30.12.2025
Yangi Toshkentda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishuv davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev Chirchiq daryosi ustidan yangi ko‘prik hamda metro bekati bilan birlashtirilgan avtoturargoh barpo etish ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Poytaxt va Yangi Toshkent oʻrtasida transport aloqalarini mustahkamlash, transport oqimini samarali boshqarish hamda aholi uchun qulay harakat muhitini yaratishga qaratilgan mazkur loyihalar shahar infratuzilmasini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yangi koʻprik Toshkent va Yangi Toshkentni bogʻlaydi. Bir sutkada 40-50 mingta avtotransport vositasini oʻtkazish quvvatiga ega boʻladi. Qurilish ishlari joriy yil oxirida boshlangan boʻlib, ayni paytga kelib loyihaning dastlabki qismi amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Sohil hududlari koʻkalamzorlashtiriladi, energiya tejamkor yoritish tizimlari oʻrnatiladi, piyodalar va velosiped yoʻlaklari barpo etiladi. Shuningdek, koʻprik orqali ikki tasmali tramvay yoʻli yotqizilishi rejalashtirilgan.
Yangi Toshkentni Toshkent shahri bilan bogʻlaydigan boʻlajak metro liniyasining uzunligi 21 kilometrni tashkil etib, 9 ta zamonaviy bekatni oʻz ichiga oladi. U kuniga 230 ming nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻladi. Liniya poytaxt metrosining mavjud tarmoqlari bilan toʻliq integratsiya qilinadi, bu esa yoʻlovchilar uchun yagona va uzluksiz transport tizimini shakllantiradi.
Davlatimiz rahbari boʻlajak liniyaning avtoturargoh bilan integratsiyalashgan bekatlaridan birining qurilish jarayoni bilan tanishdi.
Metro bekati bilan integratsiyalashgan avtoturargoh 20 ming kvadrat metr maydonda barpo etiladi, unda avtomobillar, piyodalar va jamoat transporti harakati aniq ajratilib, xavfsizlik va funksionallikka ustuvor ahamiyat beriladi.
Ayni paytda hududda yer ishlari va beton quyish ishlari olib borilmoqda. Majmua 2027-yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Prezidentimiz loyihalarning Yangi Toshkent uchun strategik ahamiyatini taʼkidlab, qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda, yuqori sifatda amalga oshirish boʻyicha oʻz tavsiyalarini berdi.


