12.02.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-fevral kuni texnik tartibga solish sohasini xalqaro talablar asosida tubdan yangilash yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Qayd etilganidek, soʻnggi toʻrt yilda milliy standartlarning yarmi xalqaro talablarga toʻliq uygʻunlashtirildi. Mamlakatimiz akkreditatsiya tizimi 185 ta davlat orasida 29-oʻrinni egalladi. Milliy laboratoriyalar natijalari Germaniya, Koreya va Yaponiya kabi 37 ta davlat tomonidan tan olina boshladi.
Shu bilan birga, xavf darajasi yuqori boʻlgan 156 ta tovar pozitsiyasini majburiy davlat roʻyxatidan oʻtkazish bekor qilindi. Majburiy sertifikatdan oʻtadigan tovarlar pozitsiyasi 27 foizga qisqardi.
Bu tufayli sohada adolatli raqobat muhiti shakllangani, ortiqcha ovoragarchilik kamayganini tadbirkorlarning oʻzi ham tan olmoqda.
Shu bilan birga, sohada hali yechimini kutayotgan masalalar koʻpligi taʼkidlandi. Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonida birinchi navbatda texnik tartibga solish tizimi toʻliq xalqaro talablarga mos boʻlishi shartligi qayd etildi.
Avvalo, mahsulotni baholashda korxona faoliyatini tekshirish amaliyoti tadbirkorlar noroziligiga sabab boʻlayotgani koʻrsatib oʻtildi. Amaldagi tartibga koʻra, talabga javob bermaydigan mahsulot aniqlanganda, uning aylanmasi emas, uni ishlab chiqargan tadbirkorning faoliyati cheklanmoqda.
Rivojlangan davlatlar tajribasida xavf-tahlilga asoslangan bozor nazorati tizimi amal qiladi. Bunda ishlab chiqaruvchi mahsulot muvofiqligini deklaratsiyalash orqali barcha masʼuliyatni oʻz zimmasiga oladi, sifat va xavfsizlikni kafolatlaydi.
Shu munosabat bilan mamlakatimizda davlat nazoratidan bosqichma-bosqich voz kechilib, bozor nazorati tamoyillariga oʻtiladi. Buning uchun “Bozor nazorati toʻgʻrisida” alohida qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Eskirgan standartlar va samarasiz texnik reglamentlardan voz kechish va toʻliq xalqaro standartlarga oʻtish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Hozirda 33 mingdan ortiq standart mavjud boʻlib, ularning 50 foizi eskirgan yoki xalqaro talablarga mos emas.
Shu bois, 6 ta texnik reglament bekor qilinadi, 29 tasi qayta koʻrib chiqiladi. Joriy yilda 4 ming 460 ta, kelgusi yilda 2,5 mingdan ziyod, 2028-yilda esa 817 ta xalqaro standartni qabul qilish maqsad qilingan.
2026-yil 1-iyuldan toʻqimachilik, charm, mebel, elektrotexnika, avtomobilsozlik, axborot texnologiyalari, 2027-yildan boshlab neft-gaz, metallurgiya, transport, qurilish mahsulotlari, tibbiy buyumlar, 2028-yildan boshlab esa energetika, kimyo, ekologiya va xizmat koʻrsatish sohalarida ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatishni toʻliq xalqaro standartlar asosida tashkil etish rejalari maʼlum qilindi.
Sertifikatsiya jarayonini yanada soddalashtirish zarurligi qayd etildi. Hozirgi murakkab tizim tannarx asossiz oshishiga, byurokratiya va korrupsiyaga sharoit yaratayotgani koʻrsatib oʻtildi. Xavf-tahlil asosida baholash tizimi joriy etilib, qolgan tovar pozitsiyalari boʻyicha ham majburiy sertifikatlashni bekor qilish va bosqichma-bosqich deklaratsiyalashga oʻtkazish taklif qilindi.
Umuman, “Mahsulotning umumiy xavfsizligi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini qabul qilish maqsadga muvofiq ekani taʼkidlandi.
Sohada institutsional oʻzgarishlar amalga oshiriladi. Texnik tartibga solish agentligi tarkibidagi tashkilotlar “Oʻztest” markazini tugatish va Akkreditatsiya markazini Vazirlar Mahkamasi boʻysunuviga oʻtkazish orqali 5 tadan 3 taga qisqartirilishi belgilandi.
Sinov va sertifikatlash xizmatlarini toʻliq xususiy sektorga berish taklif qilindi. Ayni paytda xususiy sektorda barcha sohalarni qamrab olgan 207 ta sinov laboratoriyasi va 73 ta sertifikatlash idorasi faoliyat yuritmoqda. Sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida Angliyaning “Intertek”, Shveytsariyaning “SGS” Fransiyaning “Bureau Veritas”, Germaniyaning “TÜV” kabi yetakchi xalqaro kompaniyalari jalb qilinadi.
Taqdimotda “SUz” milliy muvofiqlik belgisini joriy etish, akkreditatsiya organining mustaqilligini taʼminlash, sinov laboratoriyalari faoliyatini raqamlashtirish, metrologiya tizimini isloh qilish hamda etalon bazasini kengaytirish masalalari ham koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari bildirilgan taklif va tashabbuslar yuzasidan tadbirkorlarning fikr-mulohazalarini tingladi hamda yangi tizimni joriy qilish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.


