21.10.2016
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyati samaradorligini oshirish, aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlash maqsadida:
1. Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash, shuningdek odil sudlovga erishish darajasini oshirish sud-huquq tizimini yanada isloh qilish sohasida davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin.
Davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarining muhim vazifalari sifatida quyidagilar belgilansin:
sud hokimiyatining mustaqilligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normalarga va odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipiga og‘ishmay amal qilinishini ta’minlash;
fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qilish holatlari yuzasidan zudlik bilan zarur choralar ko‘rish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘z vaqtida hal etish, murojaatlarni ko‘rib chiqishda sansalorlik va befarq munosabatda bo‘lish holatlariga yo‘l qo‘yganlik uchun jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash, shuningdek buzilgan huquqlarni tiklash bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rish;
faoliyatning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va aholi bilan hamkorlik qilishning samarali mexanizmlarini keng qo‘llash;
faoliyatni ish yakunlarining kompleks tahlili asosida rejalashtirish va tashkil etish, bunda e’tiborni avvalo huquqni qo‘llash amaliyoti va amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirish orqali tizimli qonunbuzarliklarning sabab va shart-sharoitlarini aniqlash hamda bartaraf etishga qaratish;
xodimlar o‘rtasida suiiste’molchilik va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktika qilish va ularga chek qo‘yish bo‘yicha idoraviy nazoratni kuchaytirish, odob-axloq qoidalariga og‘ishmay rioya etilishini ta’minlash;
yuksak axloqiy-irodaviy va kasbiy fazilatlarga ega, yuklatilgan vazifalar va amalga oshirilayotgan islohotlarning samarali bajarilishini ta’minlashga qodir bo‘lgan kadrlarni shaffof tanlov asosida ishga qabul qilish tizimini takomillashtirish;
fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan ilg‘or ilmiy-texnika vositalari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, shuningdek ishni tashkil etishning zamonaviy shakl va usullarini joriy etish.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi, Bosh prokuraturasi va Adliya vazirligining sudyalik lavozimiga birinchi marotaba besh yil muddatga va keyin o‘n yil muddatga, shundan so‘ng muddatsiz davrga tayinlash (saylash)ni nazarda tutuvchi taklifi ma’qullansin.
3. Belgilansinki, 2017-yilning 1-aprelidan:
ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan muqobil jazo turlarini qo‘llashni kengaytirish orqali qamoq tariqasidagi jinoiy jazo tugatiladi;
jinoyatni sodir etishda gumon qilingan shaxslarni ushlab turish muddati 72 soatdan 48 soatga qisqartiriladi;
qamoqqa olish va uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot choralarini qo‘llashning, shuningdek dastlabki tergovning eng ko‘p muddati 1-yildan 7 oyga qisqartiriladi;
pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlab qo‘yish va eksgumatsiya qilish uchun sanksiya berish huquqi sudlarga o‘tkaziladi;
sudlarga qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash rad etilganda muqobil ehtiyot choralarini qo‘llash huquqi beriladi;
tergovning to‘liq emasligini sud muhokamasi jarayonida to‘ldirish mexanizmlarini joriy etish orqali sud tomonidan jinoyat ishini qo‘shimcha tergov yuritishga qaytarish instituti bekor qilinadi;
fuqarolik ishi bo‘yicha sud qarorini nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqish muddati 3-yildan 1-yilga qisqartiriladi;
viloyat darajasidagi sudlar tomonidan jinoyat va fuqarolik ishlarini nazorat tartibida ko‘rib chiqish instituti tugatilib, tegishli sud raislari va prokurorlarning nazorat tartibida protest keltirish bo‘yicha vakolatlari bekor qilinadi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ishlarni nazorat tartibida ko‘rib chiqish bo‘yicha bir-birini takrorlovchi vakolatlari bekor qilinadi;
adliya organlarining umumiy yurisdiksiya sudlari faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta’minlash sohasidagi vazifa va vakolatlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga o‘tkaziladi;
xo‘jalik sudlari tizimida mintaqaviy apellatsiya sudlari tashkil etiladi.
4. Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga shaxsiy javobgarlik yuklansin.
5. Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish bo‘yicha Komissiya (keyingi o‘rinlarda – Komissiya) 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
Komissiya (I.B.Abdullayev):
vazirlik va idoralar, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari mutaxassislari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini jalb etgan holda qonun hujjatlari loyihalarini tayyorlash bo‘yicha ekspert guruhlarini tashkil etsin;
qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini chuqur tanqidiy tahlil qilish, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida Dasturda nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilishini ta’minlasin;
qonun hujjatlari loyihalarini jamoatchilik o‘rtasida, shu jumladan, davra suhbatlari, seminarlar va konferensiyalar o‘tkazish orqali keng muhokama qilishni tashkil etish choralarini ko‘rsin;
Dasturda nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli tayyorlanishi va o‘z vaqtida belgilangan tartibda kiritilishi, shuningdek boshqa tadbirlarning bajarilishi ustidan nazoratni ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi, Bosh prokuraturasi va Adliya vazirligi ilg‘or xorijiy tajribani chuqur o‘rganish asosida 2017-yil 1-iyulga qadar:
sud-prokuror xodimlari malakasini oshirish va rahbar kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish;
voyaga yetmaganlar uchun nazarda tutilgan jinoiy jazolarni liberallashtirish, protsessual harakatlarni amalga oshirishda ularning huquqiy himoyasini kuchaytirish, shuningdek sudlanganlik holatini tugatish va sudlanganlikni olib tashlash muddatlari va asoslarini qayta ko‘rib chiqish;
tomonlarning yarashganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilish institutini kengaytirish;
ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan ayrim jinoyat tarkiblarini jinoyat toifasidan chiqarish;
jinoyat ishini qo‘zg‘atish faqat jabrlanuvchining arizasiga ko‘ra amalga oshiriladigan jinoyat tarkiblari ro‘yxatini kengaytirish;
fuqarolik, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va xo‘jalik sudlarining vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish yo‘li bilan ma’muriy sudlarni tashkil etish;
elektron tartibda sud va ijro ishini yuritishning zamonaviy shakl va usullarini, shuningdek odil sudlovga erishishning ilg‘or mexanizmlarini kengroq joriy etish orqali odil sudlovni amalga oshirish sifatini yaxshilashni nazarda tutuvchi takliflarni ishlab chiqsin va kiritsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Moliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ilg‘or xorijiy tajribani chuqur o‘rganish asosida uch oylik muddatda:
davlat organlarida yuridik xizmatning faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish;
adliya organlari tizimida yuridik xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish va ularga uslubiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tuzilmalar tashkil qilishni nazarda tutuvchi takliflarni kiritsin.
8. Mazkur Farmon ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi vazifasini bajaruvchi O.B.Murodov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.A.Kokanbayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh.Mirziyoyev
Toshkent shahri,
2016-yil 21-oktabr
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud-huquq
tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga
ShARH
Mustaqillik yillarida amalga oshirilgan islohotlar sud-huquq sohasini demokratlashtirish va erkinlashtirishga, sud hokimiyatining fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi roli va ahamiyatini oshirishga zamin yaratdi.
Shu bilan birga, mamlakatni rivojlantirishning zamonaviy talablari va strategik ustuvor vazifalari sud-huquq tizimini yanada takomillashtirishni talab etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mazkur sohadagi davlat siyosatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarib, quyidagi uchta asosiy ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi:
sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash;
fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish;
odil sudlovga erishish darajasini oshirish.
Mazkur ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish maqsadida sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarining muhim vazifalari etib:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 112-moddasida belgilangan sudyalar mustaqilligi, ularning faqat qonunga bo‘ysunishi va odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipiga og‘ishmay amal qilinishini ta’minlash;
fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularga tajovuz qilish holatlari yuzasidan barcha zarur choralarni ko‘rish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibini buzish va sansalorlikka yo‘l qo‘ymaslik;
tegishli axborotni o‘z vaqtida jamoatchilikka yetkazish orqali faoliyatning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari hamda aholi bilan hamkorlik samaradorligini oshirish;
huquqni qo‘llash amaliyoti va amaldagi qonunchilikni takomillashtirish orqali tizimli kamchilik va qonunbuzilishlarni aniqlash va bartaraf etish, ish faoliyatiga ilg‘or ilmiy-texnika vositalari hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish;
idoraviy nazoratni kuchaytirish, xodimlar o‘rtasida suiiste’molchilik va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga chek qo‘yish, kadrlar tarkibini sifat jihatidan yaxshilash, kadrlarni tanlashning eng munosib nomzodlarni ishga qabul qilishni ta’minlaydigan zamonaviy mexanizmlarini joriy etish belgilandi.
Farmonga muvofiq sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, kasbiy nufuzini oshirish, yuqori malakali va samarali faoliyat yurituvchi sud korpusini shakllantirish maqsadida ilk bor sudyalarning vakolat muddatlari qayta ko‘rib chiqildi.
Xususan, sudyalik lavozimiga birinchi marotaba besh yil muddatga va keyin o‘n yil muddatga, shundan so‘ng muddatsiz tayinlash (saylash)ni nazarda tutuvchi tartib joriy etildi.
Kiritilayotgan bu o‘zgartishlar xalqaro standartlar va rivojlangan demokratik davlatlarning ilg‘or tajribasiga to‘liq mos keladi.
Shu bilan birga, Farmon bilan 2017-yilning 1-aprelidan jinoyat, jinoyat-protsessual, fuqarolik protsessual va boshqa qonun hujjatlariga inson huquq va erkinliklari ustuvorligini ta’minlash, sud muhokamasini adolatli va o‘z vaqtida o‘tkazish, jazoning adolatli va insoniyligi kafolatlarini kuchaytirishni inobatga olgan holda odil sudlov samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Jumladan, qamoq tarzidagi jinoiy jazo turi tugatilib, uning o‘rniga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoning muqobil turlarini qo‘llash imkoniyati kengaytirilmoqda.
Ya’ni jinoiy jazolar tizimidan nisbatan qattiq ta’sir choralaridan biri chiqarilayotganligi jinoiy jazolarni liberallashtirishga, huquqbuzarlarga nisbatan tarbiyaviy-tuzatish ta’sir choralarining ilg‘or shakl va uslublarini keng qo‘llash bo‘yicha olib borilayotgan siyosatning mantiqiy davomi hisoblanadi.
Jinoyat protsessida fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini kuchaytirish, jinoyat ishlarini tergov qilishning tezkorligini oshirish doirasida:
jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxslarni ushlab turish muddati 72 soatdan 48 soatga;
qamoqqa olish va uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot choralarini qo‘llashning, shuningdek jinoyat ishlari bo‘yicha dastlabki tergovning eng ko‘p muddatlari 1-yildan 7 oyga qisqartirilmoqda.
Ushbu choralarning joriy etilishi, bir tomondan, fuqarolarning erkinligini asossiz cheklash holatlaridan himoya qilinishini, ikkinchi tomondan, surishtiruv va tergov organlarining mas’uliyati va faoliyati samaradorligi oshishini ta’minlaydi.
“Xabeas korpus” instituti qo‘llanishini yanada kengaytirish doirasida prokurorlarning pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlab qo‘yish va eksgumatsiya qilish kabi tergov harakatlarini o‘tkazishga sanksiya berish bo‘yicha vakolatlari sudlarga o‘tkazilmoqda.
Bu o‘zgartishlar insonning shaxsiy huquq va erkinliklari daxlsizligi, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emasligi haqidagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalariga to‘la mos keladi.
Bundan tashqari, sudga qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash rad etilgan taqdirda muqobil ehtiyot chorasini qo‘llash imkoniyati berilmoqda.
Sudda ish yuritish tezkorligi va sifatini oshirish, ish bo‘yicha yakuniy qarorlar qabul qilish muddatlarini asossiz kechiktirishni bartaraf etish, sudlarning jinoyat protsessidagi rolini oshirishga qaratilgan yangilik sifatida sud tomonidan jinoyat ishini qo‘shimcha tergovga qaytarish institutining bekor qilinayotganligini alohida ta’kidlash joiz.
Fuqarolik ishi bo‘yicha sud qarorini nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqish imkoniyatini beruvchi muddatning 3-yildan 1-yilga qisqartirilishi esa, fuqarolik huquqiy munosabatlarning barqarorligi, fuqarolik protsessi ishtirokchilarining huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini qayta ko‘rib chiqishning amaldagi tizimini takomillashtirish, shuningdek sud protsessi muddatlari va sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi ortiqcha oraliq instansiyalarni bartaraf etish maqsadida Farmonda viloyat darajasidagi sudlar tomonidan fuqarolik va jinoyat ishlarini nazorat tartibida qayta ko‘rish bo‘yicha bir-birini takrorlovchi instansiyalari tugatilib, o‘z navbatida, tegishli sud raislari va prokurorlarning nazorat tartibida protest keltirish vakolati bekor qilinishi nazarda tutildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ishlarni nazorat tartibida ko‘rishga oid bir-birini takrorlovchi vakolatlari bekor qilinmoqda.
Ortiqcha va bir-birini takrorlovchi instansiyalarning bekor qilinishi aynan bir nazorat instansiyasi tomonidan ishlarning bir necha bor ko‘rib chiqilishini oldini oladi, sud qarorlarining uzil-kesilligi va barqarorligini ta’minlab, fuqarolarning sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada oshiradi.
Shuningdek Farmonda viloyat xo‘jalik sudlarining qarorlarini o‘zlari tomonidan qayta ko‘rish vakolatini cheklash maqsadida ushbu sudlar tizimida mintaqaviy apellatsiya sudlarini tashkil etish nazarda tutildi.
Farmonning sud hokimiyati mustaqilligi asoslarini mustahkamlovchi alohida ahamiyatli tomoni adliya organlarining umumiy yurisdiksiya sudlari faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta’minlash bo‘yicha vazifa va vakolatlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga o‘tkazilayotganidir.
Ushbu chora sudlarning mustaqilligi va ularning faoliyatiga aralashmaslikning qo‘shimcha kafolatlarini yaratadi.
Shu bilan birga, Farmonga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi, Bosh prokuraturasi va boshqa manfaatdor idoralarga 2017-yil 1-iyulga qadar ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda quyidagi masalalar bo‘yicha asoslantirilgan takliflar tayyorlash topshirildi:
sud-prokuror xodimlarining malakasini oshirish va rahbar kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish;
protsessual harakatlarni amalga oshirishda voyaga yetmaganlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, jinoiy jazolarni liberallashtirish, shuningdek sudlanganlik holatini tugatish va sudlanganlikni olib tashlash muddatlari va asoslarini qayta ko‘rib chiqish;
o‘zbek xalqining ezgulik va rahmdillik kabi ko‘p asrlik an’analariga mos bo‘lgan yarashuv institutini jinoyat protsessida qo‘llash doirasini kengaytirish. Bu norma qonunni chetlab o‘tgan, sodir etgan qilmishidan pushaymon bo‘lgan va yetkazilgan ziyonni qoplagan fuqarolarni javobgarlikdan ozod qilish imkonini beradi;
ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan ayrim turdagi jinoyat tarkiblarini jinoyat toifasidan chiqarish;
jabrlanuvchining arizasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi mumkin bo‘lgan jinoyat tarkiblari ro‘yxatini kengaytirish;
elektron tartibda sud va ijro ishi yuritishning zamonaviy shakl va usullarini, odil sudlovga erishishning ilg‘or mexanizmlarini joriy etish orqali odil sudlov sifatini oshirish. Bu tashabbusning amalga oshirilishi sud faoliyatining samaradorligiga, shuningdek “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi Qonunni amalga oshirish doirasida respublikani rivojlantirishning zamonaviy bosqichi talablariga to‘liq asoslangan odil sudlovning jamoatchilik uchun ochiqligi, shaffofligi va erkinligi prinsiplarini hayotga izchil tatbiq etishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, qonuniylikni ta’minlashda hamda mamlakatimizda islohotlarni samarali ro‘yobga chiqarishda yuridik xizmatlar rolini oshirish maqsadida davlat organlarining yuridik xizmatlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir aniq chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda.
Qayd etilgan asosiy vazifalar va yangi normalarni hayotga tatbiq etish uchun Farmon bilan sud-huquq tizimini rivojlantirish borasida 8 ta eng ustuvor sohalar bo‘yicha 45 ta aniq tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi Kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Farmonni ijro etish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Fuqarolik protsessual, Xo‘jalik protsessual kodekslari va bir qator boshqa qonun hujjatlariga zarur o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi.
Inson huquq va erkinliklarini himoya qilish tizimini izchil takomillashtirish va mustahkamlash maqsadida umume’tirof etilgan xalqaro standartlar asosida bir qator alohida qonunlar, shu jumladan “Jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Mediatsiya to‘g‘risida”gi, “Ma’muriy sudlov ishlarini yuritish to‘g‘risida”gi qonunlarni qabul qilish rejalashtirilmoqda.
Ushbu dasturiy hujjatning amalga oshirilishi mamlakatning sud-huquq tizimi faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash, shuningdek aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash imkonini beradi.