27.01.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali taʼminlash boʻyicha namunaviy amaliyotni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Davlatimiz rahbari Toshkent shahri respublikaning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy markazi sifatidagi oʻrnini yanada mustahkamlaganini, bir soʻz bilan aytganda, poytaxtda iqtisodiy rivojlanish darajasi sezilarli oshganini taʼkidladi.
Shu bilan birga, qayerda hayot yaxshilansa, daromad koʻpaysa, oʻsha yerda “yengil pul topish” harakatida boʻlgan jinoiy tuzilmalar ham faollashib, jinoyatning yangi usul va vositalari ham, eng avvalo, shu yerda paydo boʻladi.
Lekin huquq-tartibot tizimi poytaxtdagi yangiliklarga mos ishlamayotgani koʻrsatib oʻtildi. Poytaxtning huquq-tartibot idoralari rahbarlari respublikaga namuna boʻlmayotgani, buning uchun poytaxtda resurs ham, kuch-vositalar ham, ilmiy salohiyat ham yetarli boʻlishiga qaramasdan, haligacha eski “qolip”dan chiqib keta olmayotgani tanqid qilindi.
Har qanday huquqbuzarlikning oldini olishda asosiy boʻgʻin – mahalla profilaktikasi. Biroq Toshkent shahridagi profilaktika xizmatlarining ishi toʻgʻri tashkil etilmagani uchun muammolar toʻplanib qolgani qayd etildi.
Respublikadagi 208 ta tuman ichida Chilonzor oilaviy zoʻravonlik, talonchilik, bezorilik boʻyicha, Yunusobod bosqinchilik boʻyicha birinchi oʻrinda. Yoki oʻtgan yili Yashnobod va Mirobodda qotillik, Olmazorda tan jarohati, Shayxontohurda talonchilik holatlari eng koʻp boʻlgan.
Shu munosabat bilan Toshkent shahar IIBB boshligʻi R.Sultonxoʻjayev, Toshkent shahar prokurori vazifasini bajaruvchi A.Oʻrmonovga “hayfsan” berilib, olti oylik sinov muddati tayinlanishi belgilandi.
Yirik bozorlar va gavjum joylarda jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha gvardiya, ichki ishlar va favqulodda vaziyatlar idoralarining hamkorligi yetarli emasligi koʻrsatib oʻtildi.
Ichki ishlar vazirining axborot texnologiyalariga masʼul oʻrinbosarining tizimni raqamlashtirish boʻyicha ishlarida hali sezilarli natija koʻrinmayotgani tanqid qilindi. Vazirlikdagi kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining ishi sustligi qayd etildi.
Prezidentimiz narkojinoyatchilik va uyushgan guruhlarga qarshi kurash boʻyicha narkokanallarning oxirgi manbasi va homiylarigacha yetib borish uchun masʼullarda qatʼiyat yoʻqligini tanqid qildi.
Chet elga borib olib, uyushgan jinoiy guruhlar tashkil qilgan, u yerda oʻzimizning fuqarolarni ham talayotgan shaxslar faoliyatiga chek qoʻyishdagi sustkashliklar qayd etildi.
Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish va soliq maʼmurchiligi boʻyicha poytaxt soliq organlarining ishi mutlaqo qoniqarsiz ekani taʼkidlandi. Soliq qoʻmitasida qoʻshilgan qiymat soligʻidan sunʼiy ortiqcha toʻlov hosil qilish orqali uni budjetdan noqonuniy qoplash holatlari koʻpaygan.
Ushbu yoʻnalishlarga javobgar boʻlgan qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari M.Mirzayev ishdan olindi.
Davlatimiz rahbari “Oʻzbekneftegaz” AJ va Davlat aktivlarini boshqarish agentligida milliardlab soʻmlik talon-torojliklar aniqlanganini maʼlum qildi.
Misol uchun, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining mansabdor shaxslari bozor qiymati kamida 250 milliard soʻmlik yer uchastkasini yopiq auksionga chiqarib, 120 milliard soʻmga sotib yuborgan. Shu bois, agentlik direktori A.Ortiqov ishdan olindi.
Yaqinda Administratsiya va davlat idoralarida komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Qisqa muddatda budjetga tushum, talon-toroj, moliyaviy kamchiliklar boʻyicha 53 trillion soʻm va tashqi savdo operatsiyada 8 milliard dollardan ortiq qarzdorlik aniqlangani oʻta ayanchli holat ekani qayd etildi. Korrupsiyaviy sxemalar boʻyicha 4,2 trillion soʻm zarar aniqlanib, 1,3 trillion soʻmi undirildi, 55 nafar shaxs qamoqqa olindi.
Masalan, Ichki ishlar vazirligi tizimida davlat xaridlarida 186 milliard soʻm budjet mablagʻi oʻzlashtirilgani aniqlanib, vazir oʻrinbosari B.Abdullayev va departament boshligʻi R.Tursunovga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Davlat idoralari va korxonalarida xavfsizlik uchun masʼullar faoliyatini ham tanqidiy qayta koʻrib chiqish vaqti kelgani qayd etildi.
Masʼul idoralar uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatchilik va yashirin iqtisodiyot boʻyicha jilovni qoʻlga olishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.
Ushbu 4 ta yoʻnalish boʻyicha mutlaqo yangi tizim yaratilib, jarayon birinchi navbatda Toshkent shahrida boshlanadi. Jumladan, xavfsiz muhit yaratish boʻyicha “poytaxt namunasi” joriy etiladi.
Prezidentimiz yangi tizimni Chilonzor tumani misolida tushuntirib berdi.
Tumanda jamoat xavfsizligi kuch-vositalarini boshqarish yangicha tashkil qilinadi. Patrul-post, yoʻl-patrul, qoʻriqlash va profilaktika xizmatlari tun-u kun 3 smenali xizmat rejimiga oʻtadi. Patrul guruhlariga huquqbuzarlik toʻgʻrisida xabar kelib tushganda, voqea joyiga 5 daqiqa ichida yetib keladigan tizim boʻladi.
Tumandagi 5 ta ichki ishlar boʻlimi boshligʻi oʻrinbosarlari tungi xizmatni bevosita mahallalarda tashkil qiladi. Ular tungi vaqtda oʻz boshliqlariga berilgan barcha vakolatga ega boʻladi, mustaqil qaror qabul qiladi va masʼuliyatni ham toʻliq zimmasiga oladi.
Ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlariga tungi xizmatining har soatiga bazaviy hisoblashning 5 foizi miqdorida kompensatsiya toʻlanishi belgilandi.
Ilgʻor tajriba asosida aholi gavjum joylarda dron yordamida patrullik kuzatuvi yoʻlga qoʻyiladi.
Chilonzor tumani ichki ishlar xodimlari sohasi va hududidan qatʼi nazar, fuqaro murojaatini qabul qiladi, koʻchada formali xodimga qilingan murojaat “102”ga xabar bergan bilan teng boʻladi.
Tumandagi barcha 55 ta mahalladagi profilaktika inspektorining xizmat xonasi eshigi u bilan tezkor bogʻlanish uchun aloqa tugmasi bilan jihozlanadi.
Yaʼni profilaktika inspektori qayerda boʻlmasin, aholi uni qoʻl telefoni va planshetiga tun-u kun bogʻlanishi mumkin boʻladi.
Davlatimiz rahbari narkojinoyatlarga qarshi kurash masalasiga alohida toʻxtaldi.
Sintetik narkotiklarning 95 foizi internet orqali tarqatilib, toʻlov kriptovalyutada boʻlayotgani, narkolaboratoriyalar mamlakat ichida ochilayotgani qayd etildi.
Shuningdek, qonunchilikda davlat organlarining bu boradagi vazifalari ham aniq koʻrsatilmagan. Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligi faqat tahlil va xalqaro hamkorlik bilan cheklanib qolgani tanqid qilindi. Endilikda agentlikning masʼuliyati kuchaytirilib, unga mutasaddi idoralar ishini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va baho berish vakolati beriladi.
Mutasaddilarga transchegaraviy va virtual maydonda uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha yaxlit tizimni yoʻlga qoʻyish topshirildi. Ichki ishlar vazirligida uyushgan jinoyatchilik boʻyicha alohida xizmat tashkil qilinadi.
Oʻtgan yili poytaxtda ushlangan uyushgan jinoiy guruhlar tarkibida 259 nafar “ogʻir” toifadagi yoshlar va sportchilar boʻlgani oʻta tashvishli hol ekani qayd etildi.
Sportchilarning aksariyati koʻcha bezorisiga aylanib ketayotgani, joylarda pul uchun yashirin janglar tashkil qilish holatlari koʻpaygani qayd etildi. Mutasaddilarga bu yoʻnalishda nazoratni taʼminlash, jangovar sport turlari bilan shugʻullanayotgan yoshlarni kasbga oʻqitib, salohiyatiga mos ish bilan band qilish tizimini yaratish topshirildi.
Bugun turli radikal va ekstremistik gʻoyalar axborot texnologiyalari orqali yoshlarimiz ongini zaharlashga urinyapti. Faqat jazo va taqiq bilan bu muammoni hal qilib boʻlmasligi taʼkidlandi.
Bundan buyon poytaxtning har bir tumanida “Qaytaruv guruhlari” faoliyati doimiy asosda tashkil qilinadi.
Kiberjinoyatlar kundan-kunga koʻpayib, uning turlari 18 tadan 62 taga chiqdi. Ayniqsa, shaxsiy maʼlumotlarni oʻgʻirlash, sunʼiy intellekt orqali ovoz va yuz qiyofasini oʻxshatish, zararli fayllarni tarqatish avj olyapti. Oʻzlashtirilgan mablagʻlar kriptovalyuta shaklida chetga chiqarilmoqda.
Bularni tezkor fosh etish va toʻxtatish uchun huquq-tartibot xodimlari kibertexnologiyalar va sunʼiy intellektni mukammal egallashi lozimligi qayd etildi.
Shu bois, Ichki ishlar vazirligida kiberjinoyatchilik boʻyicha alohida departament tashkil qilinadi va unga vazirning oʻzi masʼul boʻladi. Adliya vazirligida kiberjinoyatchilik va raqamli huquq boʻyicha alohida boshqarma ochiladi.
Kadrlar qoʻnimsizligiga barham berish, malakali va fidoyi kadrlarni ragʻbatlantirish doimiy eʼtiborda boʻlishi taʼkidlandi.
Shu bois, profilaktika inspektorlarini yanada qoʻllab-quvvatlash va ularning jamiyatdagi obroʻsini oshirish boʻyicha qator yangiliklar eʼlon qilindi.
Jumladan, joriy yil 1-iyuldan poytaxtdagi profilaktika xodimlariga aynan shu sohada koʻp yillik staji uchun 5 million soʻmgacha oylik ustama beriladi. 1-fevraldan yuridik oliygohni bitirib, ichki ishlar tizimiga ishga kirganlarga oliygohda oʻqigan davri ham stajga qoʻshiladi. Viloyatdan kelib, poytaxt ichki ishlar idoralarida ishlayotgan xodimlarning uy ijarasiga oylik toʻlov 1,8 million soʻmdan 3,1 million soʻmga oshiriladi. Ichki ishlar xodimlari uchun qurilayotgan uylarning 30 foizi faqat profilaktika inspektorlariga beriladi.
Mutasaddilarga ichki ishlar organlarining aholi bilan bevosita ishlovchi, jamoat xavfsizligi va jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi tuzilmalarini yangi tizimga oʻtkazish boʻyicha farmon loyihasini kiritish topshirildi.
Ushbu boʻlinmalar uchun xizmatni oʻtash, muomala madaniyati, tezkor harakatlanish, kuch va qurol ishlatish boʻyicha yagona standartlar joriy etilib, ular servis tuzilmaga aylanishi belgilandi.
Adliya tizimini ham kuchaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Bu borada birinchi qadam sifatida Adliya vazirligi tomonidan huquq-tartibot idoralarining faoliyatini “huquqiy audit”dan oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. “Huquqni muhofaza qilish faoliyati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, adliya organlarining aniq roli, yangi vazifa va vakolatlari belgilanadi.
Davlatimiz rahbari muhokama qilingan boshqa sohalarda ham mavjud qonun hujjatlarini takomillashtirish, yangilarini qabul qilish zarurligini taʼkidladi.
Faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻygan masʼullarga javobgarlik choralari belgilandi, ularga nisbatan qonun ustuvorligini taʼminlash topshirildi.
Yigʻilishda huquq-tartibot idoralari rahbarlarining hisobotlari tinglandi.


