24.12.2025
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining FarmoniO‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini samarali tashkil etish hamda jamiyatda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllariga bo‘lgan murosasizlik muhitini shakllantirish, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish maqsadida qaror qilaman:
I. Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi
1. O‘zbekiston Respublikasi Bogota harakatlar chaqiruviga qo‘shilgani hamda Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka chek qo‘yish bo‘yicha global alyans a’zoligiga qabul qilinganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
(a)2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi 1-ilovaga muvofiq;
(b) Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini 2026–2027-yillarda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
II. Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllariga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish
3. Belgilansinki, 2026-yil 1-fevraldan boshlab:
(a) zo‘ravonlik natijasida oilasidan olingan va o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan, shuningdek, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Bunda:
(i) professional tutingan oilani tashkil etishga nomzodlar zo‘ravonlikdan jabrlangan va o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan, shuningdek, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalardagi (keyingi o‘rinlarda – ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar) zo‘ravonlik natijasida olingan ruhiy jarohatning salbiy ta’sirini kamaytirish, xulq-atvoridagi og‘ishishlarni yoki oila a’zolari, tengdoshlari bilan munosabatlaridagi buzilishlarni va ularning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan ijtimoiy-reabilitatsiya dasturlari asosida o‘qitiladi;
(ii) zo‘ravonlik natijasida oilasidan olingan ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar professional tutingan oilaga “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va mazkur oilalar o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida joylashtiriladi;
(iii) professional tutingan oilaga har bir joylashtirilgan bolani parvarishlash uchun har oyda Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 2 baravari miqdorida mablag‘ to‘lab boriladi;
(iv) professional tutingan oilaga joylashtirilgan har bir bolaning yashash xarajatlari uchun Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilarining yashash xarajatlari uchun belgilangan miqdorlarda mablag‘ ajratiladi;
(b) dastlab Qashqadaryo, Navoiy va Xorazm viloyatlarida, 2026-yil yakuniga qadar respublikaning boshqa hududlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar uchun Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimida kichik hajmli ijtimoiy ko‘mak markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
(v) jinsiy zo‘ravonlikdan jabrlanganligi tufayli oilasidan olingan bolalar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazining hududiy markazlariga ham boshqalardan alohida joylashtirilishi mumkin.
4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2026-yil 1-sentabrdan boshlab:
(a) zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga va zo‘ravonlikka guvoh bo‘lgan bolalarga ular tegishli protsessual xatti-harakatlarga jalb etilgan vaqtdan e’tiboran davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladi;
(b) bolalarga nisbatan ularning qonuniy vakillari yoki boshqa qarindoshlari tomonidan zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha ishni sudga qadar yuritish va sud muhokamasi jarayonlaridagi barcha protsessual harakatlarni amalga oshirishda vasiylik va homiylik organi vakili majburiy tartibda ishtirok etadi;
(v) zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarning dastlabki ko‘rsatuvlari majburiy tartibda videoyozuv orqali qayd etiladi;
(g) mulkchilik shaklidan qat’i nazar ta’lim, sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish tashkilotlari xodimlari tomonidan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq aniqlangan faktlar haqida xabar bermaganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etiladi.
5. Ichki ishlar vazirligi Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va manfaatdor idoralar bilan birgalikda:
(a) uch oy muddatda qonunchilikka mazkur Farmonning 4-bandidan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini;
(b) olti oy muddatda bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etish bilan bog‘liq ishlar doirasida bolalar va gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘rtasida yuzlashtirish tergov harakatini faqat tergovchi va prokurorning qarori yoki sudning ajrimi bilan o‘tkazish tizimini joriy etish bo‘yicha qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Vazirlar Mahkamasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflariga rozilik berilsin:
(a) Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi va Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasini tugatish;
(b) davlat muassasasi shaklida Bolalarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy integratsiya markazi hamda uning Samarqand, Farg‘ona, Xorazm va Buxoro viloyatlarida mintaqaviy bo‘linmalarini tashkil etish.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi ikki oy muddatda Bolalarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy integratsiya markazi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
III. Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalar hamda ularning oilalari uchun ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish
7. Belgilansinki, 2026-yil 1-martdan boshlab “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ota-onalari (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslari) uchun “mehrli oila” xizmati tashkil etiladi. Bunda:
(a) “mehrli oila” xizmati Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Bolalarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy integratsiya markazi tomonidan tashkil etiladi;
(b) “mehrli oila” xizmatiga ota-onalar (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) Bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tuman (shahar) komissiyalarining qarori asosida jalb qilinadi;
(v) “mehrli oila” xizmatiga jalb qilingan ota-onalar (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)ga farzandlarining psixofizik xususiyatlarini inobatga olgan holda oilasi bilan buzilgan munosabatlarni tiklash va ularning ijtimoiylashuviga ko‘maklashish uchun “oilaviy terapiya” xizmatlari bepul ko‘rsatiladi.
8. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
(a) ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar ularning xulq-atvori, iqtidori va qiziqishlarini inobatga olgan holda o‘quv yili davomida 3-ilovada nazarda tutilgan ta’lim tashkilotlariga Bolalar masalalari bo‘yicha tuman (shahar) komissiyasi qaroriga ko‘ra, Ijtimoiy himoya milliy agentligining yo‘llanmasiga muvofiq joylashtirilishi mumkin. Bunda:
(i) yo‘llanma asosida yuboriladigan ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar ta’lim tashkilotlariga bepul asosda, sinovlar va qo‘shimcha imtihonlarsiz qabul qilinadi;
(ii) ta’til vaqtida ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalarni ota-onasi (ularning o‘rnini bosuvchi shaxs)ga qaytarish imkoni bo‘lmagan taqdirda, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan ushbu bolalarni o‘quv jarayoni boshlangunga qadar vaqtinchalik muqobil joylashtirish choralari ko‘riladi;
(iii) yo‘llanma asosida joylashtirilgan ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bola tegishli ta’lim tashkilotining o‘quv ishlari bo‘yicha direktori o‘rinbosariga biriktiriladi hamda uning xulq-atvori va o‘zlashtirishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar har chorakda uning yashash joyidagi Bolalar masalalari bo‘yicha tuman (shahar) komissiyasiga kiritiladi;
(b) har o‘quv yili yakunida vazirlik va idoralar tomonidan tasarrufidagi ta’lim tashkilotlarining qabul kvotasini tasdiqlashda ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar uchun 5 foizgacha qo‘shimcha kvota ajratiladi va bu to‘g‘risidagi ma’lumot Ijtimoiy himoya milliy agentligiga taqdim etiladi.
9. Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “A.I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti” Federal davlat budjeti oliy ta’lim muassasasining (Rossiya Federatsiyasi) Toshkent shahridagi “A.I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti” Federal davlat budjeti oliy ta’lim muassasasi filialini Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi tuzilmasiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
10. Quyidagilar Toshkent shahridagi “A.I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti” Federal davlat budjeti oliy ta’lim muassasasi filiali faoliyatining qo‘shimcha yo‘nalishlari sifatida belgilansin:
(a) inklyuziv va maxsus ta’lim, gerontologiya, psixologiya, ijtimoiy pedagogika, adaptiv sport, hayot faoliyatining turli sohalarida ijtimoiy ish, oilalar va bolalarni ijtimoiy himoya qilish hamda ijtimoiy xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash;
(b) inklyuziv va maxsus ta’lim hamda adaptiv sport turlari bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
(v) inklyuziv va maxsus ta’lim, gerontologiya, psixologiya, ijtimoiy pedagogika hamda adaptiv sport yo‘nalishlarida tadqiqotlar o‘tkazish;
(g) inklyuziv va maxsus ta’lim, gerontologiya, psixologiya, ijtimoiy pedagogika va adaptiv sport yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim dasturlarini ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish, shuningdek, ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha standartlarni ekspertizadan o‘tkazish.
11. Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya zimmasiga quyidagi qo‘shimcha funksiyalar yuklansin:
(a) bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish faoliyatini amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, Bolalar masalalari bo‘yicha hududiy komissiyalar tomonidan ko‘rilayotgan choralarning natijadorligini o‘rganish;
(b) oilada bolaga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olishda ota-onalar (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)ning mas’uliyati va hayotiy ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralarning samaradorligini muhokama qilib borish;
(v) qo‘shimcha kvota asosida ta’lim tashkilotlariga qabul qilingan ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalarning xulq-atvori va o‘zlashtirishini tahlil qilish.
IV. Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish
12. Raqamli texnologiyalar vazirligi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura va Oliy sud bilan birgalikda 2026-yil 1-aprelga qadar Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar hamda zo‘ravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar haqidagi ma’lumotlarni almashish va ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yagona elektron platforma (keyingi o‘rinlarda – platforma)ni ishlab chiqsin. Bunda:
(a) platforma davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari hamda “112” qisqa raqam orqali fuqarolarning chaqiruvlarini qabul qilish va avtomatlashtirilgan tarzda qayta ishlash imkonini beruvchi yagona dispetcherlik xizmati bilan “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali integratsiya qilinadi;
(b) bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holatlarining yagona statistika hisobi va hisobotini yuritish, statistika organlariga taqdim etish, shuningdek, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning har bir bosqichini kuzatib borish imkoniyati yaratiladi.
V. Farmon ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat
13. Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Oliy sud, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Adliya vazirligi 2026-yil 1-fevraldan boshlab reja-grafik asosida zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalar bilan protsessual harakatlar davomida ishlashga mas’ul bo‘lgan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudyalar, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimi xodimlari, shuningdek, advokatlarning surishtiruv, dastlabki tergov va sud protsessida bolalar bilan ishlashning maxsus usullariga oid kasbiy tayyorgarligi va malakasini oshirish uchun milliy va xorijiy ekspert hamda mutaxassislarni jalb etgan holda qisqa muddatli kurslarda o‘qitilishini tashkil etsin.
14. Quyidagilar:
(a) Ijtimoiy himoya milliy agentligi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda:
(i) mazkur Farmonning mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilishini ta’minlasin;
(ii) jamiyatda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka bo‘lgan murosasizlik muhitini yaratish, bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga qaratilgan targ‘ibot materiallari (tarqatma materiallar, ko‘rgazmali targ‘ibot vositalari, videoroliklar, buklet va flayerlar) tayyorlanishini hamda jamoat joylarida, shu jumladan, sog‘liqni saqlash muassasalari va barcha ta’lim tashkilotlarida keng targ‘ibotini tashkil qilsin;
(b)Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
16. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy himoya bo‘yicha maslahatchisi – Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori M.P. Olloyorov belgilansin.
17. Farmon ijrosini nazorat qilish va ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. Mirziyoyev


