13.02.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev Ohangaron tumaniga tashrifi davomida “Premier” maishiy texnika mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda elektrotexnika sanoatini rivojlantirish har tomonlama qoʻllab-quvvatlanmoqda. Natijada tarmoqqa toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, mahalliy xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, import oʻrnini bosuvchi, eksport bozorlarida raqobatbardosh va yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish kengaydi.
Xususan, Ohangarondagi mazkur loyiha ham Birlashgan Arab Amirliklarining “Fajr Al Mustaqbal General Trading” korxonasi bilan hamkorlikda 10 gektar maydonda amalga oshirilayotgan boʻlib, umumiy qiymati 30 million dollarni tashkil qiladi.
Loyiha doirasida 250 ta yangi ish oʻrni yaratiladi, 4 million dollar eksport amalga oshiriladi. Ayni vaqtda qurilish ishlari 95 foizga bajarilib, 11,3 million dollar investitsiya oʻzlashtirilgan.
Mazkur korxonada ishlab chiqariladigan mahsulotlar Ozarbayjon, Qozogʻiston, Tojikiston, Rossiya, Qirgʻiz Respublikasi, Afgʻoniston kabi davlatlarga eksport qilinadi.
Ayni paytda bu kabi korxona Oʻzbekistonda ikkita, Markaziy Osiyoda esa toʻrtta boʻlib, ularning orasida mazkur loyiha mahsulot ishlab chiqarish hajmi boʻyicha ikkinchi oʻrinda turadi.
Kelgusida majmua toʻliq ishga tushishining hisobiga 87 million dollarlik import oʻrnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilishi kutilyapti.
Davlatimiz rahbari korxonaning ish jarayoni, mahsulotlari sifatini koʻzdan kechirdi. Mutaxassislar va ishchilar bilan suhbatlashdi.
Shu yerning oʻzida korxonaning 2026-2027-yillarga moʻljallangan rivojlanish dasturi taqdimot qilindi. Mamlakatimizdagi elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarning koʻrgazmasi bilan tanishildi.
Davlatimiz rahbariga “Eltech Industrial” texnoparkida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqbolli rejalar to‘g‘risida ham axborot berildi.
Texnopark elektrotexnika sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksport geografiyasini kengaytirishga qaratilgan yirik sanoat klasteriga aylanmoqda. Texnopark to‘rtta hududdan iborat, umumiy maydoni 362 gektarni tashkil etadi. Hozirgi kunda 4 ta loyiha ishga tushirilgan, 27 ta loyiha shakllantirilgan. Umumiy qiymati 797 million dollar bo‘lgan korxonalarda minglab yangi ish o‘rinlari yaratish va salmoqli eksport hajmiga erishish rejalashtirilgan.
Ishga tushirilgan korxonalarda mis quvurlari va fitinglar, mikroprotsessor modullari va sim-kartalar, yuqori kuchlanishli kabellar hamda maishiy texnika mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Kelgusida o‘ta yupqa mis folgasi, boshqaruv va SIP kabellari, robototexnika va elektroplatalar kabi yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtiriladi.
– Elektrotexnika sanoatini iqtisodiyotimiz drayverlaridan biriga aylantirib, ko‘rsatkichlarni kelgusida o‘n milliard dollarga yetkazishni strategik maqsad qilib qo‘yishimiz zarur. Buning uchun ichki va tashqi bozorlarda mustahkam o‘rin egallash, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish hamda soha uchun yetuk, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratishimiz shart, – dedi davlatimiz rahbari.


