimbank prezidenti va raisi Jon Yovanovich va Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi bosh ijrochi direktori Ben Blek bilan alohida uchrashuvlar oʻtkazdi.
Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida mamlakatimiz yetakchisi bir qator ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimida va qoʻshma loyihalar taqdimotida ishtirok etdi. Tadbirda AQSh hukumati, yirik kompaniyalari va moliya institutlarining yuqori darajali vakillari hamda videoaloqa orqali Oʻzbekiston hududlari rahbarlari ishtirok etdilar.
Tashrif tadbirlari yakunlangach, Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahriga joʻnab ketdi. Aeroportda davlatimiz rahbari va rafiqasini AQSh-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qoʻydi.


